O‘zbekiston | 16:59 / 02.03.2021
25360
3 daqiqa o‘qiladi

«TTJda sharoit yaxshimasligi – rektorning e'tiborsizligidan. Boshqa sabab yo‘q» - Abduqodir Toshqulov

Bugun, 2 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” bo‘lib o‘tmoqda. Unda oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar joy bilan ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi masala muhokama qilinmoqda.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov deputatlarning savollariga javob berar ekan, oliy ta'lim muassasalaridagi muammolarga har bir rektor shaxsan javobgarligi, talabalar turar joylarida oddiy sharoitlar yaratilmagani, o‘zi ham bir kecha talabalar bilan tunaganini aytdi.

«Oliy ta'lim muassasalari yotoqxonalarining sharoiti yaxshi emasligi shaxsan rektorning e'tiborsizligi, OTM rahbarining o‘sha yotoqxonaga kirmasligidan, boshqa sabab yo‘q.

Har qanday OTM pul topa oladi. Chunki talabalar turar joyida yashayotgan talaba muassasa hisob-kitobidan kelib chiqib, oz bo‘lsa-da pul to‘laydi. Arzimas pul, lekin o‘sha pulni o‘ziga sarflasa ham hamma jihozini tayyor qilib qo‘ysa bo‘ladi. Chunki elektr energiyasi va boshqa xarajatlar asosiy hisobdan to‘lanadi.

Endi hozir men aytmayman, ijtimoiy tarmoqlarda chiqib, noto‘g‘ri talqin bo‘lishi mumkin. Bir kuni bir talabalar turar joyiga borib, talabalar orasida bir kecha yotdim. Bir talaba bilan uning xonasida tunni tongga ulab suhbat qilib chiqdim va undan butun sir-asrorni so‘rab oldim. Yashash sharoiti, sanuzellar holati, bir dunyo muammo bor.

Talabalar 40 foiz darslardan norozi. Jami o‘qituvchilarning 40 foizi berayotgan bilimdan norozi.

Nega yotoqxonada avtomat kir yuvish mashinalari turmasligi kerak? Hamma narsa nomiga qilib qo‘yilgan, qizlar tashqarida kir yuvadi, tashqarida kir yoyadi, bunga hech qancha xarajat ketmaydi, bunga e'tibor kerak, xolos.

Hali ham bizda professor-o‘qituvchilar “ustoz otangdek ulug‘”, deb masalaning faqatgina bir tomoniga e'tibor berishadi-da, unga farzanddek mehr qo‘yishni o‘ylab ko‘rmayapti. Agar shu munosabatni shakllantirsak, mana bunday holatlar to‘g‘ri, taqdirga bog‘liq-ku, lekin bo‘lmasdi, menimcha. Kontingent ko‘payib ketdi, deb noliydi rektorlar, guruh murabbiylariga yetarlicha haq berib ishni talab qilsa bo‘ladi-ku.

Men bularning hammasini tartibga solaman. Agar qaysi OTM guruh murabbiyiga pul topib berolmaydigan bo‘lsa, vazirlik fondidan biz pul beramiz. U pulini olib ishlashi kerak bo‘ladi», – deya ta'kidladi Abduqodir Toshqulov.

Mavzuga oid