O‘zbekiston | 15:21 / 04.03.2021
6713
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda navbatdagi yo‘l o‘tkazgich ta'mirlanib, transport harakati uchun ochildi

Bugun, 4 mart kuni, poytaxtdagi Ahmad Donish ko‘chasi bo‘ylab Amir Temur ko‘chasi bilan kesishgan joyda joylashgan avtomobillar uchun mo‘ljallangan yo‘l o‘tkazgichda kapital ta'mirlash ishlari yakunlanib, transport harakati to‘liq yo‘lga qo‘yildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” xabariga ko‘ra, yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 495,55 metr, eni esa 31,34 metr, konstruksiya qismi 291,5 metr, yondashish yo‘llarining uzunligi 165,8 metrni tashkil etadi. 

Yo‘l o‘tkazgich 1999 yilda qurilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ta'mirlash ishlari amalga oshirilmagan. Obektda ta'mirlash ishlari joriy yil 6 yanvar kuni boshlandi. Yo‘l o‘tkazgich qatnov qismidagi temir-beton konstruksiyalar almashtirildi, tayanch ustunlari, temir-beton qoplamalarining buzilgan joylari qayta tiklandi, yo‘lni ajratib turuvchi quyma beton bloklar o‘rnatildi.

Shuningdek, zamonaviy ko‘rinishga ega yoritgich ustunlari, temir-beton g‘ildirak qaytargichlar hamda bezakli metall panjaralari va to‘siqlar, temir-beton bezak plitalari o‘rnatildi.

Ma'lumot uchun, 2020 yil dekabr oyida Ahmad Donish ko‘chasidan Kichik halqa avtomobil yo‘li, Miskin va Usta Shirin ko‘chalari kesishmasidagi yo‘l o‘tkazgich kapital ta'mirlashdan chiqarilib, to‘liq foydalanishga topshirildi.

Mavzuga oid