Iqtisodiyot | 15:26 / 06.03.2021
59726
12 daqiqa o‘qiladi

QQS zachyotini bekor qilish mashmashasi. Taniqli ekspert Soliq qo‘mitasiga 6ta savol bilan chiqdi

Foto: Kun.uz

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda QQS zachyotini bekor qilish masalasida e'lon qilingan tanqidiy chiqishlarga javoban Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) axborot xizmati o‘z saytida rasmiy munosabat e'lon qildi. Bayonotda mualliflar nomi tilga olinmagan, lekin «qo‘shtirnoq ichidagi ekspertlar» deyilgan. Yaxshi, biz «qo‘shtirnoq ichidagi ekspertlar» bo‘la qolaylik.

Endi munosabatning mazmun-mohiyatiga to‘xtalamiz. DSQ axborot xizmati ushbularni ta'kidlamoqda:

  • DSQning «QQS to‘lovidan qochish «sxema»lariga qarshi faol kurashish borasida boshlangan» barcha harakatlari «mantiqiy, izchil, mavjud soliq qonunchiligi doirasida» ekanligi, xalqaro soliq ma'murchiligida keng foydalanilishi qayd etilgan;
  • 500dan ortiq «shubhali» firmalar reyestri «64ta mezonga asoslangan «Xavflarni tahlil qilish» avtomatlashtirilgan tizimi orqali amalga oshirilgani» qayd etilgan;
  • O‘tkazilgan kameral nazorat natijalari ushbu «shubhali» firmalar bilan ishlagan har bir sub'yektning qalbaki hujjatlari ortida tovarlarni sotish yoki xizmatlar ko‘rsatish kabi haqiqiy holatlar mavjud emasligini isbotlagan.

Axborot xizmatiga savollar:

1. «Xavflarni tahlil qilish» tizimi aniqlagan 64ta mezonning aynan qaysilari «shubhali» kompaniyalarni «naqdlashtiruvchilar» sirasiga qo‘shishni ta'minlaydi? Avvalroq e'lon qilingan mezonlarda «naqdlashtiruvchilar» belgisiga o‘xshash hech narsa yo‘q edi. Hozircha mutlaqo tushunarsiz holda «shubhali» va «naqdlashtiruvchi»lar DSQ terminologiyasida sinonimlarga aylanib qoldi.

2. Nega soxta kelishuv tuzgan va/yoki QQS to‘lamagan «shubhali» kompaniyalarga e'tirozlar sud tartibida bayon etilmagan?

3. Qanday qilib «kameral nazorat» mobaynida 7,5 mingdan ortiq korxonaning «shubhali» kompaniyalar bilan tuzilgan kelishuvlari soxta ekanligi aniqlangan (ya'ni DSQ o‘z shubhalarini tekshirib ko‘rgan va mo‘jiza yuz berib, tekshiruv kutilmaganda o‘zlarining haqligini ko‘rsatgan)? Bu unikal uslub ekanki, sensatsion ixtirolarni qilishga izn bersa? Marhamat qilib, o‘rtoqlashinglar.

4. Axborot xizmatining bir enlikkina xabaridan anglashiladiki, «kameral nazorat»ga ko‘ra, tadbirkorlar qandaydir «tasdiqlovchi hujjatlar» taqdim etishlari lozim bo‘lgan. Agar bunday hujjatlar taqdim etilmasa, kelishuv avtomatik ravishda soxta deb hisoblanar ekan. Men «kameral nazorat»ning mohiyatini to‘g‘ri angladimmi yoki nimadir chala aytildimi? Soliq to‘lovchilar aynan qanday hujjatlar taqdim etishlari kerak edi? Qonunchilikning qaysi me'yorlari bu hujjatlarga ega bo‘lish va ularni taqdim etish majburiyatini yuklaydi? Iltimos, javob bering.

5. DSQ sud qarorisiz, faqatgina «kontaksiz tekshiruvlar» asosida tadbirkorlarning xususiy mulki (pul mablag‘lari)ni tortib olish va hisobraqamlarini muzlatish huquqiga egami? DSQ buni qonunchilikning qaysi me'yorlari asosida qilmoqda?

6. Ha, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida soliq organlariga «tovarlar (xizmatlar) xarid qilishda zachyot (hisobga olish) huquqi qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun bitimlar tuzish natijasida vujudga kelganiga yetarli dalillar mavjud bo‘lsa, zachyotni to‘g‘rilash huquqini bekor qilish» huquqini beruvchi me'yor bor. Lekin, birinchidan, kelishuvning soxta bo‘lganini avval isbotlash kerak, hozircha jazoga mubtalo bo‘lgan 10 mingta kompaniya bo‘yicha isbotlar keltirilgani yo‘q. Ikkinchidan, hurmatli DSQ, qo‘lingizni ko‘ksingizga qo‘yib javob bering-chi, to‘langan soliq bo‘yicha zachyotning bekor qilinishi (me'yorda soliq to‘lanmagani haqida gap yo‘q) QQS ishlash prinsipiga zid emasmi? Agar soliq to‘langan bo‘lsa, u nega yana to‘lanishi kerak? Huquqning bunday qo‘llanilishi QQS to‘lash tizimini barbod etishini tushunmaysizlarmi? Nega sizlar bunday zarar yetkazuvchi me'yorni bekor qilish yoki uni qo‘llamaslik tashabbusi bilan chiqmaysizlar? (Uni qo‘llash DSQning huquqi, majburiyati emas). Iltimos, soliq tizimimiz o‘tirgan shoxni kesmanglar, uni vayron qilmanglar!

Yozganlarimga qo‘shimcha ravishda o‘quvchimiz Nikolay Sergeyevning 17 fevraldagi sharhini keltiraman:

«DSQ xatti-harakatlari kishini g‘azablantirmoqda. Bir yil muqaddam bizning korxonamiz ham DSQ tomonidan «yomon» deb topilgan qandaydir yetkazib beruvchi bilan tuzilgan kelishuv bo‘yicha QQS summasini tan olmaslik haqida shunday bildirishnoma olgan edi. O‘shanda ham hozirgidek Soliq kodeksining 15- va 266-moddalariga havola qilingan edi. Bunga javoban biz keng tushuntirish yozib bergan edik, lekin tushuntirishimizdan biror harf inobatga olingani yo‘q.

Endi voqea aynan takrorlanmoqda. Sevimli DSQ uchun Soliq kodeksining 15- va 266-moddalarini tushuntirib o‘tmoqchiman.

1. 15-moddada «lozim darajada ehtiyotkorlik» haqida so‘z boradi. Unda quyidagilar tilga olingan (so‘zma-so‘z emas, mohiyatan):

Birinchi xatboshi — soliq to‘lovchilar kontragentlarni tanlash chog‘ida lozim darajada ehtiyotkorlik qilishi shart. To‘g‘ri ko‘rsatma.

Ikkinchi xatboshi — agar yetkazib beruvchi «yomon» bo‘lib chiqsa va oldingizdagi «o‘z majburiyatlarini bajarmasdan», qo‘pol qilib aytganda, sizni «uxlatib» ketgan (ya'ni pulni olib, tovarni bermagan) bo‘lsa, bu sizning muammongiz, bu alfozda yo‘qotgan pullaringiz soliq solish bazasini kamaytirishga xizmat qilmaydi. Mutlaqo adolatli shart.

Uchinchi xatboshi — aynan DSQ soliq to‘lovchilarning statuslari haqidagi rasmiy axborot bilan ta'minlashi kerak.

Chindan ham, my.soliq.uz saytida har qanday korxonaning statusini tekshirib ko‘rish mumkin bo‘lgan sahifa bor. Qulay va foydali funksiya. Zo‘r! Lekin!

«Yaxshi emas» deb topilgan yetkazib beruvchi bizni uxlatmadi, shartnoma bo‘yicha majburiyatlarini bajardi, biz tovarni to‘liq qabul qilib oldik. Kelishuv amalga oshirilayotgan chog‘da DSQ saytida bu yetkazib beruvchi «yaxshi» QQS to‘lovchilar safida bo‘lgan. Faqat biz bilan kelishuv amalga oshganidan bir oy o‘tib «yomon»lar safiga qo‘shilgan.

Bu my.soliq.uz portalida yaqqol ko‘rinib turibdi — u yerda QQS to‘lovchining status olgan sanasi va bu statusning tugash sanasi ham ko‘rsatilgan.

Binobarin, DSQ mutlaqo qiynalmasdan, o‘zida mavjud ma'lumotlarga asoslanib, o‘zi uchun «shubhali» deb topilgan korxonalar bo‘yicha, ular rasman QQS to‘lovchisi statusiga ega bo‘lgan davr uchun kelishuvlarni filtrlab olishi mumkin (to‘g‘rirog‘i, majbur!)

Va DSQ ularning «normal» ishlab turgan davridagi kelishuvlar uchun QQS bo‘yicha e'tirozlar bildirishga haqli emas. Chunki Soliq kodeksining 15-moddasiga ko‘ra, bizning «lozim darajada ehtiyotkorligimiz» uchun barchamizni axborot bilan ta'minlash — DSQning majburiyati.

Shunday qilib, SKning 15-moddasi kelishuv amalga oshirilgan davrda DSQ rasmiy portalida QQS to‘lovchisi statusiga ega bo‘lgan korxonalar bilan amalga oshirilgan kelishuvlar bo‘yicha QQS zachyotini rad etish uchun aslo asos bo‘la olmaydi. Hech qanaqasiga! Lekin QQS zachyotini rad etish bo‘yicha e'tirozning standart matnida 15-modda asos sifatida ko‘rsatib o‘tilgan.

2. 266-modda — uning so‘nggi xatboshisida oddiy va tushunarli qilib yozib qo‘yilgan: «Agar hisobga olish (zachyot) huquqi tovarlarni (xizmatlarni) olish bo‘yicha qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitim natijasida vujudga kelganligiga oid dalillar mavjud bo‘lsa, soliq organlari hisobga olishni bekor qilishni yoki unga tuzatishni amalga oshirishga haqli».

Diqqat bilan o‘qiymiz — QALBAKI YoKI KO‘ZBO‘YaMAChILIK UChUN TUZILGAN BITIM natijasida vujudga kelganligiga oid DALILLAR MAVJUD BO‘LSA!

Boshqalarni bilmadim, lekin bizda keluvchi absolyut real (keyinchalik ishlab chiqarish maqsadida butlovchi qismlar xarid qilish), tovarlar barcha hujjatlari bilan real yetkazib berilgan, kelishuv amalga oshirilayotgan chog‘da yetkazib beruvchi QQS to‘lovchisi statusiga ega bo‘lgan.

Bizga bu bitim qalbaki bo‘lgani haqida birorta isbot taqdim etinglar! Biz QQSni yetkazib to‘lash bo‘yicha o‘tgan yilgi tushuntirishimizda aynan shuni talab qilgan edik — o‘shanda bizni hech kim eshitmadi ham, javob ham bermadi. Endi hammasi boshqatdan boshlanyapti...

Hurmatli DSQ, o‘zlaringning «dasturilamallaring» — Soliq kodeksini yaxshilab o‘qinglar. Uni diqqat bilan o‘qib, sizlarga bu kodeks bilan nimalar buyurilgan bo‘lsa, o‘shangagina rioya qilinglar. U yerda yozilmagan narsalarga jimjimador talqinlaringni to‘qib chiqarmanglar.

Faktlar va qat'iy taassuflarga ko‘ra, DSQ soliq jinoyatlarini surishtirish (albatta, ular bor, ularni aniqlash va ularga qarshi kurashish shart) asnosida o‘zining mutlaqo zaif ekanligini namoyish etib qo‘ydi.

«Obnalchilar» balandparvoz termini ostiga berkinib DSQ ularni emas, vijdonli xaridorlarni dabdala qilmoqda. Agar o‘sha «obnalchi» deyilayotganlardan kimdir budjetga QQS to‘lamagan bo‘lsa — o‘shalardan undiringlar. Boz ustiga, Soliq kodeksining 13- va 14-boblarida «soliqlar to‘lovini ta'minlash» jarayonlari aks ettirilgan.

Bizning DSB va DSQga shaxsiy kabinet hamda kiruvchi va chiquvchi elektron hisob-fakturalar reyestrining xato ishlayotgani, bu reyestrlarda ayrim bojxona hujjatlari aks ettirilmayotgani, elektron hisob-fakturalarini qayta ishlash jarayoni (oradan yarim yil o‘tib!) Vazirlar Mahkamasining 489-qarori bandlariga mos kelmayotgani haqidagi ko‘plab murojaatlarimiz va h.k.lar haqida bu yerda yozib o‘tirmayman.

Chunki, taassuflar bo‘lsinki, ushbu murojaatlarga hanuzgacha tushunarli reaksiya bildirilgani yo‘q».

Yuliy Yusupov,
Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi (CED) direktori

Mavzuga oid