O‘zbekiston | 09:03 / 06.03.2021
12656
5 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi paytlarda aholi gavjum bo‘lgan ko‘chalar, xiyobonlar, bozorlar va avtoturargohlarda tilanchilik qilayotgan shaxslar ko‘plab uchramoqda - Senat

2021 yil 4 mart kuni Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik  masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat a'zolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, Yoshlar parlamenti a'zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda qo‘mita tomonidan 2021 yil 3 fevral kuni Ichki ishlar vazirligiga respublikaning barcha hududlarida, xususan, Toshkent shahrida tilanchilik qiluvchi shaxslar soni ko‘payib ketishining oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilishini so‘rab yuborilgan murojaatiga javob ham ko‘rildi.

Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda aholi harakati gavjum bo‘lgan ko‘chalar, xiyobonlar, bozorlar va ularga tutash hududlardagi avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari hamda chorrahalarda tilanchilik qilib kelayotgan shaxslar ko‘plab uchramoqda. 

“Bu esa, o‘z navbatida, tilanchi shaxslar tomonidan fuqarolarning yurishiga qo‘ymay, avtomobil yo‘llarida esa transport vositalari harakatlanishiga xavf tug‘dirib, qat'iy turib sadaqa so‘rashi kishining ta'bini xira qilishi tabiiy. Bunday noxush holatlar aholi kayfiyatiga salbiy ta'sir etib, ularning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Biroq mamlakatimiz qonunchiligida aynan tilanchilik qilganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik masalasi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu normaning hayotda qat'iy ishlamayotgani bunday shaxslarning kundan kun ko‘payib borishiga zamin bo‘lmoqda”, deyiladi ma'lumotda.

Ichki ishlar vazirligining qo‘mita xatiga bergan javobiga ko‘ra, Patrul-post,  Yo‘l patrul xizmati hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari tomonidan ko‘chalar, xiyobonlar, bozorlar va ularga tutash hududlardagi avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari hamda avtomobil yo‘llarida hududiy ichki ishlar organlari tomonidan tegishli topshiriqlar asosida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada, yanvar va fevral oyining 20 kunlik davrida tilanchilik bilan shug‘ullanib yurgan 131 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularga nisbatan 8 mln so‘mga yaqin jarima jazosi belgilangan hamda 1 nafar huquqbuzarga nisbatan ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil yanvar oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tilanchilik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlikni joriy etishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzolagandi. 

Aeroportlarda, vokzallarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, bozorlarda va savdo majmualari hududlarida, shuningdek ularga tutash hududlarda, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, bekatlarda, yo‘llarning qatnov qismida, moddiy madaniy meros obektlari joylashgan hududlarda, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab, tilanchilik bilan shug‘ullanish tilanchilik sifatida belgilandi.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi 188−3-moddasiga muvofiq, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy kasalliklari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta'sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste'mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish esa eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi 127−1-modda tilanchilik ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishini ko‘zda tutadi.

Yuqorida sanab o‘tilgan shaxslarni jalb etgan holda tilanchilik ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tilanchilikka jalb etish takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab, boshqa shaxsni giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni iste'mol qilishga majburlagan holda sodir etilgan bo‘lsa, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bungacha Ma'muriy javobgarlik va Jinoyat kodekslarida faqatgina voyaga yetmaganlarni tilanchilikka jalb etganlik uchun chora mavjud edi.

Mavzuga oid