Sport | 14:41 / 06.03.2021
8479
4 daqiqa o‘qiladi

«Superligaga qaytdik, deyish bizga ham nasib qilsin». Farg‘ona viloyati hokimi «Neftchi» taqdimot marosimida Pro ligada g‘olib bo‘lish vazifasini qo‘ydi

Pro liga yangi mavsumi oldidan «Neftchi» klubi Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi teatr va konsert saroyida yangi futbolchilarning taqdimot marosimini o‘tkazdi. Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrullo Bozorov, klub rahbar, homiylari, muxlislar va OAV vakillari qatorida Kun.uz hamda Tribuna.uz sayti muxbirlari ishtirok etishdi.

Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona viloyatida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni, xususan futbolni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilayotganini aytib o‘tdi. Ayniqsa, professional futbol klublarini shakllantirish, mazkur sport turini haqiqiy millionlar o‘yiniga aylantirish, iqtidorli yosh futbolchilarni tanlash va tayyorlashning samarali tizimini yaratish muhim vazifaga aylanganini ta'kidladi.

«Neftchi» O‘zbekistonda katta tarixga ega klub, jamoa o‘tgan yillar davomida Osiyo maydonlarida ham o‘ynagan. Biz «Neftchi»ning avvalgi shon-shuhrati va obro‘yini tiklashni maqsad qilganmiz. Buning uchun malakali murabbiylar shtabi va Superliga klublarida to‘p surgan futbolchilardan iborat yaxshi jamoa tuzildi. Viloyat futboli rahbariyati sifatida biz va minglab farg‘onalik muxlislar «Neftchi»ni mavsum davomida qo‘llab-quvvatlaymiz va umid qilamizki jamoa ishonchimizni oqlaydi. Mavsum yakunida «Neftchi» Superligaga qaytdi, deyish va barchangizni Pro liga g‘olibligi bilan tabriklash nasib qilsin», - dedi Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Hayitboyevich va klub oldiga Superliga vazifasi qo‘yilganini ma'lum qildi.

Joriy yilgi milliy chempionatning Superliga va Pro liga bahslarida Farg‘ona viloyati sharafini «Qo‘qon-1912», «Turon», «Neftchi», «Istiqlol» jamoalari himoya qiladi. Viloyat hokimi barcha klublarga omad tiladi.

Tadbirda «Neftchi» bosh murabbiyi Ilhomjon Mo‘minjonov so‘zga chiqib, e'tibor va yaratilayotgan sharoitlar uchun viloyat hokimi va Farg‘onadagi homiy tashkilotlarga jamoa nomidan minnatdorchilik bildirdi. Rahbariyat ishonchiga yarasha jamoa Superligaga chiqish uchun bor kuch va imkoniyatini ishga solishiga va'da berdi.

«Neftchi» futbol klubining moddiy-texnik bazasi mavjud, endi uni yanada mustahkamlash, zamonaviylashtirish kabi vazifalar oldimizda turibdi. Eng asosiysi bu yil yana chiroyli o‘yinlarimiz bilan muxlislarni quvontiramiz, ularning ishonchini oqlaymiz», - dedi Ilhomjon Mo‘minjonov.

Taqdimot marosimida «Neftchi» PFK murabbiylari shtabi, futbolchilar, tarkibga kelib qo‘shilgan legionerlar, jamoa libosi va «Neftchi» PFK yangi logotipi bilan tanishtirildi.

Shundan so‘ng jamoaga yangi taklif etilgan futbolchilarning rasmiy tanishtiruv marosimi tashkil etildi. 

Quyida 2021 yilgi Pro liga musobaqalarida ishtirok etadigan «Neftchi» futbolchilarining to‘liq ro‘yxati keltirilgan:

Darvozabonlar: 1. Mashhurjon Muhammadjonov (Nasaf), 12. Shuhratillo Rahmonov, 45.Akbar To‘rayev.

Himoyachilar: 18. Saydullo Rahmatov (OKMK), 22. Umar Adhamzoda (Neftchi), 18.Shavkat Mullajonov (So‘g‘diyona), 33.Tohirjon Shamsitdinov (Navbahor), 2.Akmal Shorahmedov, 4. Shodiyor Hojimatov, 5.Darko Stanoyevich (Serbiya), 44. Darko Stanoyevich (Serbiya).

Yarimhimoyachilar: 8.Islombek Karimov, 17.Abdulloh Olimov, 7.Sobit Sindarov (Qo‘qon-1912), 6.Xudoyshukur Sattorov (Metallurg), 21.A'zamjon Aliyev (Surxon), 14.Sherzod Karimov (Surxon), 11.Izzatilla Abdullayev (Buxoro), 10.Sardor Abdunabiyev (OKMK), 77.Jasurbek Abdulbekov (Bunyodkor), 71.Ruslan Ro‘ziyev (Paxtakor).

Hujumchilar: 25.Sarvar Soliyev, (Surxon), 91.Marko Obradovich (Serbiya), 9.Otabek Zokirov (Neftchi), 99.Ulug‘bek Hoshimov (Paxtakor), 13.Abdul Aziz Yusupov (Lokomotiv). Doston Toshmatov (Neftchi).

Mavzuga oid