O‘zbekiston | 22:20 / 06.03.2021
36027
6 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors'ning bir guruh xodimlari maosh kamligidan shikoyat qildi. Ularning oyligi sezilarli kamaygan

UzAuto Motors'ning Transport tashuvlari boshqarmasi haydovchi xodimlari maoshi sezilarli qisqargan. Oyliklar kamayganidan norozi haydovchilar 6 mart kuni Asakadagi korxonaning avtoturargohida yig‘ilib, norozilik bildirdi.

UzAuto Motors haydovchisi Foziljon Muhammedov Kun.uz muxbiri suhbatda maoshi ikki barobardan ko‘proqqa qisqarganini ma'lum qildi.

«O‘zbekiston bo‘yicha tayyor mahsulotni yetkazib berib, 7-8 million so‘m oylik olardim. Oyliklar tushgani sababli tushunmovchilik bo‘ldi. Rahbariyat o‘rganyapmiz, deyapti. Hozir oyligim 3 million, oldin esa 7-8 million olardim», – deydi Foziljon Muhammedov.

Foziljon Muhammedov

Asakadagi norozilik chiqishidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda so‘zlagan xodimlar ham 4–5 oydan beri oyliklar kamayib ketganini aytadi.

«Oyliklar tushib ketgan. 4–5 oydan beri qiynalyapmiz. Ana bo‘ladi, mana bo‘ladi, ertaga, indinga deyapti... Qachongacha?» – deydi yig‘ilganlardan biri.

«20 ming ham oylik to‘laydimi? Bitta men ishlasam oilada. Oilani qanday boqamiz? O‘zi oklad 2 mln.dan oshiq bo‘lsa, 20 ming ham oylik chiqaradimi? Xorazm, Qarshiga qatnaganman. 20 ming so‘m! 450 so‘m oylik chiqqanlar ham bor. Noinsoflik bu», – degan boshqa bir fuqaro.

UzAuto Motors Yuk avtomobillari bo‘limi rahbari Rahimjon Ahmadjonov Kun.uz bilan suhbatda haqiqatan ham haydovchi xodimlar maoshi qisqarganini tasdiqlab, bu haydovchilar soni oshirilgani bilan bog‘liqligini aytdi.

«Oldin oylikni ko‘p olardik, hozir kamayib ketdi, deyishyapti. 128 ta avtovozimiz bor. Har birida 2–3 tadan haydovchi bo‘lardi. Bizda haydovchilarga faqat ishbay to‘lanadi, ya'ni 8 soat yoki 11 soat ishlaganiga qarab to‘lanmaydi. Bir oyda 11 marta yo‘nalishga chiqqan bo‘lsa, 11 tasiga, 5 marta chiqqan bo‘lsa, 5 tasiga to‘lanadi.

Hozir har bir avtovozda haydovchilar sonini 4 nafardan qilib qo‘ydik. Ishchilarni ko‘paytirdik. Tashqarida ishsiz yurganlar ishga olindi. Bitta avtovoz bir oyda 10 millionlik qatnovga chiqqan bo‘lsa, 4 haydovchiga 2,5 milliondan bo‘lib beriladi. 3 nafar haydovchi bo‘lsa 3,3 milliondan, 2 nafar bo‘lsa 5 milliondan bo‘lib beriladi-da.

Hozir bitta avtovozga 4 nafar haydovchi biriktirganmiz. Kimdir 3,5 million olyapti, kimdir 5 million olyapti», – dedi Yuk avtomobillari bo‘limi rahbari.

Rahimjon Ahmadjonov

20 ming so‘m oylik olganini aytgan xodim yuzasidan UzAuto Motors bosh hisobchisi Akmaljon Yoqubov izoh berdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda bir xodimimiz 20 ming so‘m oylik oldim, deb e'tiroz bilan chiqdi. Biz bu holatga oydinlik kiritib qo‘ymoqchimiz.

Bu xodimimizga fevral oyida 2 mln 600 ming so‘m oylik hisoblanib, 1 mln 14 ming so‘m pul o‘tkazilgan. Shundan 749 ming so‘mi – avans, 244 ming so‘mi – mukofot puli. Ushlanmalarga kelsak, 315 ming so‘m – daromad solig‘i, 876 ming so‘m – kredit to‘lovi, yana muayyan summa – aliment uchun ushlab qolingan», – dedi bosh hisobchi Kun.uz bilan suhbatda.

Akmaljon Yoqubov

Tushdan so‘ng «UzAuto Motors» AJ holatga munosabat bildirdi. Unda Transport tashuvlari boshqarmasi haydovchilari D.Rahmonov, J.Sultonov va boshqalarning oylik ish haqi to‘lanishi va ushlanmalardan norozi bo‘lib qilgan videomurojaati o‘rganilgani aytiladi.

«Aniqlanishicha, «UzAuto Motors» AJ kompaniyasida ayni vaqtda ish haqidan qarzdorlik mavjud emas. Joriy yilning fevral oyi uchun ish haqi o‘tgan oyning 20-sanasida avans tariqasida, mart oyining 5-sanasida to‘liq to‘lab berilgan. Xodimning ish haqidan uning yozma arizasiga asosan kredit to‘lovlari hamda sud qaroriga asosan majburiy undiruv amalga oshirilgan», – deyiladi rasmiy relizda.

Qayd etilishicha, videomurojaat yuzasidan shu kunning o‘zida kompaniya mas'ul vakillari hamda Andijon viloyati hokimligi, viloyat bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi xodimlari ishtirokida haydovchilar bilan muloqot o‘tkazilgan.

Muloqotda haydovchilarga ish haqi to‘liq hisoblab to‘langani, biror-bir asossiz ushlanmalar amalga oshirilmagani, ishchi-xodimlarga ijtimoiy himoya paketi (transportda ishga kelib-ketishi, maxsus kiyim-bosh bilan ta'minlanishi, ovqatlanishi, tibbiy ko‘riklari uchun to‘lovlar) kompaniya hisobidan amalga oshirilayotgani tushuntirilgan.

Foto: UzAuto Motors
  • Mehnat kodeksining 164-moddasida belgilangan umumiy qoidaga ko‘ra, xodimning ish haqidan ushlab qolinishi uchun uning yozma roziligi yoki sudning qarori bo‘lishi lozim.
  • Oila kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmagan taqdirda, aliment miqdori ota-onaning oylik maoshi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun 25 foizi, ikki bola uchun 33,3 foizi, uch va undan ortiq bola uchun 50 foizi deb belgilanadi.

Mavzuga oid