Jamiyat | 20:04 / 09.03.2021
11056
3 daqiqa o‘qiladi

«Maktabgacha ta'limga qamrov bo‘yicha qo‘shib yozishlar avj olmoqda» – Ulug‘bek Toshkenboyev

9 mart kuni «Yuksalish» umummilliy harakati binosida Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisi o‘tkazildi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, yig‘ilishda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Toshkenboyev maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrov bo‘yicha qo‘shib yozish holatlari avj olayotgani haqida ham gapirgan.

«Biz prezident qarori bilan, davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarida o‘rganishlar o‘tkazyapmiz.

O‘rganishlarda ma'lum bo‘lyaptiki, bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrov darajasini sun'iy qo‘shib yozish holatlari avj olmoqda. Jumladan, Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida 6 yoshli bolalar qamrov darajasi 70 foiz deb ko‘rsatilgan. Vaholanki, bu ko‘rsatkich amalda 25,8 foiz ekani aniqlandi», – dedi Toshkenboyev.

Inspeksiya rahbariga ko‘ra, boshqa viloyatlarda ham qamrov darajasi shahar markazi bo‘lmagan hududlarda 20–40 foizdan oshmaydi.

Shu tufayli u qamrov darajasi statistikasini yuritishning aniq tizimini ishlab chiqish va yolg‘on ma'lumot taqdim etganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklifini bildirdi.

Ulug‘bek Toshkenboyevga ko‘ra, maktabgacha ta'lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagog xodimlarning malaka darajasi ham e'tibor berish kerak bo‘lgan muhim masala.

«Biz pedagog kadrlarning ma'lumotlilik darajasi va ularning kasbiy rivojlanish darajasiga e'tibor berishimiz kerak.

Taklifimiz shundayki, hududlardagi maktabgacha ta'lim tarbiyachilarini ishdan ajratmagan holda, oliy ta'limning sirtqi bo‘limlariga yo‘naltirish choralarini ko‘rishimiz kerak. Oliy ta'limning sirtqi bo‘limlarida esa kvotalarni oshirish zarur», – dedi inspeksiya rahbari.

Yig‘ilish davomida maktabgacha ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari Qahramon Olimov Ulug‘bek Toshkenboyevning ushbu fikrlari bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Uning ta'kidlashicha, 2020 yildan boshlab tizimdagi barcha qo‘shib yozishlar barham topgan.

«Raqamli O‘zbekiston» dasturi doirasida 2020 yildan boshlab bolalar bog‘chalarida avtomatlashtirilgan tizim to‘liq yo‘lga qo‘yilgan.

Shuning uchun o‘tgan yildan boshlab qo‘shib yozishlarga ham chek qo‘yilgan.

Bizdagi ko‘rsatkich 60,9 foizga yetkazilgan. Biz qog‘oz ma'lumot berganimiz yo‘q», – degan mulozim.

Mavzuga oid