O‘zbekiston | 15:52 / 11.03.2021
25541
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi ilk xususiy bank asoschisi chuvalchang boquvchilar birlashmasini tuzdi

Andijon viloyati Xonobod shahrida O‘zbekiston so‘ljon (chuvalchang) boquvchilar birlashmasini tuzish bo‘yicha ta'sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda 1980-yillar oxirida Andijon viloyati Xonobod shahridagi «Do‘stlik» jamoa xo‘jaligida kaliforniya chuvalchanglarini boqish, bu orqali yer uchun eng foydali tabiiy o‘g‘it – gumus ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan tadbirkor Rustamjon Usmonov tashabbusi bilan O‘zbekiston chuvalchang boquvchilar birlashmasi tuzildi.

«Hozirda respublikamizning turli hududlarida chuvalchang boqish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar bo‘lsa-da, ular tarqoq hamda har kim o‘z bilganicha ish yuritib kelmoqda. Qishloq xo‘jaligi rivojiga, hosildorlikni ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etuvchi biogumus ishlab chiqarishni ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish, chuvalchang boquvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularga uslubiy va amaliy yordamlar ko‘rsatish maqsadida tadbirkor Rustamjon Usmonov tashabbusi bilan «Biogumus» O‘zbekiston so‘ljon (chuvalchang) boquvchilar birlashmasini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan ta'sis yig‘ilishida Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida chuvalchang boqish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar ishtirok etdi», deyiladi O‘zA xabarida.

Yig‘ilishda chuvalchang boqish orqali biogumus tayyorlanishi, bu qishloq xo‘jaligi rivojida muhim ahamiyat kasb etishi, qolaversa, mazkur faoliyat katta daromad manbayi ekanligi alohida ta'kidlangan, shuningdek, uyushma nizomi tasdiqlanib, kuzatuv kengashi va ijro organi rahbar va a'zolari saylangan, birlashmani tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

«Maqsadimiz chuvalchang boquvchilarga ilmiy, moliyaviy va amaliy yordam ko‘rsatish. Ilmiy asosda toza va sof biogumus mahsuloti hamda biomassa yetishtirish orqali ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tabiiy sof qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishga yordam berish. Qolaversa, biogumus mahsulotini eksport qilishni yo‘lga qo‘yishdir», – deydi tadbirkor Rustamjon Usmonov.

  • Rustamjon Usmonov O‘zbekistondagi ilk xususiy bank asoschisi sifatida ma'lum. U 19 yilni (1998 yildan) qamoqda o‘tkazgan va 2017 yil fevralida ozodlikka chiqqan.
  • Usmonov o‘tgan asrning 90-yillari boshida fermer xo‘jaliklariga kaliforniya chuvalchanglari va biogumus sotish orqali katta mablag‘ to‘plagan hamda 1992 yilda Markaziy Osiyo miqyosidagi ilk xususiy bank - «Rustambank» bankiga asos solgan.
  • 1990-yillarda u muxolifatchi partiyani qo‘llab-quvvatlagan va hukumatni ochiq tanqid qilgan va parlament saylovlariga nomzodini qo‘ygan. Lekin uning nomzodi ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.

Mavzuga oid