O‘zbekiston | 08:46 / 12.03.2021
5181
4 daqiqa o‘qiladi

Ilmiy loyihalar xarajatlarini rejalashtirish tartibi aniqlashtirildi

Vazirlar Mahkamasining “Davlat ilmiy dasturlari doirasida amalga oshiriladigan ilmiy loyihalar xarajatlarini rejalashtirish, moliyalashtirish va hisobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Nizom O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat ilmiy dasturlari doirasida amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot loyihalar xarajatlarini rejalashtirish, moliyalashtirish va hisobini yuritish tartibini belgilaydi.

Loyihalar xarajatlarini moliyalashtirish davlat budjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

Ilmiy loyihalar Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablari asosida amalga oshiriladi.

Loyihaning moliyaviy hajmi loyihani tanlovga taqdim qilishdagi ijrochi tashkilot tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqilgan xarajatlar kalkulyatsiyasi va asoslantirilgan hisob-kitoblarda aks ettiriladi.

Shartnomada loyiha bajarilishining butun davri uchun ko‘rsatilgan moliyaviy mablag‘ loyiha bajarilish muddati tugagunga qadar o‘zgarmaydi.

Ilmiy-texnik kengashning ushbu loyihalarni moliyalashtirishni davom ettirish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi xulosalariga asosan, buyurtmachi kollegial organi qaroriga muvofiq, loyihalarni moliyalashtirishni muddatidan oldin to‘xtatish bundan mustasno.

Loyihalarning har bir ijrochisi faqat bir loyihada to‘liq stavkada va ikki loyihada o‘rindosh sifatida ishtirok etishi mumkin, bunda ular umumiy ulushi bir yarim stavkadan oshmasligi lozim.

Shtatlar jadvalini tasdiqlashda 0,5 shtat birligidan tashqari to‘liq bo‘lmagan stavkalarni o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmaydi. Jami 0,25gacha bo‘lgan barcha shtat birliklari o‘chiriladi, 0,25dan 0,75gacha bo‘lgan shtat birliklari 0,5gacha va 0,75dan yuqori bo‘lgan shtat birliklari to‘liq 1 shtat birligi miqdorida yaxlitlanadi.

Ijrochi tashkilot loyihalar sifatli bajarilishini ta'minlash va qulay sharoit yaratish maqsadida loyiha rahbari taklifiga ko‘ra “vaqtinchalik ilmiy mehnat jamoasi” tashkil etishi mumkin.

Bunda jamoaga boshqa tashkilotlar xodimlari ham a'zo bo‘lishi mumkin. Ijrochi tashkilot rahbari loyiha rahbarini jamoa rahbari etib tasdiqlaydi.

Ilmiy loyihalarni jamoa tartibida amalga oshiruvchi ijrochi tashkilotlar jamoa faoliyatini tartibga soluvchi “Vaqtinchalik ilmiy mehnat jamoasi to‘g‘risida nizom” talablari asosida ish yuritadilar.

Loyiha ilmiy rahbari boshqa joyga ishga o‘tgan hollarda loyiha amalga oshirilish joyi (ijrochi tashkilot) o‘zgartirilmaydi.

Xarajatlar kalkulyatsiyasini tuzishda xarajatlar umumiy moliyaviy hajmi loyiha bajarilishi butun davri uchun va shu jumladan har bir moliyaviy yil kesimida alohida jadvallarda ko‘rsatiladi.

Loyihalarni amalga oshirishda sanoat yoki tarmoq tomonidan hamkorlikda moliyalashtirishga qiziqish bo‘lgan taqdirda, sanoat yoki tarmoq hamkori to‘g‘risidagi ma'lumot va uning moliyaviy ishtiroki (hamkorlikda moliyalashtirish) hajmi hamda turlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.

Mavzuga oid