O‘zbekiston | 12:45 / 12.03.2021
10359
3 daqiqa o‘qiladi

Senatda IIVdan tergov jarayonlarini videoga yozib olinishi bo‘yicha hisob so‘raldi

Bugun, 12 mart kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. 

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, yig‘ilishda senatorlar tomonidan ichki ishlar tizimidagi tergov xonalarini videokuzatuv moslamalari bilan ta'minlangani masalasida vazirlikdan izoh so‘raldi.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Qulbekovning aytishicha, ayni paytda Tergov departamenti hududiy tergov bo‘linmalarining surishtiruv va tergov xonalariga protsessual jarayonlarni videotasvirga olish imkonini beruvchi 1309ta videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan. 

«Bu moslamalardan amalda samarali foydalanilyapti. Qonunga asosan, video orqali qayd etish majburiy bo‘lgan 7ta tergov harakati belgilangan. Ushbu tergov jarayonlari hozir to‘liq video qayd etish moslamalariga yozib borilmoqda. 2020 yil davomida 15 ming 836ta shunday majburiy tartibda videotasvirga olingan», – dedi Qulbekov. 

Vazirlik mulozimiga ko‘ra, ayni paytda majburiy tergov jarayonlaridan tashqari ham kundalik barcha tergov jarayonlari videotasvirga yozib borilmoqda.

«Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ishlangan dasturga yozib olinib, fayl ko‘rinishida saqlanadi. Keyinchalik ulardan jinoyat ishi doirasida foydalanamiz. Bundan tashqari, bizda vazir farmoyishi asosida tergovga qadar tekshiruv jarayonida o‘tkaziladigan so‘rovlarni videoga qayd etish maqsadida 484ta video kuzatuv moslamalari bilan ta'minlangan so‘roq xonalari tashkil etilgan. Ushbu so‘rov xonalarida 2020 yil davomida 36 760ta tergovga qadar tekshiruv harakatlari yozib olinib, tegishli fayllarda saqlanmoqda», – dedi u.

Oybek Qulbekovning qo‘shimcha qilishicha, tashkil qilingan bu jarayonlar tizimdagi xodimlar barcha tergov jarayonlari videokuzatuv ostida ekanini anglab yetishiga xizmat qilyapti. Ular turli noqonuniy harakatlar: qiynoqqa solish yoki boshqa g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va qilmishlarni sodir etishdan saqlanyapti.

Yig‘ilish davomida Senat raisi Tanzila Norboyeva ham mavzu yuzasidan fikrlarini bildirdi. 

Unga ko‘ra, qiynoqqa solish yoki boshqa noinsoniy xatti-harakatlar umuman kun tartibidan chiqib ketishi kerak. Chunki O‘zbekiston endilikda Inson huquqlari bo‘yicha BMT kengashining a'zosi hisoblanadi. 

«Demak, endi o‘zimiz namuna bo‘lishimiz kerak. Endi bu mavzuda na OAVda va na boshqa joyda misollar bo‘lmasligi kerak. Bu kabi savollar berish ham noto‘g‘ri bo‘lishi kerak», dedi T.Norboyeva.

Mavzuga oid