Sport | 16:19 / 15.03.2021
42430
3 daqiqa o‘qiladi

Viktor Serazitdinov nomuayyan muddatga hakamlikdan chetlatildi. O‘FA «So‘g‘diyona» – «Turon» uchrashuvi bo‘yicha bayonot berdi

14 mart kuni O‘zbekiston Superligasining 2-turidan o‘rin olgan «So‘g‘diyona» – «Turon» (1:0) uchrashuvida yuzaga kelgan holatlar futbol jamoatchiligining muhokamalariga sabab bo‘ldi, deya yozmoqda O‘FA rasmiy sayti.

Foto: PFL

«Bugun, 15 mart kuni O‘FA Hakamlik qo‘mitasi tomonidan mazkur bahsni boshqarib borgan bosh hakam Viktor Serazitdinovning o‘yin davomidagi xatti-harakatlari atroflicha tahlil qilib chiqildi.

Mutaxassislar «So‘g‘diyona» - «Turon» uchrashuvi video-lavhasini qayta ko‘rib, vaziyatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdi. Tahlil natijasida, bosh hakam Viktor Serazitdinov uchrashuvning 29-daqiqasida «So‘g‘diyona» darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasi belgilamaganligi aniqlandi. Shuningdek, bosh hakam 52-daqiqada «Turon» futbolchisi o‘z jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi deya baholab, penalti belgilagan vaziyat xato ekanligi qo‘mita vakillari tomonidan qayd etildi.

O‘FA Hakamlik qo‘mitasining yakuniy qaroriga muvofiq, qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yganligi hamda ushbu xatolar o‘yin natijasiga ta'sir o‘tkazganligi sababli Viktor Serazitdinovning mazkur uchrashuvdagi faoliyati qoniqarsiz deb baholandi va hakamlik faoliyatidan nomuayyan muddatga chetlatildi.

Shuningdek, O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan mazkur holat bo‘yicha tegishli ma'lumotlar, mazkur futbol uchrashuvi qaydnomasi va inspektor hisoboti, videomateriallarni o‘rganib chiqish ishlari boshlandi. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda O‘FA Etika qo‘mitasi tegishli tartibda ko‘rib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi», - deyiladi O‘FA bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, ushbu o‘yindan keyingi matbuot anjumanida «Turon» bosh murabbiyi Islombek Ismoilov o‘yindagi va o‘zbek futbolidagi hakamlarning qing‘irliklari haqida ochiq-oydin gapirgandi.

Ma'lumot uchun, Jizzaxdagi mag‘lubiyatdan keyin «Turon» jamoasi turnir jadvalida so‘nggi 14-o‘ringa tushgan bo‘lsa, «So‘g‘diyona» penaltidan kiritilgan gol evaziga g‘alaba qozonib, 6 ochko bilan Superliga peshqadamiga aylanib oldi.

Mavzuga oid