O‘zbekiston | 17:56 / 17.03.2021
5142
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: AstraZeneca vaksinasining birinchi partiyasi O‘zbekistonga topshirildi

17 mart kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Toshkent shahar bo‘limida mamlakatimizga BMTning COVAX dasturi asosida yetkazib berilgan AstraZeneca vaksinalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev, JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari, doktor Liann Kuppens, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili Munir Mamedzade, BMTning O‘zbekistondagi vakili Helena Freyzer, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Buyuk Britaniya, Kuvayt, Yaponiya, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlarning elchilari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan SSV birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev COVAX dasturi orqali mamlakatimizga ajratilgan vaksinalar o‘zbek xalqi uchun katta xursandchilik ekanini aytib, buning uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, vaksinalar alyansi, YUNISEF va donor mamlakatlarga minnatdorchilik izhor qildi. Vazir o‘rinbosari, shuningdek, vaksinalarni emlash punktlariga standartlarga mos tashishni tashkillashtirish uchun 17ta refrijiratorli yuk mashinalari, 206ta minivenlar xarid qilinganini aytib o‘tdi.

Bahodir Yusupaliyevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib 3000dan ortiq emlash punktlari immunizatsiya va vaksinatsiyaga shay holga keltirilgan, mobil brigadalar tashkil etilgan, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida omborxonalar qurilgan va tegishli sovuqlik zanjirini tashkil etish bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan. Bularning bari, aholining barcha qatlamlari, shu jumladan, uzoq joylardagi yashash punktlari aholisini ham qamrab olish uchun qilinyapti.

SSV vaziri o‘rinbosaridan keyin so‘zga chiqqan YUNISEFning O‘zbekistondagi vakili Munir Mamedzade bugungi voqeani «koronavirusga qarshi vaksinalarni butun dunyoda odilona taqsimlash maqsadiga erishish yo‘lidagi tarixiy qadam» deb atadi. «Vaksinalarga teng va odilona ega bo‘lish pandemiyaga barham berishda o‘ta muhimdir, shu bois vaksinaga hamma ega bo‘lishini ta'minlashimiz zarur», deya ta'kidlagan Mamedzade.

«JSST koronavirusga qarshi AstraZeneca vaksinasini favqulodda ishlatish mumkin bo‘lgan vaksinalar ro‘yxatiga kiritgani uni COVAX orqali global miqyosda tarqatishga imkon berdi. O‘zbekiston AstraZeneca vaksinasini tatbiq etadigan 49-mamlkat bo‘ldi. Vaksinalarning sifati, xavfsizligi va samaradorligini ta'minlash JSSTning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir», dedi JSSTning O‘zbekistondagi vakili doktor Liann Kuppens.

GAVI, CEPI, YUNISEF va JSST hamkorligi bo‘lmish COVAX past va o‘rta daromadli 92 mamlakat uchun vaksinalarga teng asosda ega bo‘lish imkonini berdi. Kamida 1,3 millard doza vaksina dastur orqali ushbu mamlakatlarga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

COVAX’ning donor mamlakatlari orasida AQSh, Germaniya, Ispaniya, Kanada, Saudiya Arabistoni, Yaponiya kabi davlatlardan tashqari Bill & Melinda Gates Foundation (BMGF), Mastercard, Shell, Nikkei Inc kabi tashkilot va kompaniyalar ham bor. Donor davlatlar, tashkilot va kompaniyalarning qaysi biri qanchadan mablag‘ ajratgani haqidagi ma'lumotni ushbu havola orqali olish mumkin.

Tadbir davomida Bahodir Yusupaliyev ishtirokchi va mehmonlarni vaksinalarni saqlash uchun qurilgan maxsus omborxona va sovuqlik zanjiri obekti bilan tanishtirish uchun kichik press-turga taklif qildi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar tashkilotchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar va o‘zaro tashrif qog‘ozini almashdilar. 

Mavzuga oid