O‘zbekiston | 08:43 / 18.03.2021
4733
3 daqiqa o‘qiladi

 Qonliko‘lda yigit boshqaga erga tegib ketgan sevgan qizini pichoqlab o‘ldirdi

 «Qonun va ijro» nashri xabariga ko‘ra, Qonliko‘l tumanida yashagan ikki yosh o‘lguncha bir-birlaridan ayrilmaslik haqida ahd qilib, agarda birga bo‘lishmasa, o‘z jonlariga qasd qilishga va'da bergan.

Yigit Toshkentga ishlash uchun kelganida, qizni uyidagilari boshqa yigitga turmushga berib yuborgan. Yigit uyga qaytgach, 2019 yil 1 mart kuni qiz bilan Nukus davlat pedagogika institutining oldida uchrashib qolgan va o‘zaro kelishuvlarini amalga oshirish uchun ertasi kuni Qonliko‘l tumanida uchrashishga kelishgan.

Shundan keyin ertasi kuni ertalab yigit, taxminan, soat 09:30 larda qizni Qonliko‘l tumanida kutib olib, birgalikda Qo‘ng‘irot tumanidagi dehqon bozoridan yog‘och dastali pichoq sotib olgan.

Shu kuni, taxminan, soat 15:00 larda Qonliko‘l tumanidagi «Beshko‘pir» OFYda joylashgan «Yeshimoxun» qabristoniga birgalikda borgan. Qabristonda yigit qizning turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilgan.

So‘ng, taxminan, soat 18:00 larda o‘zlari bilan olib kelgan pichoq bilan yigit qizning chap ko‘krak qismiga ikki marta kuch bilan urib, qiz hushidan ketganidan keyin uning bo‘yin va qorin qismlariga yana ikki marta urgan. Yigit shundan keyin o‘zini ham o‘ldirishga uringan. Ammo pichoq chuqur kirmagan.

Ko‘p o‘tmay voqea joyiga qizning eri yetib kelgan. Ushbu vaqtda ham qiz tirik bo‘lib, uni shifoxonaga olib borishayotganida, uni yigit pichoqlamaganligini, bir-birlarini yaxshi ko‘rishganligini bildirib, ko‘rsatma bergan. Shundan so‘ng vafot etgan.

Qoraqalpog‘iston jinoyat ishlari bo‘yicha sudi yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

Mavzuga oid