O‘zbekiston | 13:01 / 20.03.2021
7973
3 daqiqa o‘qiladi

MIB: Zafarobod tumani hokimligining bankdagi hisobraqamiga band solingan

O‘zbek-turk qo‘shma korxonasi oldidagi qarzdorlikni yopish maqsadida Zafarobod tuman hokimligining uch dona «Nexia-3» avtomashinasi auksionda sotilgan. Hozirgacha 85 mln so‘m qarzdorlik so‘ndirilgan. Ammo, undirilishi kerak bo‘lgan summa 500 mln so‘mdan ortiqligicha qolmoqda. Hokimlik hisobraqamiga band solingan.

Kun.uz’da Zafarobod tuman hokimligi 1 yildan buyon Urgutdagi qo‘shma korxonaning qariyb 600 million so‘m pulini bermayotgani haqida maqola e'lon qilingandi. Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi mazkur maqola yuzasidan munosabat bildirdi.

Unda yozilishicha, Samarqand shahar iqtisodiy sudining 2020 yil 22 oktyabrdagi ijro varaqasiga asosan qarzdor Zafarobod tuman hokimligi hisobidan undiruvchi «Urgaz Carpet» MChJ foydasiga 599,7 mln so‘m undirish belgilangan bo‘lib, mazkur ijro hujjati MIB Zafarobod tuman bo‘limi ish yurituviga qabul qilingan.

Ijro hujjati yuzasidan olib borilgan harakatlar natijasida, qarzdorga tegishli bo‘lgan bir dona «Gaz 3110» va uch dona «Nexia-3» avtomashinasi xatlanib, realizatsiya qilish maqsadida onlayn auksion savdosiga sotuvga chiqarilgan.

Auksion savdolarida sotilgan mulklardan tushgan mablag‘lar qonun talabiga ko‘ra Zafarobod tuman hokimligi qarz bo‘lgan korxona va tashkilotlar o‘rtasida taqsimlangan.

Jumladan, Zafarobod hokimligining uch dona «Nexia 3» avtomashinasi sotuvidan tushgan pul mablag‘idan 2021 yil 17 mart kuni 67,7 mln so‘m va 18 mart kuni 17,6 mln so‘m, jami 85,3 mln so‘m korxona hisobraqamiga o‘tkazilgan.

Hozirda «Gaz 3110» avtomashinasini onlayn auksion savdosida 20 509 518 so‘mga sotish bo‘yicha auksion savdolari o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, MIB Zafarobod bo‘limi tomonidan 2021 yil 11 mart kuni Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 13 maydagi 120-sonli qarori, Budjet kodeksi 129-moddasi hamda «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonun 21-moddasi 6-bandiga muvofiq, Zafarobod tuman G‘aznachilik bo‘limiga undiruvni davlat budjeti mablag‘lariga qaratish to‘g‘risida talabnoma berilgan. Shuningdek, tuman hokimligining bankdagi hisobvarag‘iga MIB Zafarobod bo‘limi tomonidan band solingani bildirildi.

Kun.uz mazkur munosabatda keltirilgan faktlarni aniqlash maqsadida «Urgaz Carpet» MChJ rahbariyati bilan bog‘landi. Ular MIB Zafarobod bo‘limi tomonidan o‘z hisobraqamlariga 85 million so‘m o‘tkazib berilganini tasdiqlashdi.

Mavzuga oid