O‘zbekiston | 16:33 / 20.03.2021
23719
6 daqiqa o‘qiladi

«Obnal ishi» bo‘yicha sud boshlandi. OAV sudni tasvirga olishiga soliqchilar qarshi chiqdi

19 mart kuni Toshkent tumanlararo ma'muriy sudida «obnal ishi» bo‘yicha tadbirkorning soliq organiga nisbatan arizasi yuzasidan sud jarayoni boshlandi.

Toshkent shahrida faoliyat yuritadigan tadbirkorning «obnal ishi» yuzasidan Toshkent shahar soliq boshqarmasiga nisbatan arizasi Toshkent tumanlararo ma'muriy sudida ko‘rib chiqila boshlandi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Sud avvalida Kun.uz jarayonni tasvirga olish uchun sudyadan ruxsat so‘radi. Soliq organi vakili jarayon tasvirga olinishiga qarshilik bildirdi, da'vogar esa (tadbirkor) bu masalani sudga havola qildi. Sudya jarayonni videotasvirga olishga ruxsat etilmasligi to‘g‘risida ajrim chiqardi.

Ma'lum bo‘lishicha, tadbirkor Toshkent shahar soliq boshqarmasi bitimlarni ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzgan deb hisoblab, QQS solig‘i bo‘yicha 691 million so‘m soliq majburiyatini yuklashini qonunga xilof, deb topish to‘g‘risida ariza bilan sudga murojaat qilgan. Tadbirkor soliq organining unga nisbatan amalga oshirgan xatti-harakatini qonunga zid deb hisoblamoqda.

Soliq organi shu yil 3 fevralda tadbirkorga yuborgan xatida MChJning 2020 yilda tuzilgan bir qator bitimlari soliq organi tomonidan ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan deb topilib, Soliq kodeksining 266-moddasi asosida hisobga olishni bekor qilishi ma'lum qilingan.

Da'vogarning arizasiga ko‘ra, Toshkent shahri DSB tomonidan Soliq kodeksining ushbu moddasida nazarda tutilgan «dalillar»ga ega bo‘lmay turib sotib olingan tovar bo‘yicha soliqni hisobga olishni bekor qilib, tadbirkorga «asossiz ravishda» 691 million so‘m soliq to‘lash majburiyati yuklatilgan.

Kodeksga ko‘ra, agar hisobga olish huquqi tovarlarni (xizmatlarni) olish bo‘yicha qalbaki yoki ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitim natijasida vujudga kelganiga oid dalillar mavjud bo‘lsa, soliq organlari hisobga olishni bekor qilishni yoki unga tuzatishni amalga oshirishga haqli deb belgilangan. Tadbirkor soliq organida bitimlarni haqiqiy emas deb topishi uchun dalillar mavjud emas deb hisoblab, bitimlarni ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan deb topilishiga norozi ekanini bildirmoqda.

«SKning 14-moddasiga asosan, soliq to‘lovchi norozi bo‘lgan taqdirda soliq organlarining da'vosi sud tomonidan amalga oshiriladi, biroq bugungi kunda Toshkent shahar DSB ixtiyorida korxonamizning bitimlari ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan deb topilgani to‘g‘risida sud qarori mavjud emas», – deyiladi arizada.

Sud jarayonida tomonlarning fikrlari tinglandi. Tadbirkor da'vosiga nisbatan soliq organi vakillari o‘z e'tirozlarini bildirdi.

«QQS bu – zanjir. Deylik, dehqon mahsulot yetishtirdi, uni 100 so‘mga sotayotganda QQS bilan 120 so‘mga sotadi, har safar sotilganda mahsulot ustiga 15 foiz QQS hisoblab ketiladi. Mahsulot QQS to‘lovchisi bo‘lmagan tadbirkor qo‘liga kelganda zanjir uziladi. Bunda QQS hisobga olinmaydi. Korxona bu holatda QQS summasini to‘lamagan bo‘lsa-da, QQSni hisobga olgan. Chunki uning kontragenti nohalol soliq to‘lovchisi ro‘yxatiga kirib, QQS guvohnomasi bekor bo‘lgan. Holat kontragent bilan bo‘lgan munosabatdan kelib chiqmoqda.

Nohalol soliq to‘lovchilarni «Xavfni boshqarish» avtomatik dasturi nega oldin bilmagan-u, endi bilyapti? Nohalol soliq to‘lovchi «obnalchi» korxona ro‘yxatiga kirishi uchun dastur 15ta kategoriya asosida avtomatik tahlil qiladi. Dastur «nohalol» soliq to‘lovchilar ro‘yxatini o‘zi shakllantiradi. Hozirgi aytgan holatimizda kontragentning QQS to‘lovchi sifatidagi guvohnomasi bekor qilinganidan so‘ng korxonaning QQSni hisobga olish huquqi bekor bo‘lyapti. Kontragentlar bo‘yicha korxona soliq majburiyatidan kelib chiqayotgani bois, kontragentlarni iqtisodiy sudga berib undirilgan soliq summasini (ulardan) undirib olishi kerak edi», – dedi soliq organi vakili.

Tadbirkorning da'vosiga ko‘ra, u kontragent bilan ishlaganda (o‘tgan yillarda) hamkorining guvohnomasi haqiqiy bo‘lgan, soliq qo‘mitasi shubhali korxonalar ro‘yxatini 2021 yil fevral oyida e'lon qildi.

Tomonlarning e'tiroz va fikrlari tinglangach, sud 26 martga qadar tanaffus e'lon qildi.

Ma'lumot uchun, fevral oyida Davlat soliq qo‘mitasi «naqdlashtiruvchi» (obnalchi) firmalar bilan kurash boshlab, 396ta korxonani shubhali korxonalar ro‘yxatiga kiritgan edi. Natijada ular bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlarining hisobga olingan QQS summasi bekor qilingan.

DSQ shubhali korxonalar bilan hamkorlik qilgan 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlaridan budjetga to‘lanmagan 1 trillion so‘mga yaqin QQS summasi undirilishini ma'lum qilgach, tadbirkorlar e'tiroz bildira boshladi.

23 fevral kuni tadbirkorlar bilan uchrashgan Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev QQS summasini to‘lashga 6 oylik amnistiya berilishini bildirdi.

19 mart kuni DSQ kameral tekshiruv natijasida 1,2 trillion so‘mdan ortiq QQSni noqonuniy hisobga olish faktlari tasdiqlanganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid