Jahon | 20:30 / 23.03.2021
4835
1 daqiqa o‘qiladi

Myanmalik harbiylar namoyishlar vaqtida 164 kishi halok bo‘lganini tan oldi

Myanmalik harbiylar mamlakatda namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari xodimlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda kamida 164 namoyishchi halok bo‘lganini tan oldi. 

Foto: Reuters

Harbiylar vakili Zo Min Tun namoyishchilarning halok bo‘lganidan afsusdaligini, “chunki ular Myanma fuqarolari bo‘lganini” aytgan.

Uning ta'kidlashicha, to‘qnashuvlar vaqtida, shuningdek, xavfsizlik kuchlarining 9 xodimi halok bo‘lgan.

Biroq Myanmada siyosiy mahkumlarga yordam uyushmasi ma'lumotlariga ko‘ra, 1 fevraldan beri harbiylarga qarshi davom etayotgan namoyishlarda 250 kishi halok bo‘lgan.

Myanmada harbiylar 1 fevralda davlat to‘ntaruvi amalga oshirib, mamlakat rahbariyatini hokimiyatdan chetlatgandi.

Avvalroq Myanmada internet o‘chirib qo‘yilgani va gazetalar sotilishi taqiqlab qo‘yilgani ma'lum qilingandi. Jumladan, qo‘shni Tailand bilan chegaradagi optik-tolali internet kabellari uzib tashlangan. Shu sababli mamlakat ichidagi axborotni tekshirish tobora murakkablashib bormoqda.

Mavzuga oid