Jamiyat | 19:32 / 24.03.2021
24691
15 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘pchilik bu yerdagi sharoitga moslasha olmay qaytib ketdi. Bu O‘zbekiston uchun achinarli holat» - Polsha universiteti tarixiga kirgan professor Obid Tursunov bilan suhbat

Texnika fanlari doktori Obid Tursunov Kun.uz'ning «Ilm-fan suhbatlari» rukniga bergan intervyusida jahon va o‘zbek ilm-fanidagi tendensiyalar, turli fanlar chegarasida yangi tadqiqotlar qilish zaruriyati, O‘zbekistonda chiqindini qayta ishlash bilan bog‘liq muammolar va «yashil kimyo» haqida so‘zlab berdi.

Obid Tursunov

Obid Tursunov hozirda Xitoy, Polsha universitetlarida, Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida, shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutida yetakchi ilmiy xodim va professor sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Qayerda zamonaviy ilmiy-texnik baza bo‘lsa, shu yerda jahon tan oladigan yangi natijalar yaratiladi

Ilmning rivojlanishi ilmiy-texnik bazaga qattiq bog‘langan, negaki qayerda zamonaviy ilmiy-texnik baza bo‘lsa, shu joyda jahon tan oladigan darajada yangi natijalar olish mumkin. Eski apparatlar bilan olinganlari o‘tmaydi, masalan, xalqaro jurnalda uning natijalari qabul qilinmaydi.

Buni eski va yangi televizorga o‘xshatsa bo‘ladi, eslab ko‘ring, kamida 20–25 yil avval oq-qora, buragichlari sinib, ombur bilan buraladigan, antennasi orqasidan chiqib ketadigan juda og‘ir televizorlarni ko‘rar edik. Hozir-chi, butunlay boshqacha. Agar o‘sha sohada ilm rivojlanmaganda eski holaticha qolib ketgan bo‘lardi.

Ilm shunaqa hodisaki, har oy, yil sayin takomillashib boradi. Olim men daraja oldim, yetuklikka erishib bo‘ldim dedimi, demak, u o‘sha joyda qotadi, eski baza bilan qolib ketadi.

Ilm rivojlanishi ko‘p jihatdan moliyaviy tomonga ham bog‘liq. Masalan, ko‘p vatandoshlar O‘zbekistonga ilm rivojiga hissa qo‘shish uchun keldi, lekin bu yerdagi sharoitga moslasha olmay qaytib ketdi. Bu O‘zbekiston uchun achinarli holat. Ularni ham tushunsa bo‘ladi, chunki hech kim faqat shunchaki yashasam bo‘ldi deb yashamaydi-ku, o‘ziga yarasha orzu-maqsadlari, niyatlari bo‘ladi. Bunga erishish uchun esa unga sharoit kerak, mablag‘ ham o‘sha aytilgan sharoitning bir qismi desak xato bo‘lmaydi.

Tasavvur qiling, qaysidir chet davlatda ilm qilishga mos qulay sharoit, zamonaviy jihozlar, sog‘lom ilmiy muhit bo‘lsa-yu, uni eski jihozlar, past maoshli boshqa bir joyga qandaydir g‘oyalar asosida ishontirib olib borish mumkinmi? Yo‘q, albatta.

Biz ilmni rivojlantirishni xohlayapmizmi, ilmiy texnik bazani har bir yo‘nalish bo‘yicha yangilashimiz maqsadga muvofiq.

Olim uchun hamma eshik ochiq bo‘lishi kerak

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda ham ilm-fanga munosabat yaxshilanyapti, sharoitlar yaxshi tomonga o‘zgaryapti. Bir necha xorijiy mamlakatlar bilan doimiy aloqa qilib turaman va u joylardagi ilmiy jarayonlarga O‘zbekistonning nomini qo‘shib kelaman. Ya'ni, olim bitta joy bilan chegaralanib qolmasligi kerak.

Yaqinda ilm-fanda eng yuqori reytingga ega yosh olimlar guruhi taqdirlandi, ular safida men ham bor edim. Bu kabi hodisa O‘zbekiston uchun noyob, ko‘p ham kuzatilmaydi. Yurtimizda ilm-fanni rag‘batlantirish sistemasi oqsab kelayotgan edi. Eng yuqori reytingga ega yosh olimlarni pul mukofoti bilan taqdirlash esa bu borada qilinayotgan ilk ishlardan hisoblanadi.

Bu nafaqat o‘sha olim va boshqa yosh olimlarga keyingi samarali faoliyati uchun motivatsiya, balki kasb tanlash, o‘z oldiga maqsad qo‘yish yoshida bo‘lgan yoshlarga ham o‘ziga xos yaxshi taassurot bag‘ishlaydi. Lekin bu bilan ilmni rivojlantirish to‘xtab qolishi kerak emas. Hali qilinadigan ishlar anchagina.

Tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, xorijda olim uchun, ilm uchun hamma eshik ochiq. Men bilgan va bevosita ilmiy tajribalar qilgan universitetlar laboratoriyasi yoki kutubxonalarida har kuni 24 soatlab vaqtingizni o‘tkazishingiz mumkin, ya'ni olimga berilgan imkoniyat chegarasiz, u xohlasa har kuni borib ilmiy ishini qilishi uchun sharoit yaratilgan. O‘zbekistonda esa ba'zida dam olish kunlari universitet hududiga kira olmagan professorlar haqida ham eshitib turamiz.

Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markaziga o‘xshagan ilmiy markazlar ko‘p bo‘lishi va olimlar uchun shunday joylar ilmiy-texnik bazasidan foydalanish uchun tekin «dostup» berilishi kerak.

Ta'limda sifatga e'tibor pasaydi

So‘nggi bir necha yilda O‘zbekistondagi universitet va institutlarda talabalar soni sezilarli o‘sdi, bu ijobiy hodisa, lekin afsuski, ko‘p sohalarda sifat tushib ketishi kuzatilmoqda. Talabalar va hatto magistrlarning ko‘pchiligida keyinchalik nima qilishi, kelajagi, qaysi yo‘ldan ketishi haqida aniq maqsad, reja yo‘q. Yoshlarning aksariyati o‘qishga diplom uchun kiradi va diplom olsam bo‘ldi, degan xayolda yashaydi. O‘qishga, nimadir o‘rganishga juda kam talaba harakat qiladi.

Ularning shunday o‘ylashiga, balki, sifatsiz ta'lim olib kelib qo‘ygandir. OTMlarning asosiy funksiyasi jamiyatga sifatli va malakali kadrlar yetkazib berish hisoblanadi. Bugungi kunda talabalarni bunday g‘aflatdan uyg‘otadigan vaqt keldi. Buning uchun yangilik, yangicha dars uslublari, yangi leksiyalar zarur.

Tafakkur va fikrlash tarzi o‘zgarishi kerak, barcha buyuk odamlar ham oddiy oila farzandlari ekani, katta-katta kashfiyot qilganlar ham mehnat, intilish, sabr orqali shunday yutuqlarga erishganini tushuntira olish muhim.

Bolalarimizni yoshlikdan orzu qilishga emas, maqsad qo‘yishga o‘rgatsak kelajak uchun ishonchli poydevor qo‘ygan bo‘lamiz. Yoshligimdan nimagadir erishmoqchi bo‘lsam, uni orzu qilmasdim, balki maqsadga aylantirardim va shunga intilardim. Yoshlikni o‘yin-kulgi uchun emas, o‘qib-o‘rganadigan davr deb hisoblaganman. Biz bugun talabalarimizga shuni singdirolsak, o‘ylaymanki, o‘qib-o‘rganishiga, o‘z kelajagini yorqinroq tasavvur etishiga yordam bergan bo‘lamiz.

Eng zo‘r investitsiya - insonning o‘ziga qilgan investitsiyasi

Eng zo‘r investitsiya - insonning o‘ziga qilgan investitsiyasi. Chunki inson pul ishlab topar ekan, uni o‘z kelajagi uchun til o‘rganish yoki turli boshqa foydali kurslarga sarf qiladi va kelajagi uchun investitsiya kiritadi, mana shu eng yaxshisi.

Talabalik davrimda internet kafega haftada bir marta faqat bir maqsadda — xorijdagi oliygohlarga grant qidirish uchungina kirardim, o‘shanda ham pulim yarim soatga goh yetardi, gohida yetmasdi. O‘zim uchun elektron pochta ochib, har gal kelganimda 5–6tagacha universitetga hujjat yuborardim.

Hisoblab ko‘rganimda jami 500dan ortiq universitetga yuborgan ekanman, hech qachon tushkunlikka tushmaganman, chunki rad javobi kelganda ba'zida xatolarimni ko‘rsatishgan, keyingi gal o‘sha xatolarni to‘g‘rilab yuborardim.

Polshada yoqlagan ilmiy ishimni to‘rtta universitet laboratoriyasida 2 yil davomida qatnab yurib tayyorlaganman. Natijada, eng yosh himoya qilgan tadqiqotchi sifatida universitet tarixiga kirdim. Hozirda Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida bir necha magistr va PhD doktorantga ilmiy rahbarlik qilib kelaman va ularni ham yetuk ekspert qilib chiqarish niyatidaman.

O‘zbekistonda multidissiplinar kadrlar tayyorlanmaydi

Yuqorida aytganimdek O‘zbekistonda bakalavrni o‘qib yurgan kezlarimda grant yutib, o‘qishimni Malayziyada davom ettirganman, keyin Polshada ilmiy darajaga ega bo‘ldim. Hozirda Xitoy, Polsha, universitetlari, shuningdek, O‘zbekistonda ham bir necha ilmiy muassasalar bilan ishlab kelyapman. Xususan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalash muhandislari instituti hamda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutida faoliyat yuritaman.

Mutaxassisligim ko‘p tarmoqli, bir necha sohaning integratsiya qilingan shakli, ya'ni multidissiplinar hisoblanadi. Ilmiy ish qilish talablaridan biri - tadqiqotchi o‘z ishida yangilik qilishi shart bo‘lsa, xorijda tor soha bo‘yicha qandaydir innovatsiya yoki yangilik qila olish deyarli ilojsiz, nazariyalar ko‘pi yaratib bo‘lingan deb qaraladi. 

Turli fanlar kesishmasida o‘z g‘oyasini ilgari surib, uni isbotlay olgan ish qadrli hisoblanadi. Shuning uchun yaxshi tadqiqotchi olim bo‘lishni istagan odam boshqa fanlarni ham o‘rganishga majbur. Deylik, fizika yoki kimyoni bilishgina yetarli emas, unga yondosh fanlarning u bilan bog‘liqligini topa olish muhim.

Ko‘pchilik kimyo deganda farmatsevtika, meditsina, o‘simlik kimyosi, kimyoviy o‘g‘itlar va shu kabilarni tushunishi mumkin. Lekin jahon tajribasida ekologik kimyo, «yashil kimyo» degan sohalar ham bor.

Dunyoning istalgan yetakchi universiteti olimlari rezyumesiga qarasangiz, ularning ilmiy yo‘nalishi birgina emasligini, kamida besh-olti yo‘nalishni qamrab olganini ko‘rasiz. O‘zbekistondagi ilmiy muassasalar bilan ilmiy hamkorlikni boshlaganimdan beri shu narsaga ko‘p e'tibor berib kelamanki, bizda multidissiplinar kadrlar tayyorlanmaydi.

Ko‘pincha har sohada ishlamasdan birgina tor sohada ilm qilishga targ‘ib qilinadi. Bu fikrga umuman qo‘shilmayman. Masalan, men ilmiy ishim bo‘yicha aralashadigan yo‘nalishlar ichida biokimyo, biofizika, kimyo texnologiyalari, «yashil kimyo» bor va ularni energetikaga yo‘naltirgan holda ishlayman.

Biomassaning bir yirik turi bo‘lgan chiqindini qayta ishlash yoki undan kerakli mahsulotlar olish, iqlim o‘zgarishiga va global isishga sabab bo‘ladigan turli xil ishlab chiqarish korxonalaridan ajralib chiqayotgan karbonat angidrid (CO2) gazi va uchuvchan organik birikmalarning ekologik toza konversiyasi, umumiy qilib aytganda yashil energiya hali bizda rivojlanmagan soha hisoblanadi. Bu yo‘nalish esa tor soha doirasida amalga oshadigan ishlardan emas. 

Deylik, o‘zida ko‘mir, neft va tabiiy gaz kabi yoqilg‘ini yoqish jarayonini qamrab olgan yoki bo‘lmasa sement ishlab chiqaradigan korxona ochdik. Bunday turdagi ishlab chiqarish jarayonidan bilamizki, bu yerdan ko‘pgina zaharli gazlar ajralib chiqadi. «Yashil kimyo»ning vazifasi ana shu gazlarni foydali mahsulotga aylantirish hisoblanadi, masalan, karbonat angidrid metanol yoki boshqa turdagi suyuq gazga aylantirilib, kerakli sohalarda ishlatiladi va tabiatga ham zarar yetkazilmaydi. Qarangki, zaharli gaz inson uchun zarur mahsulotga aylanishi mumkin, bu albatta, ilm orqali amalga oshadi.

Chiqindi tarkibi fundamental tadqiq qilinmaydi

Kundalik turmushimiz davomida turli xildagi mahsulotlarni ishlatamiz, yaroqsiz holga kelganda esa ularni chiqindi qutiga tashlaymiz. Biz o‘zimiz tashlab yuborgan o‘sha chiqindi tarkibini, undan yana qanday maqsadlarda foydalanish mumkinligini bilamizmi? Aksariyat javob: yo‘q. Balki, uning ichida qanchalab kerakli mahsulotlar bordir. Bizda aynan mana shu narsa — tashlab yuborilayotgan chiqindi tarkibi va xossasi chuqur o‘rganilmaydi, fundamental tadqiq qilinmaydi.

Agar biz uning tarkibini va xossasini chuqur bilib, qanday foyda olishimiz mumkinligini bilganimizda undan samarali foydalangan bo‘lardik. Chiqindini qayta ishlash sohasi rivojlanmagani sababi ham shunda ko‘rinadi. Biz chiqindini yoqib yuborish yoki ko‘mish yo‘llari bilan yo‘qota olmaymiz, yonganda chiqindi tarkibidan qanaqa moddalar ajralishini yoki bo‘lmasa ko‘mganda tuproqqa qanday zarar keltirishini bilmaymiz-ku. 

Chiqindi tarkibini o‘rganish uchun o‘sha narsani ushlab ko‘rish, chiqindi poligonida oylab vaqt o‘tkazish kerak. Men Malayziyada o‘qiganimda mana shu ish bilan shug‘ullandim, hatto yangi yil bayram kuni ham chiqindi yig‘ish uchun poligonga borgan edim. Bugun esa O‘zbekistonda shogirdlarim bilan shunday tadqiqotlarni amalga oshiryapmiz.

Analiz kuzatuvlari poligonning qaysi burchagidagi chiqindi qanday bosim ostida, qanday namlikda turgani va boshqa fundamental parametrlarni ko‘rsatib beradi. Bu nima uchun kerak? Yuqorida aytdimki, ana shu chiqindi tarkibi va xossasi chuqur o‘rganilgandan so‘nggina ularni qay yo‘l bilan, qaysi tipdagi qayta ishlashga yo‘naltirish kerakligi anglashiladi.

Men shu sohada ozgina kuzatuvlar olib borayotgan mutaxassis sifatida ayta olaman, bu borada hech qanday fundamental tadqiqot qilinmagan. Shogirdim bilan birgalikda yurtimizda olingan natijalarimizni taqqoslab ko‘rish uchun manba qidirganimizda, afsuski, hech narsa topa olmadik. Yurtimizda olib borilgan na biror tadqiqot, na biror loyiha yoki saviyali ilmiy maqolaga ko‘zim tushdi. 

Shuningdek, chiqindiga munosabatni avvalo o‘zimizdan, uyimizdan boshlashimiz lozim. Uy sharoitida chiqindini saralab, oziq-ovqat chiqindilarini alohida, shisha metallarni alohida idishlarga solib chiqindi konteynerlariga olib borilsa, keyingi konvertatsiya jarayoniga juda katta hissa qo‘shilgan bo‘ladi. 

Kelajakdagi maqsad

Gapim so‘ngida aytmoqchimanki mendan ko‘p so‘rashadiki, «Biror bir maqsad qoldimi sizda» deb, mening javobim aniq: yurtimizda ilm-fan sifatini ko‘tarish, o‘zim tug‘ilib o‘sgan vatanda xalqaro darajada raqobatlasha oladigan ilmiy maktabni yaratish va natijada O‘zbekiston ilm-fanini jahonga tanitish va yuksaltirish. Hozir ilm-fan deganimizda ko‘plab rivojlangan davlatlarni eslab o‘tamiz, maqsadim ilm-fan deganda butunjahon jamiyati, albatta O‘zbekiston nomini tilga olishidir. 

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Mavzuga oid