O‘zbekiston | 12:25 / 24.03.2021
5048
2 daqiqa o‘qiladi

Nargiza Parpiyeva: «Avvallari sil 3 oyda aniqlangan, hozir buning uchun 70 daqiqa kifoya»

"24 mart - Xalqaro silga qarshi kurashish kuni" munosabati bilan “Tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlik” mavzusida Xalqaro press klubning navbatdagi sessiyasi tashkil etildi. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, sessiyada sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi o‘rinbosari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari ishtirok etmoqda.

Respublika ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy markazi rahbari Nargiza Parpiyeva  bugungi kunda O‘zbekistonda sil kasalligiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumotlar berdi.

“Odamlarda sil kasalligi kambag‘allar kasalligi, degan yanglish tushuncha shakllanib qolgan. Bu mutlaqo noto‘g‘ri, juda badavlat odamlar ham bu kasallikka chalinyapti. Bugungi kunda sil diagnostikasi bo‘yicha juda keng imkoniyatlar bor. Oldin bemorda tuberkulyoz bor yoki yo‘qligini aniqlashga 3 oy vaqt sarflangan bo‘lsa, bugungi kunda bu jarayonga 70 daqiqa kifoya. 

Sohamizda e'tibor ham ortgan. Barcha xodimlarimiz maoshiga davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra 50 foiz ustama belgilangani tufayli jamoamizda yoshlar ko‘paydi, mutaxassislar orasida ftiziatriyaga qiziqish ortdi”, deya Nargiza Parpiyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq, cilni davolash uchun 23ta dori qo‘llanilishi, shundan 8tasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid