O‘zbekiston | 21:08 / 26.03.2021
49138
8 daqiqa o‘qiladi

Sovxoz rahbarligidan hokimlikkacha, ikki prezident davri va tanqidlar haqida - Shuhrat Abdurahmonov bilan katta intervyu

Yillar davomida o‘zbekistonlik amaldor, siyosatchilar nafaqat dunyo, balki o‘zbek jamiyati uchun ham yopiq kishilar edi. 

Matbuotda amaldorlar shaxsiyati, oilasi haqida ma'lumotlar deyarli uchramas, ularning jamiyat, siyosat borasidagi fikrlari esa faqat «qizil gaplar» bilan chegaralanardi.

Oxirgi vaqtlarda bu «muzlik davri» erib, o‘zbek amaldorlari va siyosatchilari matbuot uchun ochila boshladi. Jamiyatda asta-sekin amaldorlar va ularning shaxsiyati borasida fikrlar shakllanyapti.

Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovni matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda qattiqqo‘l, so‘kong‘ich, qahri qattiq, va jahldor bir inson sifatida ko‘proq tanishadi. Har holda uning viloyatdagi turli ichki yig‘ilishlar, selektorlarda aytgan keskin fikrlari, tanqidlarini odamlar yaxshi eslashadi.

Kun.uz viloyat hokimlari bilan intervyularini aynan Shuhrat Abdurahmonovdan boshladi.

Shuhrat Abdurahmonov hokimlikka kelishi, Shavkat Mirziyoyev va Islom Karimovning e'tiboriga tushishi haqida

— Agar har bir inson bugungi o‘zgaruvchan zamonga moslashmasa, o‘z ustida ishlamasa, intilmasa, o‘qimasa chetga chiqib qoladi.

Men sovet ittifoqi davrida ham, birinchi prezident davrida ham va hozir ham ishlayapman. Har uchala davrni bir-biri bilan solishtira olaman.

Zamonga, talabga moslashishga intilayotganim uchun ham uzoqroq ishlab kelayotgandirman.

Viloyat hokimligiga kelishimning asl sababchisi (buni siz va tomoshabinlar to‘g‘ri qabul qilishini so‘rayman) hozirgi prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hisoblanadi.

2004 yilda meni Paxtaobod tumanidagi ahvoli juda og‘ir sovxozga rais qilib yuborishdi. O‘sha paytda sovxozning paxta «plan»i 23 foiz edi.

Uning orqadaligi esa hudud Qirg‘iziston bilan chegarada joylashgani bo‘lgan. Ammo ikki davlat chegarasi hatto sim to‘siq bilan ham belgilanmagandi.

O‘sha paytda biz tomondan 10 so‘mlik chigitni u tomonga o‘tkazib, 100 so‘mga, 10 so‘mlik neftni u tomonga o‘tkazib, 100 so‘mga sotishardi. Paxtaning narxi ham shunday edi.

O‘sha yili kam uxlab bo‘lsa ham, chegarada tayoq ko‘tarib yurib, sovxozning paxta rejasini tumanda birinchi bo‘lib bajarganman.

Buni o‘sha paytdagi bosh vazirimiz Shavkat Mirziyoyev eshitgan ekan, e'tiboriga tushdim. O‘zi shaxsan meni chaqirib, qabul qilgan, suhbatlashib, qanday qilib bu natijaga erishganim haqida so‘ragan.

Ochig‘ini aytaman, boshida juda qo‘rqqanman. Hali juda yosh edim va ahvoli og‘ir joyda rahbarlik qilib, kadr sifatida sinib qolishim ham mumkin edi.

Shundan keyin bosh vazirimiz birinchi prezidentimizga men haqimda axborot bergan. Eplaydi bu deya, Paxtaobod tumaniga hokimlikka qo‘yishdi.

Andijonda jami 14ta tuman bo‘lsa, o‘sha paytlarda Paxtaobod tumani paxta, g‘alla rejasini bajarish bo‘yicha 13-o‘rinda yurardi. Berilib ishlab, harakat qilib, tumanni respublikada birinchi o‘ringa olib chiqqanman.

Paxtaobodda 6 yillik hokimlikdan keyin Andijon viloyati hokimiga qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosar bo‘lib o‘tdim.

Viloyat hokimi o‘rinbosari sifatida ham ikki yil ishladim.

2013 yil 1 aprelda esa meni viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi qilib tayinlash bo‘yicha Islom Karimovning farmoyishi chiqqan. Yaxshi eslayman, o‘sha kuni otam vafot etgandi.

Ikki prezident davrida ham viloyatga hokimlik qilib kelayotgan Shuhrat Abdurahmonov bu davrlar orasidagi farqni nimalarda ko‘radi?

— Avvalgi davrlarda bizdan so‘rov kam bo‘lardi. Ya'ni xalqni hayotdan rozi qilish degan gap yo‘q edi. Asosiy so‘rov paxta, g‘alla, pilla va yana 4-5ta ko‘rsatkich bo‘yicha bo‘lardi.

Hokimlarning ham qo‘l-oyog‘i bog‘langan, har bir qadamimiz nazoratda bo‘lardi. Ikkinchidan, hech qanday moliyaviy imkoniyatimiz yo‘q edi.

Hozir esa qishloq xo‘jaligi, sanoat, qurilish, ijtimoiy soha va umuman hamma soha to‘liq hokim nazoratida. Hokimlar hattoki harbiy, ma'muriy sektorni ham boshqaradi.

Avvallari viloyatda hokim ham ko‘p bo‘lgan. To‘g‘risi, hamma o‘ziga o‘zi hokim edi. Hozir xalqning oldida ham, prezidentning oldida ham bitta odam javob beradi.

Avvallari biror qishloqqa borsak va u yerda qaysidir muammo haqida gapirilsa, biz uni hal qilish uchun avval Moliya vazirligiga xat yozardik. Vazirlik esa pul ajratsa ajratardi, bo‘lmasa yo‘q.

Shuning uchun bizga mahallalarga borishning qizig‘i ham yo‘q edi. Hozir yurgan yo‘limizda muammolarni hal qilish bilan ishlayapmiz.

25 yil to‘planib qolgan muammolarni 2-3 yilda hal qilish oson emas.

Hokim kadrlar rotatsiyasi haqida

— Agar rahbar bitta vazifada ishlab kelayotgan va o‘sha vazifada xalq, rahbariyat ishonchini qozonayotgan bo‘lsa, uni chegaralamaslik kerak.

Shuhrat Abdurahmonov uchun sadoqatli va zamonaviy rahbar kim?

— Bunday kadrlar berilgan topshiriqni, qo‘yilgan vazifani sog‘lig‘ini, vaqtini ayamasdan bajaradi, nomiga qilmaydi.

Shunday rahbarlar ham borki, vaqtini soatma-soat hisoblaydi, qo‘l uchida ishlaydi.

Tanqidlar hokimning ish faoliyati va dunyoqarashiga qanchalik ta'sir o‘tkazadi?

— Tanqid – kelajak mevasi. Bugun hech qaysi rahbar qilayotgan ishidan qoniqmasligi kerak.

Faoliyatim bo‘yicha to‘g‘ri bildiriladigan tanqidlarni 200 foiz to‘g‘ri qabul qilaman.

Shuhrat Abdurahmonov murojaatchi ayollarning «esini kiritib qo‘ygani», keskin savol bergan jurnalistlarni jazolashi va Toshkentdan  kelgan muxbir ham unga keskin savol berolmasligi bo‘yicha aytgan fikrlari haqida

— Yuqorida aytdim, men 3ta davrda ishlagan odamman. Odam birpasda u yoqqa yoki bu yoqqa o‘zgarib ketishi uchun u xameleon bo‘lishi kerak. Biz o‘z vaqtida qattiqqo‘llik bilan ishlanadigan zamonlarni ham ko‘rdik. Hozir esa zamon bunday ishlashni ko‘tarmayapti.

Yaqin davrlarda chiqayotgan audiolarni esa kimlardir bir so‘zni ikkinchisiga qo‘shib, montaj qilib chiqayotgani bor narsa.

Hamma joyda qonun bor. Men bugun murojaatchini falonchiga qama desam, uni qamab yuboravermaydi. Qonuniy chorasini ko‘ringlar, degan bo‘lishimiz mumkin. Lekin shu so‘zlarga boshqalarini qo‘shib montaj qilingani bor gap.

Bu hujjatlar menda ham turibdi.

Bitta gap bilan bir kishining hamma ishini yo‘qqa chiqarish kerak emas. Men jurnalist va blogerlarga har doim ochiqman. Ular to‘g‘ri savol bilan murojaat qilsa, men ham javob berishga tayyorman.

Rahbarning kimligini xalqdan so‘rash kerak.

Intervyuning davomini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi: Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid