O‘smirlar tarbiyasi: Bolani boshqarish usullari, xatolar va xulosalar
Psixolog Rozaliya Gabdulhakova Kun.uz'ga bergan intervyusida o‘smirlar ruhiyati va ular bilan munosabatda ota-onalar duch keladigan muammolar haqidagi qator savollarga javob berdi.
Bola o‘smirligida mustaqil qaror qabul qilishni o‘rganmasa, katta hayotda ham uni kimdir boshqarishi kerak bo‘ladi
O‘smirlik yillari – ota-onalar uchun ham, bolalar uchun ham murakkab davr. Bu yoshda farzandlar o‘z fikrini eng to‘g‘ri deb hisoblashadi. Ota-onalar ham kichkintoy deb hisoblab yurgan bolasining endi o‘z fikrini, o‘z qarashlarini ayon qilishlarini qabul qilishlari qiyin bo‘ladi. Ayniqsa, faqat bolasining g‘amida yashaydigan onalarda bu jarayon qiyin kechadi. Bunda ular o‘zlarini xuddi endi bolasiga keraksiz bo‘lib qolganday his qilishlari mumkin.
Bolalar ham o‘zlarini aqlan katta bo‘lganday his qilishsa-da, moddiy va jismoniy jihatdan ota-onaga tobe bo‘lib qolaveradi. Barcha tushunmovchiliklar shundan kelib chiqadi.
O‘smir bolalar uchun o‘zidan boshqa hamma nohaq. Agar ota-onasi tomonidan uning fikri rad etilsa, bola bu fikrda yanayam qat'iylashadi. Bunday vaziyatda ota-onalar uning fikrini hurmat qilishlarini sezdirishlari va shuning barobarida o‘ylagan qarorlarining natijasi haqida maslahatlashishlari kerak bo‘ladi. Bunda bolaga savollar berish orqali uni o‘ylashga undab, to‘g‘ri qaror chiqarish imkoniyatini berish lozim.
Har bir ota-ona farzandini turli muammolardan himoya qilishni istaydi. Ammo o‘smir yoshda bola o‘qishi, maktabi, baholari bilan bog‘liq qarorlar qilishi va shu qarorlarining natijasiga javob berishni o‘rganadi. Shu joyda ularga erkinlik berilmasa, katta hayotda ham doimo ularni kimdir boshqarishi kerak bo‘ladi.
O‘smir noqobil do‘st tanlasa...
Bola do‘stga muhtoj. Bolani uyga qamash yoki kim bilandir do‘stlashishini taqiqlash unda yanada katta qarshilik uyg‘otadi. Farzandi noqobil do‘st tanlagan ota-ona unga shunday boshqa bir jamoani yoki do‘stni taklif qilishi mumkin.
Masalan, bolaning birga o‘ynaydigan do‘stlarini ota-onasi yoqtirmaydi. Uni o‘sha noqobil boladan ayirish uchun, farzandingiz u bilan vaqt o‘tkazadigan paytni mo‘ljallab boshqa bir davrani – sport to‘garagi, qo‘shimcha mashg‘ulot kabilarni taklif qilishi kerak. Bunda majburlash yaramaydi, tanlash imkoniyatini berish kerak – shunda bola o‘zi tanlov qilganday his qilishiga erishish mumkin.
Har doim tarbiyada xotirjam ish tutish kerak, shoshilmaslik kerak. Chunki bola hali o‘zini qidiryapti – unga o‘zligini topishiga imkon bergan ma'qul.
Agar maktabdagi do‘sti ota-onaga yoqmasa, darsdan keyin maktabda ko‘p ham ushlanib qolmasligiga erishish kerak. Ammo o‘smir yoshda bolaning maktabini o‘zgartirish yaxshi emas, o‘smirlar yangi muhitga moslashguncha juda qiynaladi.
Bolaga motivatsiya berish uchun...
Ota-ona hamma narsani muhayyo qilishi bolada hech narsaga intilmaslikni keltirib chiqaradi. Barcha muammolarini ota-onasi hal qilib berishi – kelajakda uning hayotini ham ular boshqarishiga zamin yaratadi. Oqibatda ular kelgusida boshqalarning xohishlari bilan yashashga o‘rganib qolib, qachondir afsuslanishadi.
Shuning uchun o‘smirlarda kelajak haqida o‘ylash, to‘g‘ri qaror qabul qilish uchun imkon va tushuncha berishda yordam ko‘rsatish kerak. «Sen kelajakda nima qilmoqchisan? Kim bo‘lmoqchisan?» kabi savollar bolani o‘ylashga majbur qiladi. Birdaniga javob bermasligi mumkin, ammo vaqt o‘tib bu haqda o‘ylab ko‘radi.
Ularga o‘zi yoqtirgan biror mashhur shaxslarni namuna qilib ko‘rsatish ham unga motivatsiya berishi mumkin. Aslida ota-ona bolaga hamma narsani yaratib bermasligi, u nimagadir intilishi, orzu qilishi uchun imkon qoldirishi kerak. Nimagadir o‘z mehnati bilan erishsa, u uchun qadrli bo‘ladi.
Jinoyatga moyil yoki xato qilgan bolalarni to‘g‘ri yo‘lga solish mumkin!
Yoshligida yetarlicha mehr ko‘rmagan bolalar o‘smirlikda jinoyat qilishga ko‘proq moyil bo‘lishadi. Ular buni xohlashmasa ham, o‘zlari sezmagan holda ota-onalari, atrofdagilar va umuman dunyo bilan o‘chakishib jinoyat qiladi.
Bunday holatlarda psixologlar bilan ishlash yordam berishi mumkin. Bunday vaziyatda ota-onalar bolaga ta'sir o‘tkazmoqchi bo‘lishlari to‘g‘ri bo‘lmaydi, chunki boladagi bu yaralar ularning xatosi tufayli yuzaga kelgan.
Bolangiz o‘qituvchisidan shikoyat qilganda...
Ota-ona farzandi oldida uning o‘qituvchisi haqida hurmat bilan gapirishi lozim. Bu bilan bolada ustoziga nisbatan hurmat paydo bo‘ladi. O‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida nizoli vaziyat kelib chiqqanda bolaning his-tuyg‘ularini ham eshitish, uni doim tushunishlarini anglatish yaxshi samara beradi.
So‘nggi paytlarda shunday vaziyat yuzaga kelganda borib o‘qituvchini urib kelayotgan ota-onalar ko‘paydi. Bunda ular yutqazadi, bu holat oqibatida sinfdoshlarida bolaga nisbatan salbiy munosabat paydo bo‘lishi, bola bundan keyin ham o‘z munosabatlarini shunday hal qilishga o‘rganishi mumkin. Bu bilan ular farzandiga juda yomon namuna ko‘rsatishadi.
Shunday tushunmovchilik holati sodir bo‘lganda o‘qituvchi bilan vazmin gaplashish va farzandining ruhiyati haqida tushuntirish, uning sinfdagi obro‘sini tiklash, o‘ziga ishonchini orttirish uchun maslahatlashish kerak bo‘ladi.
O‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabatni yaxshilash uchun bolani o‘sha o‘qituvchiga qo‘shimcha darslarga berish ham yaxshi natija berishi mumkin. Bu bilan bola yoqtirmagan odamlari bilan ham munosabat qurish mumkinligi, hamma narsaga imkon topish mumkinligini anglaydi.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi,
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov.
Mavzuga oid
21:06 / 16.12.2024
Ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar pandemiya darajasiga yetdi – tadqiqot
11:00 / 12.12.2024
“Odamlar to‘rtburchak, dumaloq va mehribon” – dunyoni boshqacha “ko‘radigan” bolalar
18:36 / 20.09.2024
Psixologik yordam ko‘rsatish faoliyatini tartibga soluvchi qonun ma’qullandi
07:33 / 24.07.2024