O‘zbekiston | 11:49 / 29.03.2021
10331
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda 1 kilogramm «opiy»ni ichiga yutib O‘zbekistonga kirmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Surxondaryo viloyatida joylashgan «Ayritom» chegara bojxona maskanida 1 kilogramm «opiy» giyohvand moddasini ichiga yutib O‘zbekistonga olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonga kirib kelayotgan qo‘shni davlat fuqarosi S.A. «Ayritom» chegara bojxona postida inson tanasini skanerlovchi – «Body scan» qurilmasi orqali tekshiruvdan o‘tkazilgan. Uskuna uning ichki a'zolarida noma'lum jismlar borligini ko‘rsatgan.

Shundan so‘ng S.A. Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Surxondaryo viloyat filialiga olib borilgan. Tibbiy muolajalardan so‘ng qo‘shni davlat fuqarosining ichidan 46 dona silindrsimon yelim xaltacha chiqarib olingan.

Aniqlanishicha, yelim xaltachalarga jami 1 kilogramm «opiy» giyohvand moddasi joylashtirilgan. S.A. o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, 1 kilogramm «opiy»ni shu yo‘l bilan yashirincha O‘zbekistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan.

Avval ham «Ayritom» chegara bojxona posti orqali 12 kilogramm suyuq holdagi «opiy» giyohvand moddasini shampun idishlariga joylab O‘zbekistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan 4 nafar qo‘shni davlat fuqarosi ushlangan edi.

Mavzuga oid