O‘zbekiston | 17:30 / 30.03.2021
21561
6 daqiqa o‘qiladi

Chegara, kontrabanda va blokpost – Nanay hududida nimalar o‘zgarishi kerak?

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegara hududda joylashgan. Tumanning qo‘shni davlat bilan chegarasi 84 kilometrni tashkil etib, undan 56 kilometri Nanay qishlog‘i atrofiga to‘g‘ri keladi. Chegaralarning katta qismi sim to‘siqlar bilan o‘ralmagani, ko‘plab aholi xonadonlari chegara hududga to‘g‘ri kelishi oqibatida muammolar yuzaga kelgan.

Blokpost

Chegara hududi mahallalariga olib boruvchi yo‘lda «Qizilyozi» blokposti o‘rnatilgan. Bu maqola tayyorlanishiga ham shu blokpost asosiy sabab bo‘ldi.

2018 yilgacha pasport rejimi amal qilib, Nanay hududida joylashgan mahallalarga o‘tib-qaytuvchi fuqarolarning pasportlari postda bittalab tekshirilgan.

2018 yili prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi natijasida blokpost tugatilgan edi.

2020 yil koronavirus pandemiyasi davrida blokpost karantin posti sifatida o‘z faoliyatini tikladi va karantin choralari yumshatilib, qolgan blokpostlar olib tashlangandan keyin ham bu maskan o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Kun.uz ushbu post nima sababdan hozirgacha tugatilmagani bilan qiziqdi.

Postda faoliyat olib borayotgan harbiylar bu masalada ma'lumot bera olmasliklari, bu bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on harbiy qismidan to‘liq ma'lumot olish mumkinligini aytishdi.

Postdan o‘tayotgan haydovchilar ushbu blokpost bo‘yicha fikrlarini aytishdi. Ulardan biri postning haydovchilarga zarari tegmasligini, boshqa biri bu post kerakligini, yana biri esa post ayrim noqulayliklar keltirib chiqarishini aytib o‘tdi.

Postdan o‘tib qaytuvchilar bir davlat fuqarosi bo‘lsa, nima sababdan nazorat kuchaytirilishi kerak?

O‘zini chegara qo‘shinlari vakili sifatida tanishtirgan harbiyning so‘zlariga ko‘ra, chegaralar to‘liq belgilanmagani sababli shu yerga blokpost qo‘yilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har kuni ko‘plab kontrabanda mahsulotlari shu yerda to‘xtatib qolinadi. Chegarachining aytishicha, hududning katta qismida chegara to‘siqlari yo‘qligi va sim bilan o‘ralmagani sababli kontrabanda holatlari har kuni kuzatiladi.

Chegara

Chindan ham Yangiqo‘rg‘onning katta qismi chegara sim bilan o‘ralmagan va hatto bitta ko‘chaning bir tomonida O‘zbekiston fuqarolari, bir tomonida Qirg‘iziston fuqarolari istiqomat qiladigan hudud ham mavjud. Hatto aholi istiqomat qilmaydigan chegara hududlarida ham chegara to‘siqlari o‘rnatilmagan. Bu esa o‘z-o‘zidan kontrabandaga keng yo‘l ochadi.

Mamay mahallasining chegara ko‘chasi aholisi bilan suhbatlashganimizda ular chegaralar tezroq aniq bo‘lishidan, chegara to‘siqlari o‘rnatilishidan manfaatdor ekanini aytib o‘tishdi.

«Ko‘chamizga bir kunda 10 marta kirib chiqsak, 10 marta mashinamizni tekshirishadi. Chegaradan ko‘chirishlarini bilganimiz uchun, uyimizni ta'mirlashga ham o‘ylanib qolganmiz. Tezroq hal bo‘lsa yaxshi bo‘lardi», – deydi mahallada yashovchilardan biri.

Biz ko‘rgan chegara ko‘chada har 100 metrda bir harbiy turadi. Aslida harbiylar aholi xavfsizligini ta'minlash, chegara buzish holatlarining oldini olish uchun qo‘yilgan bo‘lsa-da, aholiga noqulayliklar tug‘diradi.

Tasavvur qiling, uyingizdan erta tongda ko‘chaga chiqsangiz, hovli oldida qurol ko‘targan askar tursa, buning ustiga, ko‘changizga har kirib chiqishingizda mashinangiz tekshirilsa.

Kontrabanda

56 kilometr uzunlikdagi chegaraning katta qismi sim to‘siqlar bilan to‘silmagan, chegaraning u tarafiga bir qadam qo‘yib o‘tish imkoni bo‘lganidan keyin, tabiiyki, kontrabanda uchun sharoit hosil bo‘ladi.

2020 yil mobaynida aynan ushbu hudud orqali o‘tkazishga urinilgan 25 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklari to‘xtatib qolingan. Bu esa o‘z navbatida, chegara simlari o‘rnatilmagan hududda nazorat qilishning qandaydir chorasini ko‘rishga sabab bo‘lgan.

Nazorat o‘rnatish usuli sifatida Qirg‘iziston chegarasining O‘zbekiston hududiga ikki taraflama torayib kirgan qismidan o‘tgan va tuman markaziga olib chiquvchi yagona yo‘lga qo‘yilgan blokpost bo‘lmoqda.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev tegishli mutasaddilarga uch oyda chegara masalalarini hal qilish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

24-25 mart kunlari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Toshiyev ikki mamlakat delegatsiyalarining Toshkentdagi uchrashuvlarida o‘zaro chegaradagi barcha bahsli hududlar masalasi hal qilingani va qanday shartlar asosida kelishuvga erishilgani haqida ma'lumot berdi.

Kun.uz muxbiri Qirg‘iziston rasmiylari e'lon qilgan ushbu ma'lumotlar yuzasidan izoh olish uchun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik vakili Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari tomonidan e'lon qilingan ma'lumotlar ishchi guruh faoliyati davomida tuzilgan loyihalar ekani, yakuniy kelishuvlar ikki davlat bosh vazirlari tomonidan tasdiqlangach e'lon qilinishi haqida ma'lum qilgandi.

Balki, nanayliklarni qiynayotgan muammolar ham shu ishlar orasida hal etilar...

Mavzuga oid