O‘zbekistonning XXRdagi elchisi: 16 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Xitoy bozoriga olib kirishga ruxsatnoma olingan
Xitoy bilan loyihalarning sifatiga emas balki raqamlar ortidan quvish prinsipi asosida ishlab chiqilishi va istiqbolli rejalarning respublika vazirlik va idoralarida uzoq muddatli davrda ko‘rib chiqilishi ularni amalga oshirishda sun'iy to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.
«Yuksalish» umummilliy harakati majlislar zalida Senatning xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning AQSh va XXRdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlarining hisoboti tinglandi.
O‘zbekistonning XXRdagi favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Saidov so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida amalga oshirilgan iqtisodiy-siyosiy aloqalar va investitsiyaviy loyihalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Yo‘l xaritalariga istiqbolsiz va xom loyihalar kiritilgani, xitoylik investorlarning moliyaviy sharoiti yaxshi o‘rganilmagani va loyihalarni amalga oshirish uchun yetarli kapital yo‘qligi, loyihalar sifatiga emas, balki raqamlar ortidan quvish prinsipi asosida ishlab chiqilishi va istiqbolli rejalarning respublika vazirlik va idoralarida uzoq muddatli davrda ko‘rib chiqilishi ularni amalga oshirishda sun'iy to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda. Shuningdek, ba'zida Xitoy tomoni nomaqbul shartlarni ilgari surgan holatlar ham uchrab turibdi», deya Baxtiyor Saidovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Ta'kidlanishicha, 2019 yilda Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga 510 million dollar, 2020 yilda esa 730 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jalb qilingan. Xitoy O‘zbekistonga investitsiya kiritish bo‘yicha o‘tgan yilda birinchi o‘rinni egallab, jalb qilingan umumiy investitsiyada Xitoyning ulushi 26,2 foizni tashkil qilgan.
Baxtiyor Saidov ma'lum qilishicha, 2017 yilga qadar O‘zbekistonning birorta qishloq xo‘jaligi mahsulotini Xitoy bozoriga olib kirishga ruxsatnomasi bo‘lmagan. Oxirgi yillarda 16 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini XXR bozoriga olib kirishga ruxsatnoma olingan.
Shuningdek, kambag‘allikka qarshi kurashish va sog‘liqni saqlash sohasida parlamentlararo aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston uchun foydali bo‘lishi ta'kidlandi.
Ma'lumot uchun, oxirgi 3 yilda Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi sifatida qayd etib kelinmoqda. 2020 yilda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 6,43 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan. Shundan 1,93 milliard dollar eksport ulushiga, 4,5 milliard dollar import ulushiga to‘g‘ri kelgan. O‘rtadagi salbiy savdo saldosi – 2,57 milliard dollar.
Mavzuga oid
23:24 / 23.12.2024
Xitoyda murakkab vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi
22:10 / 23.12.2024
AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi
11:25 / 23.12.2024
Xitoyda 2024 yilning eng yaxshi avtomobillari e’lon qilindi
21:44 / 22.12.2024