O‘zbekiston | 19:55 / 01.04.2021
4716
3 daqiqa o‘qiladi

Senat: Xitoy bilan hamkorlikdagi 7ta loyiha amalga oshirilishida muammolar borligi aniqlandi

XXR bilan investitsiya va savdo aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan yo‘l xaritasida ko‘zda tutilgan qiymati 871 million dollarlik 7ta loyiha amalga oshirilishida muammolar borligi aniqlangan. Shuningdek, Samarqand viloyatida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan 177,6 million dollarlik 7ta loyiha istiqbolsiz deb topilgan.

Senatning xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov Xitoy bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan investitsiyaviy loyihalar va bu jarayonda yuzaga kelayotgan ba'zi bir muammolar haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Eksport va investitsiya masalalarini rivojlantirish bo‘yicha hukumat komissiyasining 2020 yil 21 dekabrdagi bayoni bilan XXR bilan investitsiya va savdo aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha umumiy yo‘l xaritasi tasdiqlangan. Mazkur hujjat qiymati 15,5 milliard dollarga teng bo‘lgan 139ta loyihani o‘z ichiga olgan. Hozirgi kunga qadar 11,8 million dollarlik 11ta loyiha amalga oshirilgan», — dedi Ravshanbek Alimov.

Shu bilan birga, yo‘l xaritasida ko‘zda tutilgan qiymati 871 million dollarlik 7ta loyiha amalga oshirilishida muammolar borligi aniqlangani aytib o‘tildi.

Xususan, xorijiy hamkorlarning moliyaviy holati yomonlashgani sababli Buxoro viloyatida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan qiymati 20 million dollarlik 2ta loyiha ijrosi to‘xtab qolgan va investorlar bilan olib borilayotgan kelishuvlar haligacha yakunlanmagan.

Bundan tashqari, 31 million dollarlik 2ta kelishuv moliyalashtirish manbalari va xorijiy hamkorlar yo‘qligi sababli o‘z vaqtida bajarilmagan.

Shuningdek, 820 million dollarlik 2ta kelishuv tender savdolari o‘tkazilmagani sababli o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.

Sirdaryo viloyatida bajarilishi ko‘zda tutilgan bitta loyiha istiqbolsiz deb topilib, to‘xtatilgan.

Samarqand viloyati hokimligi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi hududda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan 21ta loyiha taklif etgan bo‘lib, shundan 9tasi amalga oshirilgan, 177,6 million dollarlik 7ta loyiha istiqbolsiz deb topilgan.

Avvalroq 2019 yilda Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga 510 million dollar, 2020 yilda esa 730 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya jalb qilingani ma'lum qilingandi. Xitoy O‘zbekistonga investitsiya kiritish bo‘yicha o‘tgan yilda birinchi o‘rinni egallab, jalb qilingan umumiy investitsiyada Xitoyning ulushi 26,2 foizni tashkil qilgan.

Mavzuga oid