YeChL anonsi. Myunxenda finaldan oldingi final, Neymar va Mbappe Levandovskisiz «Bavariya»ga qarshi
Bugun Germaniya va Portugaliyada Chempionlar ligasining chorak finali doirasida yana ikki uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Toshkent vaqti bilan soat 00:00da «Bavariya» - «PSJ» hamda «Portu» - «Chelsi» bahslariga start beriladi.
«Bavariya» - «PSJ»
Chorak finalning eng katta to‘qnashuvi, albatta, Germaniya va Fransiya chempionlari o‘rtasidagi o‘yinlardir. «Real» va «Liverpul» muxlislari xafa bo‘lishmasin-u, bugungi kundagi Yevropa futbolidagi muvozanat aynan shu tomonda. Aynan shu ikki klub o‘tgan yilgi finalda to‘p surganining o‘ziyoq, har qanday faktni chetga chiqaradi. Avgust oyida bo‘lib o‘tgan finalda parijliklarning sobiq futbolchisi Komanning goli nemislarga g‘alaba keltirgandi.
Jamoalar o‘sha finaldan oldin ham YeChL doirasida ko‘p marta to‘qnash kelishgan. Sakkiz uchrashuv va ularning barchasi guruh bosqichiga to‘g‘ri kelgan. 1994/95 yilgi mavsumda har ikki o‘yinda parijliklarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 1997, 2000 va 2017 yillardagi olti uchrashuvning barchasida mezbon jamoalar g‘olib chiqishgan. Bu jamoalar o‘sha guruhlarda har safar birinchi va ikkinchi o‘rinlarni band etishgan. Faqat 1997/98 yilgi mavsumda guruhdan faqat bir jamoa keyingi bosqichga chiqqani uchun «PSJ» guruhda qolib ketgan. Demak, hali biror marta «PSJ» «Bavariya»ni kurashdan chiqarib yuborib, sovrinsiz qoldirmagan ekan.
Robersiz «Bavariya» qanday o‘ynaydi?
«Bavariya» Robert Levandovskisiz qanday «Bavariya» bo‘lishini tasavvur qilish mushkul. Hujumchi jamoa uchun eng muvaffaqiyatli hisoblangan oxirgi ikki mavsumda 94 foiz o‘yinlarda maydonga tushgan. Eng katta o‘yinlarda ham, qiyinchilik tug‘dirgan oddiy bahslarda ham Robert katta sahnaga chiqqan. Uning jamoadagi o‘rni qat'iy ekanidan «Bavariya» o‘rinbosar hujumchi topishni ham o‘ylamagan yoki o‘ylagan taqdirda ham, saviyali hujumchi faqatgina zaxira varianti bo‘lishga rozi bo‘lmagandir. Ayniqsa, ushbu mavsumda Levandovskining Myuller bilan juftligi «Bavariya» gollarining asosiy qismida ishtirok etishgan. Endi tasavvur qiling, mana shu futbolchi «PSJ»ga qarshi bahslarda maydonga tusha olmaydi. Bu go‘yoki Messisiz «Barselona»dek gap, hatto Neymar yoki Mbappe Parijda bu qadar ahamiyatli emas. Albatta, bu juftlikning asosiy savoli – «Bavariya» Levandovski o‘rnini qanday to‘ldiradi?
«Leypsig»ga qarshi o‘yinda hujumda Shupo-Moting harakat qildi. Ammo myunxenliklar «Leypsig» ustidan g‘alaba qozongan bo‘lishsa-da, u qadar ishonchli ko‘rinishmadi.
Parijliklarning yo‘qotishlari kichikroq, lekin Pochettino ham darhol ishlaydigan, samarali tizim topishga majbur. Koronavirus yuqtirib olgani tufayli Parij klubi taktikasida juda muhim figura bo‘lgan Marko Veratti o‘ynay olmaydi. Pochettino murabbiy sifatida qo‘l urgan eng muhim qaror – 4-2-3-1 sxemasiga o‘tish va Verattiga ancha erkin va muhim bo‘lgan «o‘nlik» pozitsiyasini topshirish bo‘lgandi.
Demak, uchrashuv arafasida har ikki raqib ham nafaqat muhim ijrochilardan mahrum bo‘lishdi, balki, taktik jihatdan odatiy kartinani saqlab qolish imkoni ham yo‘q. Ya'ni har ikki murabbiy mavjud uslubdan chetga chiqishi va yangi g‘oyalarni muhim pallada futbolchilarga yetkazib bera olishi kerak bo‘ladi. Bu sharoitda o‘yin o‘tgan yilgi finaldan ancha farqli tarzda, biroz tartibsiz, xatolar bilan o‘tishi mumkin. Bu holda esa, tabiiyki, individual yulduzlar katta sahnaga chiqishadi. Har ikki tomonda ham unday futbolchilar yetarli.
O‘yin oldidan
Xans Diter Flik: «Bu safar boshqa o‘yin. «PSJ»da yangi murabbiy, lekin umuman olganda, o‘tgan yilgi finalga nisbatan o‘zgarishlar katta emas. Biz to‘pni nazorat qilishda juda yaxshi o‘ynashimiz, to‘p yo‘qotilganda tezda bosim uyushtirishimiz talab etiladi. Parijliklarning himoyasi juda mustahkam, hujumda esa, ajoyib yulduzlar to‘p suradi. Demak, darhol pressingga kirishmasak, raqibda to‘pni ochiq zonalarga yetkazish imkoniyati tug‘iladi. O‘tgan yilgi finalda Noyyer ajoyib o‘yin ko‘rsatgandi. Parijliklar buni eslashadimi, yo‘qmi, bilmayman, ammo tarkibimizda jahon miqyosdagi yulduz borligi bizga kichik ustunlik taqdim etadi».
Maurisio Pochettino: «Pley-off formatida hech qaysi jamoani hisobdan chiqarib bo‘lmaydi. Biz Yevropa va jahon chempionlariga qarshi o‘ynashimizni bilamiz, lekin bu yerga g‘alaba uchun keldik. Biz yetarli muvozanatni topib olishimiz, haddan tashqari hayajonlanmasdan, ehtiyotkorlik bilan yondashishimiz talab etiladi. Ko‘pchilik Neymar va Mbappeni gapirishadi, ammo asosiy tarkibda o‘n bir futbolchi to‘p suradi, ularning har biriga ishonchim yuqori. Jamoa o‘tgan yilgi finalda «Bavariya»ga yutqazgan. Gap qasos haqida emas, lekin «Bavariya»dek jamoani mag‘lubiyatga uchratishga harakat qilish, rostan ham katta chaqiriq».
Taxminiy tarkiblar
Yuqorida aytilganidek, ikkala jamoada ham muhim figuralar safda emas, shunga asosiy tarkibni taxmin qilish birmuncha qiyinlashadi. Shupo-Motingni ilk daqiqalarda kutayotganlar bor, ammo u oxirgi o‘yinda murabbiyni qay darajada qoniqtirdi, aytish mushkul. «Leypsig»ga qarshi o‘yinda Gnabri ehtimol aynan shu o‘yin uchun zaxirada qoldirilgandi va balkim oldingi chiziqdagi Koman, Sane va Shupo-Motingdan birining o‘rnini egallashi kerak edi. Ammo u ham koronavirus yuqtirib oldi. Karantin muddati kamida o‘n kunligini e'tiborga olsak, futbolchi har ikki o‘yinda ham sheriklariga yordam bera olmaydi.
Mehmonlar safida Verattidan tashqari, Kurzava va qo‘shimcha variant sifatida Ikardining o‘rni juda kerak bo‘lardi. Leandro Paredes esa, «Barselona»ga qarshi nimchorak final o‘yinida hakam tomonidan ogohlantirilgan va diskvalifikatsiya tufayli dastlabki bahsda maydonga tushmaydi.
Bavariya: Noyyer, Pavar, Zyule, Alaba, Deyvis, Kimmih, Goretska, Sane, Myuller, Koman, Shupo-Moting;
PSJ: Navas, Kerer, Markinos, Kimpembe, Diallo, Geyye, Errera, Di Mariya, Neymar, Mbappe, Kin.
«Portu» - «Chelsi»
2004 yilda Joze Mourino «Portu» bilan Chempionlar Ligasini yutgach, Abramovich uni «Chelsi»ga taklif qilgandi. Shu bilan bu ikki jamoa o‘rtasida umumiyliklar ko‘paydi, Joze bir qator shogirdlarini Londonga olib keldi ham. Ushbu to‘qnashuv chorak final juftliklari orasida ancha kamtar ko‘rinsa-da, intriga va qiziqarlilik borasida aynan chorak final havosini bera olishiga ishonchingiz komil bo‘laversin.
Tomonlar shu paytgacha YeChLda jami 8 marta to‘qnash kelishgan. Ammo asosan guruh bahslarida. Pley-off qur'asi «Chelsi» va «Portu»ni faqat bir marta, 2006/07 yilgi mavsumda ro‘baru qilgan. O‘shanda Portugaliyadagi o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgan, javob o‘yinida esa mehmonlar hisobni ochishgan ham edi, ammo ikkinchi bo‘limda Robben va Ballakning gollari inglizlarni chorak finalga olib chiqqan.
Londondagi barcha 4 o‘yinda «Chelsi» g‘alaba qozona olgan. Ammo Portugaliyada, aytish mumkinki, doim shiddatli kurash kechgan. Ikki marta mezbonlarning g‘alabasi, yuqorida tilga olingan durang va faqat bir marta «Chelsi» safardan g‘alaba bilan qaytgan. Umuman, bu o‘yinlarning birortasida ham yirik hisob qayd etilmagani, 8 o‘yinning 5tasida g‘olib faqat minimal hisobda g‘olib bo‘lgani bugungi o‘yin ham ancha shiddatli o‘tishiga umid beradi.
«Chelsi» uchun tanish, lekin qiyin masala
«Portu» uslub jihatidan Simeonening «Atletiko»siga o‘xshab ketadigan, juda zich futbol ko‘rsatadigan jamoa. Deyarli bo‘sh hudud qoldirishmaydi. Bunday jamoalarga qarshi sabr bilan o‘ynash talab etiladi», – degandi «Yuventus» bosh murabbiyi Andrea Pirlo portugaliyaliklarga qarshi ilk o‘yindan so‘ng.
Turindagi javob o‘yinida «Portu» 6 himoyachi bilan to‘p surganida, bu o‘xshashlik yanada aniq namoyon bo‘lgandi. «Atletiko» ham «Chelsi»ga qarshi ilk o‘yinda shunga o‘xshash sxemada o‘ynagan. Umuman olganda, bu ikki jamoaning umumiy jihatlari ko‘p. Buni hatto o‘z vaqtida «Portu»dan «Atletiko» ga o‘tgan Ektor Errera ham aytib o‘tgandi. Serjiu Konseysau ham futbolchilarga intizomni birinchi planga qo‘yadi, o‘yin tashkil qilishda asosiy e'tiborni himoya va to‘psiz harakatlanishga qaratadi. «Atletiko»dan farqli ravishda, «Portu»ning, ayniqsa, YeChL chorak finalida bunga haqqi borligini ham tan olish lozim. Guruh bosqichida o‘ta himoyaviy o‘yindan Pep Gvardiola noliganda, Serjiu o‘ta keskin javob bergan – «menda ham Gvardiolaning budjeti bo‘lib, «Portu»ni yuta olmaganimda, balki men ham qattiq xafa bo‘lardim va shunaqa gaplarni aytishim mumkin edi».
Avvalgi bosqichda «Atletiko»ni chiqarib yuborgan «Chelsi» uchun balki «Portu» qulay raqibdir, ammo hammasi aslida teskari bo‘lishi mumkin. Birinchidan, «Portu»da bosim kamroq va yuqorida aytilganidek, YeChLning eng kamtar klubi bo‘lgan jamoaga ortiqcha talab ham bo‘lmaydi. Portugaliyaliklar bemalol butun jamoa bo‘lib himoyalanishlari mumkin, bu borada «Manchester Siti» va «Yuventus»ga qarshi samarali o‘ynay olishdi ham.
Ikkinchidan, «Portu» endi «Chelsi»ning ojiz nuqtalarini bilgan holda maydonga tushadi, axir katta ehtimol, Serjiu bir paytlar «Latsio»da birga to‘p surgan do‘sti Diyegodan kerakli maslahatlarni ham olgandir. Aslida ko‘p maslahat ham lozim emas. Avvalgi bosqichda yangi murabbiy qo‘l ostida biroz sirli ko‘ringan «Chelsi»ning asosiy ustunliklari va kamchiliklari so‘nggi oylarda ko‘rinib ham bo‘ldi. Ayniqsa, Angliyadagi so‘nggi turda yanada kamtarroq «Vest Bromvich» qarshi hujumda «Chelsi»ni qanday jazolash mumkinligi borasida master-klass ko‘rsatdi.
2:5 hisobi londonliklarga shu qadar ta'sir qildiki, aytishlaricha, o‘yindan keyin Aspilikueta va Jyeyms o‘rtasida janjal ham kelib chiqqan. «Chelsi»ga kelganidan so‘ng, ilk marta mag‘lubiyatga uchragan Tuxel nafaqat o‘zini, balki shogirdlarini ham tinchlantirishi, yangi o‘yinlarga ruhan tayyorlashi talab etiladi.
O‘yin oldidan
Serjiu Konseysau: «Muxlislar bizni bor kuch bilan qo‘llab-quvvatlab turganliklarini his qilyapman. Serjiu Oliveyraning yo‘qligi bizga muammo tug‘diradi, lekin ishonamanki, yechimini topamiz. Tushunaman, bizni juda murakkab vazifa kutib turibdi. O‘yin uchun bir necha reja ham tuzib chiqdik. Albatta, hayotda ham, futbolda ham imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. «Chelsi» oxirgi o‘yinni yutqazib qo‘ydi. Bunday holat raqibimizni biroz o‘ziga keltirgan va kuchliroq qilgan bo‘lishi mumkin».
Tomas Tuxel: «Bu – chorak final va to‘rt bo‘limdan iborat. Har bir pallada o‘z ustunliklarimizni to‘g‘ri his qilishimiz va bor e'tiborni qaratishimiz kerak. Terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus va «Vest Bromvich»ga qarshi o‘yindan so‘ng, yana o‘z o‘yinimizga qaytishimiz shart. «Portu»ni yenga olishimizga ishonaman, lekin bu oson bo‘lmasligi ham shubhasiz. Portugaliyaning ko‘p karra chempioni, ancha tajribali jamoa. Bu ularga o‘ziga yarasha g‘oliblik mentalitetini ham beradi. Ammo biz ham yetarlicha kuchga egamiz va o‘ylaymanki, hamma ushbu muhim o‘yinga tayyor».
Tarkiblar
Tuxelning so‘nggi turda autsayder bilan o‘ynagani rotatsiya imkonini berdi va qaysidir ma'noda o‘sha tarkibga qarab turib, «Portu»ga qarshi o‘ynaydiganlarni topish mumkin. Masalan, Haverts va Maunt dam olishdi (Meyson Maunt ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shildi), katta ehtimol bilan bugun ushbu o‘yinchilarni kutishimiz mumkin. Shuningdek, hujumda oxirgi o‘yinlarda ishonchni oqlamayotgan Verner o‘rniga Jiru tushishi kutilmoqda. Asosiy tarkib futbolchilaridan biri Kante esa jarohatini davolashda davom etayotgani tufayli jamoaga yordam bera olmaydi.
Yana bir asosiy savol, literallar rolida kimlar o‘ynashi. «Chelsi»da har ikki qanotda ham ikki nafardan nomzod bor va ulardan biri himoyaviy, ikkinchisi hujumkor xarakterga ega. Alonso va Hadson Odoi ko‘proq autsayderlarga qarshi to‘p surishsa, ehtiyotkor variantlarda Chiluell va Jyeymsga ishoniladi.
Tuxel birinchi o‘yinga qay tarzda yondashadi? O‘yinning safarda ekanidan kelib chiqib, ehtiyot bo‘ladimi yoki aksincha, ko‘proq gol urib, javob o‘yiniga qulayroq hisob haqida o‘ylaydimi? Albatta, har ikki qanotda ham birdek hujumkorlikni tanlamasa kerak.
Bundan tashqari, Ryudigerning mashg‘ulotlar chog‘ida Kepa bilan janjallashib ketgani va Tuxel tomonidan jazoga tortilgani haqida xabarlar chiqdi. Futbolchi keyin uzr ham so‘radi. Kurt Zumaning «Vest Bromvich» bilan juda yomon o‘yin ko‘rsatganini inobatga olsak, katta ehtimol bilan Ryudiger kechiriladi.
Mezbonlar tarkibida «Yuventus»ga qarshi o‘yin qahramoni Serjiu Oliveyraning yo‘qligi maydon markazida katta yo‘qotish bo‘lishini murabbiy ham aytib o‘tdi. Uning o‘rnini Gruich to‘ldirsa kerak. Shuningdek, Turindagi o‘yinda hisobni ochgan (u Portugaliyadagi birinchi o‘yinda ham gol urgandi) Torimiy ikkinchi bo‘limda ikki daqiqada ikki marta sariq kartochka olib, diskvalifikatsiyaga uchragani uchun bugun maydonga tusha olmaydi.
Taxminiy tarkiblar:
Portu: Marchesin, Manafa, Mbemba, Pepe, Sanusi, Uribe, Gruich, Korona, Otavio, Marega, Dias;
Chelsi: Mendi, Aspilikueta, Silva, Ryudiger, Alonso, Jyeyms, Jorjino, Kovachich, Maunt, Haverts, Jiru.
Mavzuga oid
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
10:10 / 11.12.2024
Mbappe gol urdi va jarohat oldi, ammo «Real» bir amalladi. YeChLda kun o‘yinlari
10:38 / 09.12.2024
Yevropada kambeklar kuni. «Chelsi» himoyachisi raqibga gollar sovg‘a qildi va butsasini tashlab yubordi
13:34 / 11.11.2024