Jahon | 22:32 / 08.04.2021
10288
2 daqiqa o‘qiladi

Taksichilari ko‘zi ojiz ayolga xizmat ko‘rsatishni istamagani uchun Uber kompaniyasi 1,1 mln dollar tovon to‘laydi

Uber haydovchilari ko‘zi ojiz ayolni manziliga eltib qo‘yishdan 14 marta bosh tortgani ma'lum bo‘ldi. Buning uchun endi kompaniya kaliforniyalik Liza Irvingga 1,1 mln dollar tovon to‘laydi.

Ayol kompaniyani 2018 yilda sudga bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 14 ta holatda taksi haydovchilari uni manziliga eltib qo‘yishdan bosh tortishgan. Haydovchilar ayolga yo‘lboshlovchilik qiladigan it mashinalariga chiqishini istashmagan. Ayrim haydovchilar mijozni haqorat qilgani aytilmoqda.

Uber vakillari sudda o‘zlarini oqlashga, barcha aybni taksichilarga to‘nkashga harakat qilgan. Ularning ta'kidlashicha, kompaniya haydovchilarining xatti-harakatlari uchun javobgar emas, chunki ular o‘zlarini o‘zlari ish bilan band qilishgan. Biroq bu kompaniyani katta jarimadan qutqarib qololmagan.

Amerika arbitraj assotsiatsiyasi haydovchilar doimiy asosda yoki yollanib yakka tartibda ishlashidan qat'i nazar «Nogironligi bor amerikaliklar to‘g‘risida»gi qonunga bo‘ysunishlari shartligini ta'kidlagan.

Ushbu qonunga binoan, transport xizmati ko‘rsatuvchisi ushbu xizmatlardan, shu jumladan yo‘lboshchi itlari bo‘lgan odamlardan teng va adolatli foydalanishni ta'minlashi shart. Shunga ko‘ra, sud kompaniyani haydovchilarga nogironlarning huquqlarini tushuntirmaganlik, ularga rioya qilinishini talab qilmaganlik va haydovchilar tomonidan mijozlar kamsitilishining oldini olmaganlikda aybdor deb topgan.

Uber kompaniyasi 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi San-Fransiskoda joylashgan.

Bugungi kunda kompaniya xizmatlaridan dunyoning 100 dan ortiq shaharlarida foydalanish mumkin. Korporatsiya talablariga mos kelgan, haydovchilik litsenziyasiga ega har qanday shaxs o‘z mashinasida yollanma tarzda xususiy taksi xizmatini ko‘rsatishi mumkin. Bunda Uber mijozlar va taksi haydovchilari o‘rtasida vositachilik qiladi va haydovchilardan har bir mijoz uchun xizmat haqining 20 foizi miqdorida komissiya oladi.

Mavzuga oid