Jahon | 22:02 / 09.04.2021
21239
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Merkelga Rossiya qo‘shinlari Ukraina «portlashi xavfi» sababli chegara yaqiniga joylashtirilganini aytdi

Kremlning fikricha, Ukraina «portlash xavfi bor mintaqa»ga aylanmoqda, shu bois Moskva «o‘z xavfsizligini ta'minlash» choralarini ko‘rmoqda.

Foto: REUTERS/Charles Platiau

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Germaniya kansleri Angela Merkel bilan suhbatda Rossiya qurolli kuchlarini o‘z hududida xohlagan joyiga ko‘chirishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lum qildi.

Kremlning fikricha, Ukraina «portlash xavfi bor mintaqa»ga aylanmoqda, shu bois Moskva «o‘z xavfsizligini ta'minlash» choralarini ko‘rmoqda.

«Prezident barchasi bo‘yicha tushuntirish berdi. Albatta, biz qurolli kuchlarimiz va har qanday bo‘linmalarni Rossiya hududi bo‘ylab istalgan joyga ko‘chirishimiz mumkin – bu birinchidan. Ikkinchidan — afsuski, Ukraina yana juda beqaror mintaqaga aylanmoqda»,— dedi Peskov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «portlash xavfi bor mintaqa» bilan chegaradosh har qanday mamlakat xavfsizlik choralarini ko‘radi.

Kreml Ukrainada «to‘laqonli  jangovar harakatlar qaytalanishi» ehtimoli bor, deb hisoblamoqda.

«Jangovar harakatlar boshlansa va u yerda Srebrenitsadagi kabi halokat yuz beradigan bo‘lsa... dunyoning hech bir mamlakati chetda qolmaydi»,— deb qo‘shib qo‘ydi Peskov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kreml Ukrainada fuqarolar urushi boshlanishidan xavfsiramoqda. 

Vladimir Putin 8 aprel kuni Angela Merkel bilan telefon orqali muloqotida Donbassdagi vaziyatni muhokama qildi.

Mavzuga oid