Iqtisodiyot | 13:00 / 09.04.2021
14790
14 daqiqa o‘qiladi

«Tabaqalashtirilgan QQS stavkalaridan foydalanish samarasiz chora» - moliya vaziri o‘rinbosari

Soliqdan tejash kamdan kam hollarda xaridorlarga o‘tadi, odatda u chakana savdogarlarda qoladi. Hattoki, naf iste'molchilarga o‘tgan taqdirda ham, pasaytirilgan stavkalar eng boy uy xo‘jaliklariga ko‘proq foyda keltiradi, dedi moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov.

Foto: KUN.UZ

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov qo‘shilgan qiymat solig‘ini tabaqalashtirish qanday natijalar berishi mumkinligi borasida o‘z fikrlarini bildirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga ma'lum qilgan. 

Qayd etilishicha, ayrim tarmoq vakillari pasaytirilgan QQS stavkalari joriy etishni yoki ayrim faoliyat turlarini soliqdan ozod qilishni taklif etadi. Ammo bu samarasiz chora.

Katta moddiy xarajatlar talab etmaydigan xizmatlar uchun pasaytirilgan stavkalarni belgilash yoki QQSdan ozod qilish takliflari haqida

Bunday takliflar nafaqat turizm, balki boshqa sohalar bo‘yicha ham mavjud. Ularning mualliflari QQS oxirgi iste'molchi tomonidan to‘lanadigan soliq ekanligini hisobga olmaydilar. Shu bois, ko‘p mamlakatlarda QQS stavkalarini pasaytirish tarafdori bo‘lgan siyosatchilar o‘z takliflarini ishlab chiqaruvchilar va savdo manfaatlari bilan emas, balki iste'molchilar manfaatlari bilan asoslaydilar.

Faraz qilaylik, muayyan tarmoq uchun, masalan, mehmonxona xizmatlari uchun QQS bo‘yicha imtiyozlar joriy etildi. Biznesning qaysidir qismi yutadi, qaysidir qismi yutqazadi.

Misol uchun, bugungi kunda davlat mehmonxona ochayotgan kompaniyalarga qurilish paytida ular tomonidan to‘langan QQSni to‘liq qoplab bermoqda. Agar siz mehmonxonaga 11,5 milliard so‘m investitsiya kiritgan bo‘lsangiz, shundan 1,5 milliard so‘mi qurilish materiallari, xizmatlar va boshqalar uchun to‘langan QQS bo‘lsa, u holda mehmonxona sizga haqiqatda 10 milliard so‘mga tushadi. Bir yarim milliardni sizga budjet qaytarib beradi. Buning yagona sharti mehmonxona QQS to‘lovchisi bo‘lishi kerak. To‘lovchi bo‘lmaganga soliq budjetdan qoplanmaydi, u amortizatsiyani oshirgan va foydani kamaytirgan holda mehmonxona qiymatiga kiritiladi.

Iste'molchi nuqtayi nazaridan hamma narsa ham ravshan emas. Biz o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘lgan birinchi narsa – bundan oxirgi iste'molchi yutadimi? Ikkinchisi – mazkur naf soliq ma'muriyatchiligida qo‘shimcha xarajatlarni qoplaydimi?

Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, QQS stavkasini kamaytirish, odatda, tovar va xizmatlarni mos ravishda arzonlashtirmaydi.

Masalan, O‘zbekistonda bundan bir yarim yil avval soliq stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilgan edi. Iste'molchilardan kimdir narxlarning 5 foizga haqiqatda tushganligini sezdimi? Tovarlar va xizmatlarning aksariyati bo‘yicha narxlar tushmagan. 2021 yil yanvaridan aksiz solig‘i bekor qilingan import tovarlari narxlari ham arzonlashmadi. Bu raqobat yo‘qligini yoki iste'molchi ushbu narxni to‘lashga tayyorligini va chakana savdo bu narxni pasaytirishni xohlamayotganligini bildiradi.

Faraz qilaylik, turistik xizmatlarni QQSdan ozod qildik. Ishonchim komilki, bu narxlarning 15 foiz pasayishiga olib kelmaydi.

Birinchidan, biz sayyohlik kompaniyalarining barcha kontragentlariga shunday imtiyozlar bera olmaymiz (avtomobil tashuvchilariga, umumiy ovqatlanish, elektr energiyasi, gaz yetkazib beruvchilar va boshqalar) hamda xizmatlar tannarxi oshadi. Ikkinchidan, mehmonxona xonalarining bozor narxi bor – 250 ming so‘mdan bir necha million so‘mgacha. Ularni esa hech kim tushirmaydi.

QQS stavkasini kamaytirishning samarali alternativ varianti mavjud – bu manzilli subsidiyalar orqali tarmoqni qo‘llab-quvvatlash. Shuning uchun davlat investorlarga yangi mehmonxonalarni qurish va jihozlash uchun subsidiyalar to‘laydi.

Demak, 100 xonali 4 yulduzli mehmonxona uchun investor 6,5 milliard so‘m miqdorida subsidiya oladi. Shunday qilib, davlat bozorda yangi mehmonxonalar paydo bo‘lishini rag‘batlantiradi, bu raqobat kuchayishi va rostdan ham narxlarni pasaytirishi kerak. Biznesni bunday manzilli qo‘llab-quvvatlash, iste'molchiga hech narsa bermaydigan QQSdan ozod qilish yoki pasaytirilgan stavkalarni joriy qilishdan ko‘ra ancha samaralidir.

Bundan tashqari, biznesda imtiyozli rejimlar joriy etish bilan soliq ma'murchiligida va alohida-alohida hisobni yuritishda qiyinchiliklar paydo bo‘ladi. Imtiyozli QQS stavkasi mavjud bo‘lganda soliq nizolarining yuqori ehtimoli mavjud.

Misol uchun, mehmonxona xizmatlari narxiga kiritilgan nonushta – bu ovqatlanish xizmatimi yoki yashash xizmatimi? Yagona stavkada hech qanday muammo yo‘q - barchasiga 15 foiz QQS solinadi. Agar biz mehmonxona xizmatlari uchun pasaytirilgan stavkalarni belgilasak, nonushta qiymatini qaysi stavka bo‘yicha soliqqa tortamiz – 5 foizmi yoki 15 foiz?

Bunday nizolar mehmonxona tomonidan ko‘rsatiladigan boshqa barcha xizmatlar – kir yuvish, fitnes, turistlarni tashish va boshqalar bo‘yicha yuzaga keladi.

Doimiy sud kelishmovchiliklari – tabaqalashtirilgan QQS stavkalari mavjud bo‘lgan mamlakatlar uchun oddiy hol. Yevropa sudining QQS bo‘yicha aksariyat sud jarayonlari muayyan tovar yoki xizmat qaysi stavka bo‘yicha soliqqa tortilishi bilan bog‘liq. Shunday holat Rossiya, Turkiya, Avstraliya va bir nechta QQS stavkalari mavjud bo‘lgan boshqa mamlakatlarda sodir bo‘lmoqda.

Masalan, ayrim mamlakatlarda bosma mahsulotlar QQSning pasaytirilgan stavkasida soliqqa tortiladi. Agar bosma mahsulotga flesh-xotirada elektron versiya bo‘lsa va uning narxi bosma nashrning narxidan yuqori bo‘lsa, qanday stavkani qo‘llashimiz kerak? Bunday aylanma bilan alohida hisobning yuritilishi doimo qiyinchilik va sud nizolariga sabab bo‘ladi.

Bunda, amaliyot ko‘rsatganidek, biznesga yordam berishning yana bir usuli – budjetga soliqni to‘lash muddatini oshirish. Tadbirkor xaridordan oladigan QQS – bu budjet pulidir. Siz soliqni keyingi oyning 20 sanasiga qadar to‘laganingizda, aslida xaridordan pul tushgan kundan boshlab QQS budjetga o‘tkazilgan sanagacha foizsiz kreditdan foydalanasiz. Agar soliqni chorakda bir marta to‘lanadigan qilgan holda ushbu muddat uzaytirilsa-chi? Foizsiz kreditdan foydalanish muddati 2-3 barobar oshadi.

O‘zbekistonda o‘tgan yil aynan shunday norma joriy etildi. 2020 yilning aprelidan tovarlar (xizmatlar)ni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshmaydigan QQS to‘lovchilari chorakda bir marta QQS to‘lashni boshladilar. Bu esa korxonalarning aylanma mablag‘larini ko‘paytirib, ularning kredit resurslariga bo‘lgan ehtiyojini kamaytirdi va bank kreditlarini to‘lash uchun 10 milliard so‘m mablag‘ni tejadi.

Pasaytirilgan QQS stavkalarini faqat ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlar uchun qo‘llash samara beradimi?

Keling, oddiy savol beraylik - nima uchun bu amalga oshiriladi va undan kutiladigan natija nima? QQSning pasaytirilgan stavkalari odatda past daromadga ega bo‘lgan iste'molchilarning manfaatlari, ya'ni ijtimoiy maqsadlar uchun deb izohlanib joriy etiladi. Bu ishlashi uchun soliq stavkasi pasaytirilishi iste'molchilarga narxlarni pasaytirish ko‘rinishida berilishi lozim.

Nazariy jihatdan, bozor to‘liq raqobatli bo‘lsa, bu, haqiqatda shunday bo‘lishi kerak. Biroq, bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda ham tovar va xizmatlar bozorlari to‘liq raqobatli emas va amalda QQSning pasaytirilgan stavkalari narxlarning yetarli darajada kamayishiga olib kelmaydi.

Buni birinchi va eng muhim tadqiqotlardan biri – «ko‘p mehnat talab qiladigan xizmat tajribasi» deb nomlangan tadqiqot ko‘rsatdi. 1999 yilda bir qancha Yevropa mamlakatlarida va bir qator tarmoqlarda (sartaroshlik va boshqa ko‘p mehnat talab qiladigan xizmatlar) o‘tkazilgan tadqiqotning maqsadi pasaytirilgan QQS stavkalarini joriy etishning narxlar pasayishiga ta'sirini tekshirish edi.

2003 yilda Yevropa komissiyasi hisoboti ko‘p mehnat talab etadigan xizmatlar narxlariga yangi pasaytirilgan stavkalarning ta'siri minimal ekanligini tasdiqladi. Pasaytirilgan QQS stavkalari yo narxlarga umuman ta'sir qilmagan, yoki faqat qisman – shunda ham, qisqa vaqt davomida, keyin ular yana ko‘tarila boshlagan.

Boshqa tadqiqotlar bilan ham tasdiqlangan xulosa bir xil. Iste'molchilar, odatda, QQS stavkalarini kamaytirishdan foyda ko‘rmaydilar. Bundan yutganlar asosan iste'molchilar to‘lashga tayyor bo‘lgan narxlarni tushirishni xohlamagan chakana sotuvchilar bo‘lgan.

Biroq, QQSni pasaytirishga reaksiyalar bir xil bo‘lmasligini hisobga olib, ayrim hollarda pasaytirilgan stavkalar haqiqatda narxlarni kamaytiradi, deb faraz qilaylik.

Faraz qilaylik, mehmonxona xizmatlariga QQSni bekor qildik va ular 10 foiz pasayadi deylik. Shunday qilib, kam ta'minlangan iste'molchilarga yordam berish maqsadiga erishamizmi?

Iqtisodchilar beradigan javob shubhasiz - yo‘q, biz bunga erishmaymiz. QQS stavkalarini pasaytirishda nafni birinchi navbatda, kam ta'minlangan oilalardan ko‘ra ko‘proq iste'mol qiladigan yuqori daromadli oilalar ko‘radi. Ya'ni million qiymatga ega xonalarda yashaydigan odamlar 250 ming so‘m qiymatga ega xonalarda yashayotganlardan ko‘ra ko‘proq foyda ko‘radi. Va buni sayohat va mehmonxona xizmatlaridan umuman foydalana olmaydigan shaxslar bilan solishtirib ham bo‘lmaydi.

Misol uchun, Gana davlatida o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, pasaytirilgan QQS stavkalaridan olingan foyda 10 foiz eng kambag‘al oilalarda 16 AQSh dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, 10 foiz yuqori daromadga ega oilalarda 190 dollarni tashkil etgan.

Shunday qilib, amaliyotda QQS stavkalarining pastroq narxlarga olib keladigan darajada pasaytirilishi, haqiqatda yuqori daromadli oilalarning iste'molini subsidiya qiladi.

Shu munosabat bilan, kam ta'minlangan oilalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy yordam ko‘rsatish amaliyoti samaraliroq va manzilli hisoblanadi. O‘ziga to‘q fuqarolar soliqlar, shu jumladan QQS orqali davlat budjeti daromadlarini shakllantirishga ancha katta hissa qo‘shadilar, bu ehtiyojmand oilalar foydasiga qayta taqsimlanadi.

Umuman, iste'molchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun tabaqalashtirilgan QQS stavkalaridan foydalanish samarasiz chora. Soliqdan tejash kamdan kam hollarda xaridorlarga o‘tadi, odatda u chakana savdogarlarda qoladi. Hattoki, naf iste'molchilarga o‘tgan taqdirda ham, pasaytirilgan stavkalar eng boy uy xo‘jaliklariga ko‘proq foyda keltiradi. Kam ta'minlangan oilalar budjet yo‘qotishlari tufayli potensial jamoat xizmatlari va ijtimoiy nafaqalarni yo‘qotgan holda, 10-15 marta kamroq yutadilar.

Ko‘pgina mamlakatlarda soliqqa tortish amaliyotiga qaramasdan, yagona stavkali QQS bir necha imtiyozli stavkalarga qaraganda samaraliroq bo‘ladi. Bir tomondan, yagona stavka ma'muriyatchiligi ham soliq organlari, ham soliq to‘lovchilar uchun ancha arzonga tushadi. Boshqa tomondan, barcha turdagi korxonalar teng raqobat sharoitida bo‘lib, daromadlari ustuvor ahamiyatga ega faoliyat turlariga va ijtimoiy ehtiyojmandlarga sezilarli yordam berishga imkon beradigan budjetni to‘ldirishda teng ishtirok etadi.

Nima uchun ko‘p mamlakatlar QQSning pasaytirilgan stavkalariga qarshi ishonchli dalillarga qaramay, uni qo‘llaydilar?

Xalqaro moliya institutlari ekspertlari odatda bu holatlarning bir necha sabablarini qayd etadilar.

Birinchidan, Yevropada pasaytirilgan stavkalardan 1967 yilda QQS joriy etilganidan beri foydalanilgan. O‘sha paytda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni hech kim bilmasdi. Muammolar o‘n yillar o‘tib ko‘rinib qoldi. Ammo imtiyozlarni kiritishdan ko‘ra ularni bekor qilish ancha qiyin.

Ikkinchidan, imtiyozli QQS stavkasi qo‘llanadigan tarmoqlarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar birlashmalari timsolida QQSning pasaytirilgan stavkalarining kuchli lobbisi bor.

Uchinchidan, rivojlangan mamlakatlarda ayrim tovar va xizmatlarni imtiyozli soliqqa tortishning yana bir ehtimoliy sababi - saylovchilarga QQS bazasiga kiritilgan barcha tovar va xizmatlarni bir xilda soliqqa tortish zarurligini tushuntira olmaslik yoki istamaslikdir.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda muhim tovarlar uchun imtiyozli stavkalardan foydalanishning sababi aholi ijtimoiy himoyasining mavjud mexanizmlari samaradorligiga hokimiyatning ishonchi yo‘qligidir. Ular ehtiyojmandlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yanada samarali usullarini qo‘llay olmaydilar.

Avvalroq, Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi raisi Dilshod Odilov mehmonxonalar qimmatligiga QQSni sabab qilib keltirgandi.

«Butun dunyoda xizmat sektorida, xususan, mehmonxona tarmog‘ida qo‘shimcha qiymat solig‘i mutlaqo yo‘q yoki juda ham katta farq bilan iqtisodiyotda o‘rnatilgan QQSdan past stavkada belgilangan. Masalan, turizmi yaxshi rivojlangan Turkiyada QQS 18 foiz qilib belgilangan, ammo mehmonxonalar uchun 8 foiz. Germaniya, Gretsiya, Fransiya – hammasida mehmonxonalar uchun QQS kamida 2 barobar past», degan mutaxassis Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Mavzuga oid