Chorva uchun yaylovlar yetishmasligi jiddiy muammoga aylanyapti. Sariosiyodagi tog‘ qishlog‘idan lavha
Kun.uz ijodiy jamoasi vakillari Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan va ko‘pchilikka mashhur Sangardak sharsharasi haqida reportaj tayyorlash uchun vohaga safar qildi.
Baland tog‘lar oralab sharshara joylashgan Sangardak qishlog‘iga ketar ekanmiz, eshak mingan 3 nafar yoshi ulug‘ insonni uchratdik.
Qiziqqonligimiz tutibmi yoki yoshi ulug‘ insonlar bilan suhbatlashish istagimi – mashinadan tushib, ular bilan hol-ahvol so‘rashdik.
Mezbonlar kimligimiz, qayerdan kelib, qayoqqa ketayotganimiz haqida surishtirgach, biroz tortinish bilan o‘zlari yashayotgan Xo‘jayi xubon qishlog‘i odamlarini qiynab kelayotgan muammo haqida gapirib qolishdi hamda bu muammoni olib chiqib, mutasaddilarga, shu soha mas'ullariga yetkazishimizni ham iltimos qilishdi.
«Bizning Xo‘jayi xubon qishlog‘imiz Sangardak sharsharasiga ketish yo‘lida joylashgan. Tog‘da zavod, fabrikalar yo‘q. Qishloq odamlari faqat chorvachilik bilan kun ko‘radi. Ammo oxirgi yillarda shu tirikchiligimizdan ham ayrilib qolish xavfi bilan yashayapmiz. Gap shundaki, tog‘larimizning yaylovlari bu yerlik bo‘lmagan fermerga berilgan. Fermer esa chorvalarimizni tog‘ yaylovlariga boqishimizga qo‘ymayapti.
Tirikchiligimiz shundan bo‘lsa, biz endi nima qilaylik?» – deydi suhbatdoshlarimizdan biri Jo‘ra Bobo.
Uning qo‘shimcha qilishicha, qishloq hududidagi tog‘ yerlarini hisobiga olgan fermer va qishloq odamlari o‘rtasida ziddiyatlar kuchayib bormoqda.
Jumladan, safarimiz kuni ham xo‘jayi xubonliklarning mol-qo‘yi o‘sha fermerning farzandlari tomonidan «go‘shtga topshiramiz» deya, haydab ketilgan ekan.
«Odamlarimizning boshi qotgan. Endi molimizni qayoqqa olib boramiz, deyishyapti.
Qishlog‘imizning bolalari ularni urmoqchi ham bo‘lishdi. Lekin men ularni to‘xtatib turibman. Biror yechimi topilib qolar», – deydi Jo‘ra bobo.
Biz tog‘liklarni qiynab kelayotgan ushbu muammo va mavjud ziddiyatli vaziyat bo‘yicha Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovdan izoh oldik.
«To‘g‘ri, qishloqda o‘sha joyning odamlari yashaydi, ularning tirikchiligi chorvadan. Agar bu odamlar ishli bo‘lmasa, biror joydan daromad kelib turmasa, nima qilishi kerak? Masalaning yechimi shundayki, o‘sha joylardan avvalo xonadonlar foydalanishi kerak.
Men bu murojaatni, albatta o‘rganib ko‘raman. Yechimini qilib beramiz», – dedi hokim.
O‘zbekistonda oxirgi yillarda yaylovlarning keng tarzda o‘zlashtirilishi, fermer va klasterlar hisobiga berib yuborilishi ortidan qishloq odamlarida chorvasini boqish uchun joy yetishmasligi muammosi yuzaga kelmoqda.
O‘zbekistonda 95 foizdan ortiq chorva hayvonlari aholi xonadonlarida yetishtiriladi.
Yaylovlar va ozuqa yetishmasligi, qimmatlashishi ortidan esa bozorlardagi go‘sht narxi ham keskin o‘sib boryapti.
Yaqinda nurobodlik bir guruh odamlar tuman hokimligi binosi oldiga o‘z suruvini haydab kelib, hokimdan yaylov talab qilgandi. Ijtimoiy tarmoqqa ma'lum bo‘lgan shu holatning o‘ziyoq O‘zbekistonda yaylovlar masalasi jiddiy qayta tahlil qilinishi kerakligini ko‘rsatadi.
Chunki muammo «biz ko‘p go‘sht yeyapmiz, shuning uchun ham go‘sht qimmat», qabilidagi kulgili izohlar bilan xaspo‘shlanish darajasidan allaqachon o‘tib ketgan.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi: Jahongir Aliboyev.