Sport | 23:22 / 10.04.2021
14747
2 daqiqa o‘qiladi

Termizda Al Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro kurash turniri boshlandi

10 aprel kuni Termizdagi «Alpomish» stadionida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Al Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan XV xalqaro turnirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

28 yildan buyon har ikki yilda bir marta muntazam tashkillashtirilib kelinayotgan xalqaro turnirning navbatdagisini turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.

Vazir o‘z so‘zida o‘zbek milliy kurashini dunyoga tanitishga munosib hissa qo‘shayotgan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon va boshqa xorijlik hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon va Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov so‘zga chiqdi.

Milliy kurashni qo‘llab-quvvatlab, rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonda allomalar xotirasiga bag‘ishlangan kurash musobaqalarini o‘tkazish an'anaga aylandi.

Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz shaharlarida tashkil etib kelinayotgan bellashuvlar nafaqat mahalliy, balki xorijlik kurash muxlislarida ham qiziqish uyg‘otmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, pandemiya sharoitida o‘tkazilayotgan XV xalqaro turnirda jahonning 27 davlatidan sportchilar ishtirok etmoqda.

Ayni payda kurash federatsiyasi faoliyat yuritayotgan mamlakatlar soni 129 taga yetgan.

Kurash sport turini 2025 yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, kurashni Yevropa, Afrika va Panamerika qit'aviy o‘yinlari qatoriga rasman kiritish, Xalqaro sport federatsiyalari assotsiatsiyasi e'tirofiga sazovor bo‘lish, shuningdek, Xalqaro olimpiya o‘yinlari dasturiga kirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid