Jamiyat | 12:29 / 12.04.2021
3914
3 daqiqa o‘qiladi

Pensiya jamg‘armasida nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashi tashkil etildi

Kengash jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish choralarini ko‘radi.

Pensiya jamg‘armasida jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashi tashkil etildi. Bu haqda jamg‘arma vakili Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, tuzilma faoliyati prezidentning 2020 yildagi «Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq yo‘lga qo‘yilgan.

Manbaga ko‘ra, kengashning asosiy vazifalari etib:

  • jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish choralarini ko‘rish;
  • murojaatni ko‘rib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin bo‘lgan normalar aniqlangan, u amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda rasmiy sharhlashni tashkillashtirish bo‘yicha choralarni ko‘rish;
  • murojaatni ko‘rib chiqishda aniqlangan qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish belgilandi.

Shuningdek, tuzilma murojaatlarni ko‘rib chiqishda quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

  • murojaat etuvchilar, shuningdek, boshqa manfaatdor shaxslardan murojaatni ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va ma'lumotlarni so‘rab olish;
  • davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlaridan Apellyatsiya kengashi vakolatlariga taalluqli masalalar bo‘yicha ma'lumotnomalar, axborot-tahliliy materiallarni belgilangan tartibda so‘rash va bepul olish;
  • qo‘shimcha ekspertiza tayinlash, uni o‘tkazish uchun mustaqil ekspert va maslahatchilarni jalb etish;
  • murakkab masalalarni o‘z ichiga olgan murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Apellyatsiya kengashi a'zolaridan ishchi va ekspert guruhlari tashkil etish;
  • zarurat bo‘lganda, murojaatlarni ko‘rib chiqishda qatnashish uchun davlat organlari, ilmiy va ta'lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlaridan mutaxassislar va ekspertlarni taklif qilish.

Jamg‘arma vakiliga ko‘ra, apellyatsiya kengashi ayni paytda o‘z ish faoliyatini boshlagan.

Mavzuga oid