Sport | 11:55 / 12.04.2021
96657
2 daqiqa o‘qiladi

Ravshan Ermatov yangi lavozimga tayinlandi

Bugun, 12 aprel kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida navbatdan tashqari saylov yig‘ilishi o‘tkazildi. Kun tartibidagi asosiy masala Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidentligiga yangi nomzod saylashdan iborat bo‘ldi.

Yig‘ilishda Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiya xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidentligiga Ravshan Ermatov nomzodi ilgari surildi. Kengash a'zolari tomonidan R.Ermatov nomzodi bir ovozdan ma'qullandi va saylandi.

Ravshan Ermatov shu kunga qadar bir vaqtning o‘zida jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti lavozimlarida ishlab kelayotgan edi.

2021 yil 10 aprel kuni prezidentning tegishli qarori asosida Ravshan Ermatov jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Undan oldinroq, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi negizida Turizm va sport vazirligi tashkil etilgan, Aziz Abduhakimov bosh vazir o‘rinbosari - turizm va sport vaziri lavozimiga tasdiqlangandi.

Mavzuga oid