Jamiyat | 18:00 / 14.04.2021
4952
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining ishchi guruhi Samarqand viloyatida bo‘ldi

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi rahbariyati va mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi shu kunlarda Samarqand viloyatidagi sanoat korxonalar faoliyati, amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalarining bugungi holati bilan joylarga chiqqan holda tanishmoqda.

Foto: O‘zsanoatqurilishmateriallari

Ishchi guruh tomonidan tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar, investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilishi kutilayotgan ishlar “korxonabay” usulda to‘liq o‘rganildi, shu bilan birga kerakli tavsiya va ko‘maklar berildi.

Mutaxassislar dastlab Samarqand shahrida o‘tgan yili foydalanishga topshirilgan, umumiy qiymati 568,6 mlrd so‘m bo‘lgan “Aziya metall prof” MChJda bo‘lishdi. Korxona yiliga 600 ming tonna metall o‘ramlar ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, bu yerda 120 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ishchi guruh korxonadagi barcha bo‘limlarda bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar asosidagi ishlab chiqarish jarayonlari, xom-ashyo masalasi, endilikda bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalar bo‘yicha taklif va muammolarni to‘liq o‘rgandi. Uyushma mutasaddilari jamiyatning mahsulot turlari, uning sifati, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.

Uyushma vakillari shuningdek, yiliga 500 ming tonna portlandsement ishlab chiqarish quvvatiga ega “Indigo sand trade” MChJda ham bo‘lishdi. Bu yerda ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi. Tsement zavodi Pastdarg‘om tumanida joylashgan bo‘lib, loyiha qiymati 25 mln dollarni tashkil etadi. E'tiborlisi korxona faoliyatini boshlagach 178 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Ishchi guruh Samarqand viloyatidagi tadbirkorlar va sanoat korxonalari mutaxassislari bilan uchrashib, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini o‘z muddatida va sifatli ishga tushirish, mavjud ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, sohaga ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish, atrof-muhit muxofazasi masalalarining tahlili bo‘yicha hamkorlikda faoliyat olib borish va mavjud muammolarni birgalikda bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikda faoliyat olib borishga kelishib olishdi. Uyushma tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhning Samarqand viloyatidagi qurilish materiallari korxonalar faoliyatini o‘rganish ishlari davom etmoqda.

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi
Matbuot xizmati

Mavzuga oid