Kiberjosuslik va «Qrim istilosi» uchun: AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini e'lon qildi
AQSh Rossiyaga nisbatan va'da qilingan yangi sanksiyalar paketini e'lon qildi. 32 jismoniy shaxs hamda tashkilotlar AQSh «qora ro‘yxat»iga kiritildi. Shuningdek, 10 nafar rossiyalik diplomat josuslikda gumonlanib, Amerikadan chiqarib yuboriladi. O‘z navbatida, Moskva sanksiyalarga javob keskin bo‘lishini ma'lum qildi.
Rossiya davlat qarziga qarshi sanksiya
Jo Bayden imzolagan sanksiya paketiga ko‘ra, Amerikadagi moliyaviy tashkilotlarga Rossiyaning suveren obligatsiyalarini sotib olish taqiqlanadi. Cheklovga ko‘ra, rublda va boshqa valutada amalga oshiriladigan har qanday savdoga taqiq qo‘yilgan. Gap 2021 yil 14 iyunda sotuvga chiqariladigan Rossiya Banki, Milliy farovonlashish fondi va Rossiya Moliya vazirligi tomonidan sotuvga chiqariluvchi obligatsiyalar haqida bormoqda.
Rossiya davlat qarziga nisbatan Amerika sanksiyasi yangilik emas. 2019 yil avgustdan buyon amerikalik investorlarga Rossiya yevrobondlarining birlamchi savdolarida qatnashish taqiqlangan. Biroq Rossiya davlat obligatsiyalarining ikkilamchi savdolariga qatnashish hozir ham taqiqlanmagan.
Kiberhujumlar uchun
Jo Bayden kiberhujumlar uchun Rossiyaga javob berishi haqida anchadan buyon aytib kelayotgandi. Yangi sanksiyalar paketida Rossiya tomonidan amalga oshirilgan kiberhujumlarda qatnashgani aytilgan oltita texnologik kompaniyaga qarshi cheklov ham kiritilgan. Solar Winds deb atalgan kiberhujumlar turkumi sabab sanksiyalar joriy etish keyinchalik ham davom ettirilishi aytilgan.
AQShda Solar Winds hukumat kompyuterlariga qilingan eng katta kiberhujum ekani aytiladi. Bu ishlarda texnik ta'minotchi bo‘lgan kompaniyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri AQSh sanksiyalariga uchragan. Xususan, Positive Technologies kompaniyasi. AQSh Solar Winds platformasiga qilingan kiberjosuslikka bevosita Rossiya Tashqi razvedka xizmatini aybdor deb topgan. Vashingtonga ko‘ra, Rossiya Tashqi razvedka xizmati hakerlik hujumlarini APT 29, Cozy Bear va The Dukes kompaniyalari bilan birga amalga oshirgan.
Rossiya Tashqi razvedka xizmati bu ayblovlarga javob berdi: «Baydenning bayonotida Rossiya Tashqi razvedka xizmati haqida bir og‘iz ham gapirilmagandi, lekin AQSh OAVlari uchun maxsus tayyorlangan Rossiya Tashqi razvedka xizmati haqidagi bandda ancha bo‘hton yog‘dirilgan. Okean ortidagi hamkasblardan iqtibos keltirmoqchi emasmiz, lekin biz bu elektron olamda hamkasb ekanimizni unutmaslik kerak. Faqat shuni aytmoqchimizki, bo‘lmag‘ur narsalarni o‘qish unchalik qiziq mashg‘ulot emas».
2020 yilgi prezidentlik saylovlariga aralashganlik uchun ham bir qator OAVlar sanksiyaga uchragan. Ular orasida bir nechta ingliz tilida yuritiladigan saytlar ham bor. Bu saytlar Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqada gumon qilingan.
Diplomatlar chiqarib yuboriladi
Sanksiyalar paketida 32 nafar rossiyalik jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan cheklovlar ham ko‘zda tutilgan. Vashingtonning fikricha, bu rossiyaliklar AQShdagi prezidentlik saylovlari natijalariga ta'sir qilishga uringan. Ular yolg‘on ma'lumotlar tarqatishda ham ayblangan. Shuningdek, «Rossiyaning Qrimni istilo qilishida qatnashgan» 8 nafar yuridik va jismoniy shaxs ham sanksiyaga uchragan. Xususan, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati va Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbariyati.
Yangi cheklov bo‘yicha AQShda faoliyat yuritayotgan 10 nafar rossiyalik diplomat mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Oq uy ularning orasida Rossiya maxsus xizmatlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri vakillari ham borligini aytgan. Oq uy bayonotida bu borada shunday deyilgan: «AQSh Rossiya bilan munosabatlar stabil va o‘zgarmas bo‘lishini xohlaydi. Shu bilan birga, janob Bayden va administratsiyasi AQShning manfaatlariga salbiy ta'sir qiluvchi harakatlarni javobsiz qoldirmaydi».
«Sanksiyalarga javob keskin bo‘ladi»
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi sanksiyalarga javob qaytardi: «AQShni bunday dushmanlarga xos harakatlar tomonlar o‘rtasidagi munosabatlarni yomonlashtirishi haqida ogohlantirgandik. Bu ikki yadroviy derjavalarga yarashadigan ish emas», degan Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova.
U ikki kun oldin Putin hamda Baydenning telefon suhbatida AQSh prezidenti munosabatlarning normallashishiga umid bildirganini eslatdi: «Biroq uning qilgan ishlari aytganlarini butkul rad etadi. AQSh o‘z gegemonligiga xizmat qilmaydigan har qanday tinch munosabatlarga rozi bo‘lmaydi. Ular bizning ichki ishlarimizga aralashgan holda sanksiyalar yordamida bosim qilishga urinmoqda. Bunday agressiv harakatlar javobsiz qolmaydi. Sanksiyalar uchun javob keskin bo‘ladi. Vashingtonda ikki tomonlama munosabatlar yomonlashgani uchun to‘liq javobgarlik AQShning gardanida ekanini his qilishlari kerak va bu uchun javob berishlari shart».
Davlat qarzi bo‘yicha sanksiya xavflimi?
Rossiya rubli hozircha sanksiya haqidagi xabarlarga reaksiya bildirgani yo‘q. Rossiya tashqi moliyalashtirishni asosan davlat obligatsiyalari evaziga amalga oshiradi. Rossiya Moliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, 1 mart holatida davlatning tashqi qarzi 56,6 milliard dollarni tashkil etmoqda. Shundan 38,2 milliard dollari aynan obligatsiya ko‘rinishidagi qarz. Bu obligatsiyalarni amerikalik, yevropalik va rossiyalik investorlar sotib olishadi. Bayden Rossiya davlat qarziga qarshi sanksiya joriy qilishni Yevropa mamlakatlari bilan birga amalga oshirmoqchi ekani haqida mart oyining boshida ma'lum bo‘lgandi.
O‘z navbatida, Rossiya davlat qarzi mamlakat hisob palatasiga ko‘ra 18,99 trillion rublni tashkil etadi. Bu esa yalpi ichki mahsulotning 17,8 foiziga teng degani. Moliya vazirligiga ko‘ra, Rossiya davlat qarzi 2024 yilga borib yalpi ichki mahsulotning 21,4 foizini tashkil etadi. Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikovning aytishicha, mamlakat iqtisodida g‘arblik investorlarning ulushi 23 foizni tashkil etadi va bu ko‘rsatkichning o‘zgarishi Rossiya iqtisodiga katta ta'sir ko‘rsatmaydi.
Yana nimaga tayyorgarlik ko‘rilgandi?
AQSh Rossiyaning ulkan tranzit loyihasi «Shimoliy yo‘nalish-2»ga qarshi ham sanksiya qo‘llashi kutilgandi. Ya'ni bu loyihani amalga oshirayotgan Nord Stream 2 AG kompaniyasi va unga yordam bergan boshqa kompaniyalar sanksiyaga uchrashi kutilgandi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken ham bu loyihada qatnashgan har qanday kompaniya sanksiyaga uchrashi mumkinligini aytgan.
Avvalroq bu masalaga Germaniya ham aralashgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ya'ni Germaniya o‘zi ham bevosita manfaatdor bo‘lgan «Shimoliy oqim-2» loyihasiga qarshi sanksiya qo‘llamaslik zvaziga AQShga Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni taklif qilgan. Tahlilchilarga ko‘ra, bu tranzit qurilishiga qarshi sanksiyalar haqida so‘z borgani investorlarni qo‘rqitib yuborgan, lekin «Shimoliy oqim-2» baribir qurib bitkaziladi.
Dunyodagi eng katta trubali tranzit o‘tkazuvchilardan biri bo‘lishi kutilayotgan «Shimoliy oqim-2» Rossiyadan Boltiq dengizi orqali Germaniyagacha gaz yetkazishni ta'minlaydi. Bu yo‘nalishda yiliga 55 milliard kubometr gaz o‘tadi. Loyihani Nord Stream 2 AG kompaniyasi amalga oshirmoqda va yagona aksioner «Gazprom» hisoblanadi.