O‘zbekiston | 15:00 / 15.04.2021
5306
2 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi va sog‘liqni saqlash tizimida 94 mlrd so‘mlik moliyaviy kamchilik va o‘zlashtirishlar aniqlangan - Antikorrupsiya agentligi

Xalq ta'limi va sog‘liqni saqlash tizimida katta miqdorda moliyaviy kamchiliklar aniqlangan. Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi boshqarma boshlig‘i Zuhriddin Qodirov ma'lum qildi.

Foto: Kun.uz

Zuhriddin Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik va idoralarda “komplayens nazorat” tizimi joriy etilishi orqali salmoqli natijalar qayd etildi. 26ta vazirlik tizimida amalga oshirilayotgan ishlarni nazorat qilib borish maqsadida elektron platforma ishlab chiqildi. Bu orqali ularni monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.

“Xalq ta'limi tizimida jami 78 mlrd so‘m moliyaviy xato va kamchiliklar, noqonuniy o‘zlashtirishlar aniqlanib, qonuniy chora ko‘rish uchun huquq-tartibot organlariga yuborilgan. Shuningdek, qonunbuzilish holatlariga yul qo‘ygan 214 nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan, 34 nafar mas'ul mansabdor egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligida 16 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan va 22 mlrd so‘m budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishi oldi olingan”, deya ta'kidlab o‘tdi boshqarma boshlig‘i.

Bundan tashqari, olib borilgan o‘rganishlar natijasida Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Markaziy bank va Moliya vazirligida “Yo‘l xaritasi”da ko‘zda tutilgan ishlar qoniqarsiz darajada ekani ma'lum bo‘ldi.

Avvalroq, xalq ta'limi sohasida davlat budjetining 42 milliard so‘m mablag‘i noqonuniy sarflab yuborilgani, 7,1 milliard so‘m samarasiz davlat xaridlariga, 2,7 milliard so‘m sifatsiz qurilish–ta'mirlash, 16,7 milliard so‘m kommunal to‘lovlarga asossiz ishlatilgani ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid