O‘zbekiston | 14:47 / 19.04.2021
27036
5 daqiqa o‘qiladi

Har bir noqonuniy qurilishning ortida turgan odamlarni ko‘rsatamiz - Qurilish vaziri

Qurilish vaziri Botir Zokirov Samarqandda o‘tkazilgan matbuot anjumanida sohadagi korrupsiya omillari, ularga qarshi ketayotgan kurash, noqonuniy qurilishlar ortida turgan kuchlar haqda so‘zlab berdi.

Qurilish vaziri Botir Zokirov o‘z oila a'zolari ulushlari bo‘lgan «12-Trest» tashkiloti mavzusi kun tartibiga chiqqaniga o‘z izohini berib o‘tdi.

«Nima uchun bugun bu masalalar gapirilyapti? Nega u paydo bo‘ldi? O‘tirib tahlil qiladigan bo‘lsak, shaffof oyna tizimi — tender yuzaga chiqadi va u ko‘pchilikka yoqmayapti.

Lekin yoqmayapti ekan deb uni bekor qilolmaymiz. Albatta, bu ishni oxiriga yetkazishimiz kerak. Tenderlarda shaffoflikni ta'minlashimiz shart.

Shu kungacha tenderlarni aylanib o‘tgan odamlar bor. Korrupsiya yo‘lini o‘ziga belgilagan tashkilotlar bor. Ularga tender va shaffof kelishuvlar, albatta, yoqmaydi. Bu narsalarni o‘tirib tahlil qilyapmiz, qayerda nima bo‘lyapti, nega bu «shamol esayotgani»ni ham bilaman», dedi vazir.

Vazir tahlil natijalaridan kelib chiqib, korrupsiya omillarini sanab o‘tdi. U noqonuniy qurilmalarni oddiy odamlar qilmasligi, har bir noqonuniy obekt ortida ma'lum kuch borligi va ularga qarshi kurash ketayotganini ta'kidlab o‘tdi.

«So‘nggi paytlarda qurilish nazorati yaxshi ishlayapti. O‘tuvchi obektlarni tekshirib chiqdik. Ularning sifati pastligi, o‘z muddatida bajarilmayotgani, bunday tashkilotlarning qanaqa qilib yutib chiqqanini ham, to‘g‘risini aytsam, o‘zim ham tushunganim yo‘q. Bu — to‘g‘ridan to‘g‘ri korrupsiya. Albatta, u odamlarga bu shaffof tizim, masalaga hech kim aralasha olmasligi yoqmaydi. Mana shu to‘g‘risida gapirishimiz kerak. Familiyasini aytishimga hojat yo‘qdir, ko‘rdim, oxirgi obektlarda...

Eshitgan bo‘lsangiz, prezidentimiz, tizimdagi korrupsiya bo‘yicha Andijonda gapirdilar, korrupsiyaga qarshi juda qattiq jang qilamiz, dedilar.

Noqonuniy qurilishlar bo‘yicha ham jang ketyapti. O‘zimga murojaat qilayotganlar ham bor. Oxirgi ikki oyda kimlar noqonuniy qurilishlar qilayotgani to‘g‘risida ikki kishi murojaat qildi. Qurilish vazirligining ishi – bu masalalarga reaksiya bildirish. Albatta, ularga yoqmaydi. Bugun «lo‘p» etib bu («12-Trest» — tah.) masalaning chiqishida, tahlilimga ko‘ra, uchta masala bor.

Birinchisi, shaffof oyna tizimining ishga tushganligi. Shuning uchun savol paydo bo‘ldi: nega «12-Trest», degan. Bu tashkilotning 51 foiz ulushi davlatniki. Unga ta'sir o‘tkazolmayman, menga «issig‘i» yo‘q.

Ikkinchisi, ayrim qurilish ishlarida sifat nihoyatda past, borsangiz rahbarini ko‘rsatib bera olishmaydi. 19 milliard so‘mlik obektni yutgan-u, lekin rahbari yo‘q! Ahvolni ko‘rsangiz, sharmanda. Hammasining orqasida odami bor. Prezident shu to‘g‘rida gapirmoqda, bu — korrupsiya. Bu bilan kurashishimiz kerak. Ular menga ham qarshi kurashadi, qurilish vazirligiga ham qarshi kurashadi. Chunki ular o‘z manfaatini himoya qilmoqda.

Uchinchi masala, albatta bugun kimdir noqonuniy qurilma qilayotgan bo‘lsa, uni oddiy odam qilmaydi. Uning orqasida o‘ziga yarasha kuchi bor, o‘shanga ishonib qiladi. Bu ham — korrupsiya. Biz bugun ularga qarshi kurashayotgan bo‘lsak, ular ham bizga qarshi kurashmoqda. Bugun kim chap oyog‘ini ko‘proq bosadigan bo‘lsa, albatta, unga minus bo‘ladi. Biz ham oxirigacha olib boramiz kurashni, chunki bizning qo‘limizda kuchimiz bor, «instrumentimiz» bor. Orqasida turgan odamlarni ham ko‘rsatamiz. Chiqadi hammasi. Oxirigacha kurashishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Biz ularga qarshi kurashayotganimiz uchun ham shunaqa qarama-qarshiliklar chiqyapti. Agar «yaxshi» bo‘lganimizda bu masalalar bo‘lmasdi», — dedi qurilish vaziri. 

Mavzuga oid