Jamiyat | 14:22 / 19.04.2021
4973
3 daqiqa o‘qiladi

Mualliflik huquqi muallif vafotidan keyin 70 yilgacha amal qilishi taklif etilmoqda

Mualliflik huquqi muallifning vafotidan keyin 70 yil davomida amal qilishi taklif etilgan qonun loyihasi siyosiy partiyalarning fraksiyalarida muhokamadan o‘tmoqda.

Shuningdek, loyihada hammualliflikda yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqini ham hammualliflar orasida eng uzoq umr ko‘rgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin 70 yil davomida amal qilishi nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, mazkur norma muallifning kamida ikkita avlodi yashagan davr mobaynida unga tegishli bo‘lgan mulkiy huquqlar himoyasini ta'minlashni nazarda tutadi.

Muhokamada ta'kidlanishicha, amaldagi qonunchilikda himoya qilinadigan intellektual mulk obektlarining turiga qarab ularni ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlari 8 oydan 4 yilgacha bo‘lgan muddatni talab etishi intellektual mulk huquqini himoya qilishdagi muammolardan biri bo‘lib kelmoqda va bu, o‘z navbatida, ularning intellektual mulk huquqlarini insofsiz raqobatchilardan muhofaza qilishga ta'sir ko‘rsatadi.

Shu maqsadda qonun loyihasida intellektual mulk obektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoniga tezkor ekspertizani joriy etish, intellektual mulk obektlari ro‘yxatdan o‘tkazilish muddatlarini qisqartirish, ayni paytda mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasida mulkiy huquqlar himoya muddatini uzaytirish, yetkazilgan zarar uchun tovon miqdorining belgilanishi kabi masalalar o‘z ifodasini topgan.

Shuningdek, qonun loyihasida muallifga turdosh huquqlar egasi yoki mutlaq huquqlarning boshqa egasiga huquqbuzardan zarar yetkazilishi faktidan qat'i nazar zararning o‘rnini qoplash evaziga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha bo‘lgan miqdorda tovon talab qilish huquqini berish ham nazarda tutilmoqda.

Ma'lumot uchun, «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin 50 yil davomida amal qiladi. Shuningdek, hammualliflikda yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi hammualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr ko‘rgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin 50 yil davomida amal qiladi.

Mavzuga oid