Jahon | 14:31 / 19.04.2021
8788
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Rossiyani Ukraina chegarasidagi qo‘shinlarini olib ketishga chaqirdi

Jozep Borrel YeI va Rossiya munosabatlarida ko‘plab yo‘nalishlarda keskinlik kuchayib borayotganini qayd etdi.

Foto: EPA

Yevroittifoq Rossiyani Ukraina chegarasidagi qo‘shinlarini olib ketishga chaqiradi. Bu haqda YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma'lum qildi.

"Biz Rossiya qo‘shinlari mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun joylashgan Ukraina chegarasidagi vaziyatni muhokama qilamiz. Bu juda xavfli vaziyat, biz Rossiyani Ukraina chegarasidagi qo‘shinlarini olib ketishga chaqiramiz", - dedi u.

U shuningdek, YeI va Rossiya munosabatlarida ko‘plab yo‘nalishlarda keskinlik kuchayib borayotganini qayd etdi.

Aprel oyi boshidan AQSh va Yevropa mamlakatlari rossiyalik harbiylar Ukraina bilan chegaralar yaqiniga joylashtirilayotganidan xavotirlarini bildira boshlashdi. Kiyevdagilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ukrain chegaralari bo‘ylab 110 ming nafar rossiyalik harbiy joylashtirilgan.

13 aprel kuni AQSh va Rossiya prezidentlarining telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Oq uy Bayden va Vladimir Putin strategik barqarorlik va mintaqaviy masalalarni muhokama qilgani haqida ma'lum qildi. Xususan, Bayden rossiyalik harbiylar Ukraina chegaralari tomon surilganidan xavotirini bildirgan va Moskvani Kiyev bilan munosabatlardagi keskinlikni yumshatishga chaqirgan.

Oq uyning baholariga ko‘ra, Rossiyaning Ukraina bilan chegara hududidagi harbiylari soni 2014 yildan buyon eng yuqori darajaga chiqqan. Kreml Rossiya o‘z hududida o‘z qo‘shinlarini harakatga keltirayotganini va «bu hech kimni bezovta qilmasligi kerakligi, qo‘shin hech kimga tahdid solmasligi»ni ma'lum qildi.

Hozirda Qora dengizga Bosfor orqali Rossiyaning boshqa dengizlardagi kemalari ham olib o‘tilmoqda. «Interfaks» bo‘g‘ozdagi suratlarni e'lon qilgan Istanbuldagi saytlarga asoslanib xabar berishicha, Rossiya Shimoliy flotining ikkita katta desant kemasi shu kunlarda Qora dengizga kirgan. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, Boltiq floti tarkibiga kiruvchi yana ikkita katta kema Sevastopol yo‘nalishida harakatlanmoqda. Kaspiy flotiliyasidagi 15 kema ham o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun Qora dengiz tomon yo‘l olgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya qo‘shinlarining umumiy chegara bo‘ylab joylashuvi tufayli yuzaga kelgan keskinlikni yumshatish uchun Putin ishtirokida to‘rt tomonlama muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma'lum qildi. Parijda tashrif bilan bo‘lib turgan Zelenskiy tinchlik muzokaralari ilojsiz narsa emasligini qayd etgan.

Mavzuga oid