O‘zbekiston | 23:23 / 20.04.2021
14490
2 daqiqa o‘qiladi

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 12 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilandi

Mazkur farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida prezident farmoni e'lon qilindi.

Farmonga muvofiq, 9 may umumxalq bayrami – Xotira va Qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasini abadiylashtirish, faxriylarni e'zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi nishonlanishi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 12 000 000 (o‘n ikki million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilandi.

Mazkur farmonni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan sarf-xarajatlar respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Moliya vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali topshirilishini ta'minlaydi.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda karantin qoidalariga rioya qilgan holda Vatanimiz ozodligi va shon-sharafi himoyachilariga bag‘ishlangan maxsus uchrashuvlar va madaniy-ma'rifiy kechalarni o‘tkazsin», deyiladi hujjatda.

Mavzuga oid