Toshkentda yuzlab reklama bannerlari hech qanday huquqiy asos ko‘rsatilmasdan buzib yuborilmoqda
Kun.uz'ga murojaat qilgan bir guruh tadbirkorlarning aytishicha, Toshkent shahrida ularga tegishli tashqi reklama obektlari mahalliy hokimiyatlar tomonidan hech qanday hujjatsiz buzib tashlanmoqda.
Bir necha hafta avval boshlangan ushbu harakatlarda dastlab tuman hokimliklari tadbirkorga qo‘ng‘iroq qilib, reklama bannerini ixtiyoriy ravishda olib tashlashni so‘raydi.
«Agar biz reklama bannerini olib tashlash uchun qandaydir asosi bormi, nimaga asosan bunday ish qilinyapti, deb so‘rasak, yuqoridan shunaqa buyruq berilganini aytishmoqda. Lekin bizga hech qanaqa «buyruq» ko‘rsatilmayapti», deydi tadbirkorlardan biri.
Tadbirkorlar ushbu masala yuzasidan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev huzuriga ham kirishgan. Poytaxt hokimi mahalliy hokimliklarga bunday buyruq berilmaganini, tadbirkorlar IIO xodimlarini chaqirib yoki prokuratura va sud orqali o‘z mulklarini himoya qilib olishlari mumkinligini aytgan.
«Masalan, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur, Chilonzor, Yunusobod va Olmazor tumanlarida mahalliy hokimlik xodimlari kelib reklama konstruksiyalari buzilishini aytadi. Biz hamma ishimiz qonuniy ekanligini aytib, hujjatlarini ko‘rsatsak, ular hujjatga qarab ham o‘tirishmaydi. O‘z mulkimizni himoya qilib IIV xodimlarini chaqirsak, hokimiyat vakillari bilan bannerni buzish uchun kelgan GOMM boshlig‘i chaqiruv bilan kelgan IIV xodimlarini qaytarib yubormoqda», – deydi yana bir tadbirkor.
Ma'lum qilinishicha, shu vaqtgacha tadbirkorlarga tegishli 203ta tashqi reklama konstruksiyalari hokimlik vakillari tomonidan hech qanday asos ko‘rsatilmasdan buzib tashlangan. Konstruksiyalarning narxi ularning sifati va shakliga qarab 20 million so‘mdan 300 million so‘mgacha boradi. Shuningdek, asossiz buzib tashlangan konstruksiyalar Mirzo Ulug‘bek tumani obodonlashtirish bo‘limiga olib borib qo‘yilgan va bo‘lim boshlig‘i ularni tadbirkorlarga qaytarib bermasligini bildirgan.
«Barcha reklama bannerlarimizning hujjatlari joyida. Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab ishlab kelayotgandik. Bundan tashqari, 5-6 nafardan xodimlarimiz bor, ularga ham ishchi o‘rni yaratganmiz. Bizga reklama bergan tadbirkorlarning ahvoli nima bo‘ladi? Nega bunday qonunsizlik va o‘zboshimchalik bilan tadbirkorlarning huquqlarini buzishayotganidan hayronmiz, mulklarimizni kechasi bilan himoya qilib chiqishga majbur bo‘lyapmiz», – deydi yana bir tadbirkor.
Biz holatga izoh olish uchun Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘landik. Poytaxt hokimligi xodimi tadbirkorlar Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan kelib gaplashib olganini tasdiqladi, lekin uchrashuv tafsilotlarini unda qatnashmagani uchun bilmasligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, u tuman hokimliklari va tadbirkorlar o‘rtasida bo‘layotgan voqea yuzasidan qisqa fursatlarda aniq izoh olib berishini ma'lum qildi.
Holatga shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ham izoh berdi.
Agentlikning ma'lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida» 2020 yil 20 fevraldagi 104-sonli qarorining 7-bandida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Qurilish vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, tashqi reklama operatorlari manfaatlarini ifoda etuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda har bir tuman (shahar) bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar tuzgan holda, barcha turdagi tashqi reklama obektlarini ushbu qaror talablariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan o‘tkazish;
- tashqi reklama obektlarini joylashtirish uchun pasportlari, guvohnomalari, sertifikatlari, ruxsatnomalari va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlari bekor qilingan yoki ushbu hujjatlar mavjud bo‘lmagan (ruxsatsiz o‘rnatilgan) tashqi reklama obektlarini o‘ttiz kalendar kun ichida demontaj qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi belgilangan.
Shunga muvofiq, Toshkent shahrida joylashgan va xatlovdan o‘tkazilgan 6 630ta tashqi reklama obektlarining 3 207tasi (qariyb 50 foizi) qaror talablariga muvofiq emasligi aniqlangan.
Qaror talablariga nomuvofiq deb topilgan tashqi reklama obektlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va qaror talablariga moslashtirish, agar moslashtirish imkoni bo‘lmagan taqdirda ixtiyoriy ravishda demontaj qilish yuzasidan tegishli tuman (shahar) hokimliklari tomonidan konstruksiya egalariga 571ta (2034ta konstruksiya bo‘yicha) ko‘rsatma xatlari berilgan.
Biroq, berilgan ko‘rsatmalarga asosan 330ta tashqi reklama obektlari egalari tomonidan mavjud kamchiliklar ixtiyoriy ravishda bartaraf etilgan bo‘lsa, qolgan tashqi reklama obektlarida aniqlangan kamchiliklar bugungi kunga qadar ularning egalari tomonidan bartaraf etilmagan.
Qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 94-bandiga asosan, tashqi reklama obekti Nizom talablariga mos kelmagan holda joylashtirilgan bo‘lsa yoki tashqi reklama obektini mazkur Nizom talablariga moslashtirish imkoni mavjud bo‘lmagan taqdirda, vakolatli organ - tuman (shahar) hokimliklarining ko‘rsatmasiga asosan qonun hujjatlariga muvofiq tashqi reklama obektlarini o‘rnatish uchun avval tuzilgan shartnomalar, berilgan pasportlar, guvohnomalar, sertifikatlar, ruxsatnomalar va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlar hokimlarining tegishli qarorlariga asosan bekor qilinishi, tashqi reklama obekti egasi qarordan rozi bo‘lmagan taqdirda, sudga shikoyat qilinishi mumkinligi;
95-bandiga muvofiq, ushbu Nizom talablariga javob bermaydigan tashqi reklama obekti, shu jumladan qalbaki hujjatlardan foydalangan holda joylashtirilgan tashqi reklama pasporti, guvohnoma, ruxsatnoma va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlar bekor qilingan taqdirda tashqi reklama obekti qiymati qaytarilmasligi belgilangan», – deyiladi agentlik bergan munosabatda.
Lekin, Kun.uz bilan muloqot qilgan ko‘plab tadbirkorlar ularga hech qanday ko‘rsatma va ogohlantirish berilmaganini va reklama bannerlaridan hech qanday kamchiliklar topilmaganini aytib o‘tdi.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlari xodimlarining tadbirkorlarning chaqiruv asosida kelib, ularga yordam bermayotgani yuzasidan Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ham izoh berdi. Poytaxt IIBB vakili bunday holatda har bir vaziyatga alohida yondashish kerak bo‘lishini aytib o‘tdi.
«Hokimlik va tadbirkorlar o‘rtasidagi masala fuqarolikka doir masala bo‘lishi yoki hech qanday jamoat tartibini buzish holati kuzatilmagan bo‘lishi ham mumkin. Lekin, har qanday holatda ham tadbirkor o‘sha hududdagi ichki ishlar bo‘linmasi rahbari yoki prokuraturaga ariza bilan murojaat qilishi kerak. Shunda uning arizasi asosida ish o‘rganib chiqiladi», dedi u.
Guvohi bo‘lganingizdek, tadbirkorlar poytaxtdagi qonunsizliklar tufayli shuncha mulkidan ayrilib ulgurdi. Bir necha haftadan buyon ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan hech qanday hujjat ko‘rsatmasdan buzilayotgan tadbirkorlarning reklama bannerlaridan poytaxt hokimligining «xabari yo‘q» ekan, tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi kerak bo‘lgan Biznes ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura kabi tashkilotlarning jim turganini qanday tushunish mumkin?
Farrux Absattarov
Mavzuga oid
16:35
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024