Jahon | 21:52 / 21.04.2021
11148
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya aviakompaniyasi yo‘lovchiga bir milliard dollarlik hisob yozib berdi

Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasi chiptalarni bronlash tizimidagi nosozlik hangomaga va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab hazillar «bolalashi»ga sabab bo‘ldi.  

Foto: REUTERS/Daniel Munoz

Avstraliyalik hajvchi Deyv O’Nil Qantas aviakompaniyasining Melburn shahridan Pert shahriga reysiga chipta bronlash vaqtida o‘rindiq oldida kengroq joy taqdim qilinishi xizmatidan foydalanib, bu uchun aviakompaniyadan bir milliard dollarlik hisob oldi.

U bu noodatiy hodisa haqida Twitter’da ma'lum qildi.

«Salom, Qantas! Men istagan yagona narsa – bu Pertga reysda oyoqlar uchun biroz kengroq joy edi. Bunga to‘lovni amalga oshirishdan xursandman, biroq u kutganimdan biroz qimmatroq ekan», deb kinoya qilgan hajvchi va 987 million 999 ming 999 dollarlik summa yozilgan chipta suratini ilova qilgan.

Ba'zi foydalanuvchilar O’Nil ko‘rinishicha, chipta bronlash vaqtida bir necha marta «samolyotni sotib olish» bandini bosib yuborgan deb hazil-mutoyiba ham qilishgan.

Keyinroq aniqlanishicha, chiptani bronlash vaqtida tizimda nosozlik yuz bergan. Aviakompaniyada ushbu holat taftish qilinmoqda.

Qantas vakilining aniqlik kiritishicha, hajvchi foydalanmoqchi bo‘lgan qo‘shimcha xizmat turi narxi aslida 70 Avstraliya dollari turadi.

Mavzuga oid