Jamiyat | 20:48 / 21.04.2021
3493
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda Rossiyaga tegishli yuk mashinasi ag‘darilib ketdi. Unga yuklangan qo‘ylarning bir qismi nobud bo‘ldi

Jizzax viloyati Paxtakor tumanida Rossiyaga tegishli yuk mashinasi ag‘darilib ketgan. Oqibatda uning ustiga yuklangan qo‘ylarning bir qismi nobud bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 20 aprel kuni soat 17:20larda, davlat ahamiyatidagi 4R-38 M39 Olmaota–Toshkent–Termiz xalqaro yo‘li–Uchtepa–Jizzax shahri avtomobil yo‘lining Paxtakor tumani hududidan o‘tuvchi 3-kilometrida tegishli hujjatlar bilan Rossiya fuqarosi boshqaruvida bo‘lgan «DAF FT XF105 420» rusumli yuk mashinasi yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Mazkur yuk mashinasi Jizzax yo‘nalishi bo‘ylab borayotganda o‘ng old tomon shinasi yorilib ketgan. Natijada haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan va mashina yo‘l chetiga ag‘darilgan. Aniqlanishicha, yuk mashinasi yukxonasida jami 300 bosh qo‘y bo‘lgan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida 158 bosh qo‘y nobud bo‘lgan. Qolgan 142 bosh qo‘y-qo‘zi maxsus uskunalar yordamida qutqarib qolingan. Avtoulov texnik shikastlangan, hech kim jarohatlanmagan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Paxtakor tuman IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid