O‘zbekiston | 18:43 / 22.04.2021
19579
10 daqiqa o‘qiladi

«Samosud»dan farqi nima? Toshkentda reklama konstruksiyalari sud qarorisiz buzilyapti

Toshkentda reklama bilbordlariga keng miqyosli «snos» e'lon qilindi. Kun.uz surishtiruvi bu jarayonda tadbirkorlar huquqlari poymol etilayotganini ko‘rsatmoqda.

Kuni kecha saytimizda Toshkent shahridagi o‘nlab tadbirkorlarning tashqi reklama obektlari mahalliy hokimiyatlar tomonidan hech qanday hujjatsiz buzib tashlanayotgani haqida maqola e'lon qilgan edik.

Maqolada poytaxtdagi tashqi reklama biznesi egalarining o‘zlariga mulk huquqi bilan tegishli bo‘lgan, bahosi 300 million so‘mgacha turadigan 200 dan ortiq reklama konstruksiyalari noma'lum sabablarga ko‘ra buzib tashlanayotgani yoritilgan.

Ushbu harakatlardan jabr ko‘rgan tadbirkorlar o‘zlariga tegishli tashqi reklama obektlarini nega noqonuniy buzib yuborilmoqda deb hisoblashlarini aytib berdi.

«Solid Max» MChJ xodimi Rafiq Ergashevning aytishicha, hozirgi kungacha korxona balansidagi 43 ta tashqi reklama obektining 11 tasi tuman va shahar hokimliklari tomonidan noqonuniy ravishda buzib tashlangan.

Taxminiy zarar miqdori konstruksiyalar turiga qarab, har biri uchun 15-20 million so‘mni tashkil qiladi.

Rafiq Ergashev «Solid Max» MChJ xodimi

«Qo‘limizda obektning pasporti bor, uni buzayotganlardan asos so‘rasak, qonuniy asos keltira olmayapti. Og‘zaki ravishda sizlar LED ekran va hokimiyatlar bilan shartnoma qilmagansizlar deyishyapti.

2020 yil 20 fevralda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 104-sonli «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarori bo‘yicha Nizom bor. Ya'ni Toshkent shahridagi barcha reklama obektlari VM qaroriga mos keladimi yoki yo‘qligi invertizatsiya qilinishi kerak edi. Bu bo‘yicha 6 oy ichida tadbirkorlarga xatolar bo‘yicha ko‘rsatma berilishi yoki ijobiy xulosa berilishi kerak edi. Lekin hech qanday ishchi guruh tuzilmagan, ko‘rsatmalar va xulosa ham berilmagan.

Ijobiy xulosa asosida biz davlat xizmatlari markazidan 20 yillik garantiya LED ekranli obekt uchun pasport olardik. Xulosa berilmaganidan keyin, katta tavakkal qilib 150-170 million so‘m turadigan qimmat, buzilib ketmasligiga kafolat berilmaydigan LED ekranlarni qo‘yib chiqolmaymiz-da. Bundan tashqari, bu noqonuniy ham bo‘ladi, chunki pasport oddiy reklama obektiga berilgan», – deydi tadbirkor.

Tadbirkorlarning aytishicha, ular barcha turdagi soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelishmoqda. Faqat reklama obektlari uchun shahar hokimligining «yig‘imi» 2020 yil 1 apreldan buyon to‘lanmayapti. Bu ham tadbirkorlarning aybi bilan emas. Chunki o‘sha vaqtdan beri hokimliklar hech qaysi tadbirkorga shartnoma bermay qo‘ygan.

Ahmadjon Sodiqov «Gunn Media» ta'sischisi

«2018 yilda «Toshkent reklama servis» DUK yopilganidan keyin, «Tasviriy oyina» tuzildi. 2020 yil aprelga qadar bu tashkilot tadbirkorlar bilan shartnoma tuzishda amaliy ko‘mak bergan. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, 2020 yil apreldan shartnoma tuzish bo‘yicha majburiyat tuman hokimliklariga o‘tgan, lekin tuman hokimliklari shartnoma tuzmagan. Shartnoma tuzib, pasportlarimizni LED ekranga almashtirib bersin, biz yig‘imlarni to‘lashga tayyormiz», – deydi «Gunn Media» ta'sischisi Ahmadjon Sodiqov.

Ahmadjon Sodiqovning aytishicha, shu kunlarda unga tegishli bo‘lgan 2 tasi 50 million so‘mdan, 6 tasi 20 million so‘mdan ortiq bo‘lgan jami 8 ta tashqi reklama obektlari noqonuniy va asossiz olib tashlangan. Bundan tashqari, ushbu obektlarning biznes manfaatdorligi ham bor.

«Vazirlar Mahkamasining 104-sonli qarori bo‘yicha, agar tadbirkorlarning tashqi reklama obektlari noto‘g‘ri qo‘yilgan bo‘lsa yoki ushbu qaror talablariga zid kelsa, faqatgina sud tartibida olib tashlanishi kerak. Hokimiyat vakillari qarorning tepasini o‘qib, pastki qismini ko‘rmaganga olyapti», – dedi «Grand media dizayn» reklama agentligi direktori Tohir Usmonov.

Tohir Usmonov "Grand media dizayn" reklama agentligi direktori

Avvalgi maqolamizda ham eslab o‘tganimizdek, tadbirkorlar ushbu masala yuzasidan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev huzuriga ham kirishgan. Poytaxt hokimi mahalliy hokimliklarga bunday buyruq berilmaganini, tadbirkorlar ichki ishlar xodimlarini chaqirib yoki prokuratura va sud orqali o‘z mulklarini himoya qilib olishlari mumkinligini aytgan.

Tadbirkorlar hokimiyat oldida

Lekin, «Solid Mass» MChJ xodimi Rafiq Ergashevning aytishicha, reklama konstruksiyalarini buzish uchun kelgan mahalliy hokimlik xodimlari bilan gaplashgan IIO xodimlari tadbirkorlarning o‘zlarini bo‘linmaga olib ketib qolgan.

Vaziyatga izoh bergan Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xodimiga ko‘ra, hokimlik faqat noqonuniy o‘rnatilgan reklama qurilmalarini olib tashlashni o‘tgan yildan boshlangan va bu tadbir hozir ham davom etyapti.

«Agar biror bir tadbirkor qo‘lida hamma kerakli xulosa va hujjatlari bo‘la turib, uning mulki buzib tashlanayotgan bo‘lsa, u albatta huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishi mumkin», dedi biz bilan suhbatlashgan hokimlik rasmiysi.

Lekin, vaziyatga izoh bergan Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmatiga ko‘ra, bu ishlar Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning tuman hokimlari va Toshkent shahar IIBBga yuborgan xati asosida tartibda solinmoqda.

Xatda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi 104-son qarori 2– bandining «ye» kichik bandiga muvofiq, qaror qabul qilingunga qadar qonuniy ravishda o‘rnatilgan barcha tashqi reklama obektlarini qaror talablariga moslashtirish uchun 6 oy muddat berilgani va shu muddatda belgilangan talablarga moslashtirilmagan reklama obektlari o‘rnatilgan tartibda olib tashlanishi (demontaj qilinishi) belgilangan.

Shahar hokimi o‘rinbosarining xatiga ko‘ra, 2020 yil 31 dekabrga qadar birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida joylashtirilgan tashqi reklama obektlarini yuqori texnologiyali qurilmalarga bosqichma-bosqich o‘zgartirish belgilangan.

«Shuningdek, qaror 8-bandining 2-xatboshisiga ko‘ra, tashqi reklama obektlarini quyidagi hollarda o‘rnatish taqiqlanadi:

  • avtomobil yo‘llarining ajratuvchi bo‘lagida;
  • yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan baland va (yoki) yotiq chizig‘i bilan belgilangan qismida;
  • trotuar va piyodalar yo‘lkalarida;
  • xavfsizlik orolchalarida.

Yuqoridagilarni inobatga olib, ilovada ko‘rsatilgan ro‘yxat asosida tegishli ishlarni o‘rnatilgan tartibda amalga oshirishingizni hamda qaror 8-bandining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan holatlarni tashqi reklama egalarini ogohlantirib, birgalikda bartaraf qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishingizni so‘rayman» – deyiladi xatda.

Bundan tashqari, vaziyatga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ham izoh bergan edi.

Agentlik, Toshkent shahrida joylashgan va xatlovdan o‘tkazilgan 6 630 ta tashqi reklama obektlarining 3 207 tasi (50%) qaror talablariga muvofiq emasligi aniqlangani, ularga kamchiliklarni bartaraf etish, qaror talablariga moslashtirish, moslashtirish imkoni bo‘lmagan taqdirda ixtiyoriy ravishda demontaj qilish yuzasidan tegishli tuman (shahar) hokimliklari tomonidan 571 ta (2034 ta konstruksiya bo‘yicha) ko‘rsatma xatlari berilganini ma'lum qilgan.

Lekin, Kun.uz bilan muloqot qilgan ko‘plab tadbirkorlar ularga hech qanday ko‘rsatma va ogohlantirish berilmagani, reklama bannerlaridan hech qanday kamchiliklar topilmaganini ta'kidlashgan.

Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlarining tadbirkorlar chaqiruvi asosida kelib, ularga yordam bermayotgani yuzasidan Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ham izoh bergan edi. IIBB vakili bunday holatda «har bir vaziyatga alohida yondashish» kerakligi, hokimlik va tadbirkorlar o‘rtasidagi masala fuqarolikka doir masala bo‘lishi yoki hech qanday jamoat tartibini buzish holati kuzatilmagan bo‘lishi ham mumkinligini istisno etmagan.

«Lekin, har qanday holatda ham tadbirkor o‘sha hududdagi ichki ishlar bo‘linmasi rahbari yoki prokuraturaga ariza bilan murojaat qilishi kerak. Shunda uning arizasi asosida ish o‘rganib chiqiladi», – degan IIBB rasmiysi.

Ko‘rib turganingizdek, hokimlik javobida ham, hokim o‘rinbosarining yuqoridagi xatida ham Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori chetlab o‘tilgan. Ya'ni tadbirkorlarning mulki sud tartibida, noqonuniy ekani isbotlangan holda emas, balki yarim kechasi, fuqarolarning qo‘lidagi hujjatiga qarab ham o‘tirmasdan buzib tashlanmoqda.

Tadbirkorlarning ma'lum qilishicha, ayni vaqtda ular qonuniy manfaatlarini himoya qilishni so‘rab, prezident xalq qabulxonasi, Bosh prokuratura, Ombudsman va Biznes ombudsman, Toshkent shahar hokimliklariga murojaat qilishgan.

Biznes-ombudsman matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, ayni vaqtda tadbirkorlar orasida keskin noroziliklarni keltirib chiqarayotgan mahalliy hokimiyat organlarining ushbu harakatlarining qonuniyligini Biznes-ombudsman devoni tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.

Shu bilan bir qatorda tadbirkorlar murojaat qilgan rasmiy idoralarning ham holatga izoh berishini kutib qolamiz.

Kun.uz voqealar rivojini yoritishda davom etadi.

Farrux Absattarov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid