Iqtisodiyot | 20:59 / 23.04.2021
26736
3 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar o‘simlik yog‘ini QQSdan vaqtincha ozod qilish haqida qonun qabul qilib, Senatga yubordi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi «Ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni ta'minlashning qo‘shimcha choralari to‘g‘risida» qonun qabul qildi.

Qonun pandemiya davom etayotgan davrda aholining asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojini ta'minlash va narx-navo o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan. Bu haqda deputat Farhod Zayniyev ma'lum qildi.

Qonun Senatda ma'qullanib, prezident tomonidan imzolansa, 2021 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar quyidagilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi:

  • O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish;
  • o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmalar.

Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga o‘zlari import qilgan kungaboqar yog‘i va kungaboqar urug‘larini qayta ishlash natijasida ishlab chiqarilgan o‘simlik yog‘ining 50 foizidan oshmagan qismini eksport qilishga ruxsat beriladi.

Davlat bojxona qo‘mitasi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan import qilingan kungaboqar yog‘i va kungaboqar urug‘larini qayta ishlashdan olingan o‘simlik yog‘i hajmiga nisbatan eksport shartnomalari doirasida amalga oshirilgan eksport hajmi 50 foizdan oshishiga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha nazorat o‘rnatadi.

Deputat Doniyor G‘aniyevga ko‘ra, qonun 1 maydan kuchga kirsa-da, uning e'lon qilinishi bozorga o‘z ta'sirini ertadanoq o‘tkazadi.

«Narxlar kamida 10 foiz, taxminan 2000 ming so‘m tushadi, deb prognoz qilinmoqda», – dedi G‘aniyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

  • Avvalroq, Kun.uz yilning 1-choragida kungaboqar yog‘i, aprel oyida esa paxta yog‘ining narxi keskin oshib ketgani borasida tahliliy maqolalar e'lon qilgandi.
  • Iqtisodchi Otabek Bakirov o‘simlik yog‘i narxi oshib ketmasligi uchun tezkor choralar ko‘rishga chaqirgan edi.

Mavzuga oid