O‘zbekiston | 13:02 / 24.04.2021
10164
8 daqiqa o‘qiladi

Aksilmonopol qo‘mita Toshkentdagi reklama obektlarini tartibga keltirishda taraflarni qonunlarga rioya qilishga chaqirdi

Toshkentda reklama bilbordlariga keng miqyosli «snos» e'lon qilinishi ortidan so‘nggi haftalarda yuzlab tashqi reklama obektlari mahalliy hokimiyatlar tomonidan hech qanday hujjatsiz buzib tashlanmoqda. Tadbirkorlar Vazirlar Mahkamasining «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida» 104-sonli qaroriga ko‘ra, hokimliklar bu ishlarni faqat sud tartibida amalga oshirish kerakligini aytmoqda.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent shahrida tashqi reklama qurilmalarining hokimliklar tomonidan hech qanday asos ko‘rsatmasdan buzib yuborilishi holatlari yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Qo‘mitaning ma'lum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida» 104-sonli qarori asosida barcha hududlarda, jumladan Toshkent shahridagi barcha tuman hokimliklarining qarorlariga asosan ishchi guruhlar tuzilgan. Ishchi guruh o‘tkazgan xatlov natijalariga ko‘ra, Toshkent shahrida joylashgan 6 630 ta konstruksiyaning 3 207 tasi yoki 50 foizga yaqinida kamchilik aniqlangan.

«Toshkent shahrida joylashgan va qaror talablariga nomuvofiq deb topilgan 3 207 ta tashqi reklama obektlarining 1 459 tasi yo‘l qatnov qismida joylashganligi, 124 tasida oraliq masofaga rioya qilmaganligi, 1 104 tasining egasi aniqlanmagan hamda 520 tasida boshqa kamchiliklar (avtomobil yo‘llarining ajratuvchi bo‘lagida, xususan, yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan baland va (yoki) yotiq chizig‘i bilan belgilangan qismida hamda trotuar va piyodalar yo‘lkalarida, xavfsizlik orolchalarida joylashgan va boshqalar) aniqlangan» – deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz bilan suhbatlashgan tadbirkorlar hokimiyatlar tomonidan tuzilgan va o‘rganish olib borgani aytilayotgan ishchi guruhlar ularga konstruksiyalardagi kamchiliklar haqida ma'lumot bermaganini ta'kidlashgan.

Shuningdek, qo‘mita bayonotida tashqi reklama obektlarini bosqichma-bosqich yuqori texnologiyali qurilmalarga (LED ekran) o‘zgartirish kerakligi aytilgan.

«Qarorga muvofiq 2020 yil 31 dekabrga qadar birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida hamda 2021 yil 31 dekabrga qadar ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida joylashtirilgan tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) yuqori texnologiyali qurilmalarga bosqichma-bosqich o‘zgartirish;

birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida faqat video ekranli va ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida aralash turdagi yuqori texnologiyali tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilishini nazarda tutish.

Bunda birinchi va ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida o‘rnatilgan tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) uchun reklama joylari pasporti mos ravishda mazkur bandning «v» kichik bandida ko‘rsatilgan muddatlargacha ruxsat beriladi hamda O‘rnatilgan tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) uchun to‘lovlar miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovada ko‘rsatib o‘tilgan bir martalik yig‘im undirilmaydi.

Tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) yuqori texnologiyali qurilmalarga o‘zgartirish ishlari belgilangan muddatlarda bajarilmagan taqdirda, bunday qurilmalar ularning egalari tomonidan o‘z kuchi bilan olib tashlanadi (demontaj qilinadi) va yer maydoni tartibga keltiriladi, aks holda qurilmalar sud tartibida tegishli hokimlik tomonidan demontaj qilinadi va barcha xarajatlar reklama obektlari (konstruksiyalari) egalaridan undiriladi».

Monopoliyaga qarshi kurashish agentligi va tadbirkorlar ta'kidlaganidek, tashqi reklama obektlari noqonuniy deb topilgan bo‘lsa ham ularni buzish masalasi sud tartibida hal etilishi kerak edi. Lekin, tadbirkorlarning mulklari yarim tunda, noqonuniy ekanligiga hech qanday hujjat va asos keltirilmasdan turib buzib tashlanmoqda.

Bundan tashqari, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qaror bilan tasdiqlangan tashqi reklama obektlarini qurish tartibi to‘g‘risidagi Nizom talablariga muvofiq konstruksiyalarni tartibga solish, ularga yer ajratish qurish va o‘rnatish bo‘yicha tegishli ruxsatnomalar berish hamda ushbu hujjatlarni bekor qilish bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklari vakolatli organ hisoblanishini eslatgan.

«Nizomning 94-bandiga asosan tashqi reklama obekti (konstruksiyasi) mazkur Nizom talablariga mos kelmagan holda joylashtirilgan bo‘lsa yoki tashqi reklama obektini (konstruksiyasini) mazkur Nizom talablariga moslashtirish imkoni mavjud bo‘lmagan taqdirda, vakolatli organning ko‘rsatmasiga asosan qonun hujjatlariga muvofiq tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun avval tuzilgan shartnomalar, berilgan pasportlar, guvohnomalar, sertifikatlar, ruxsatnomalar va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli qarorlariga asosan bekor qilinishi, tashqi reklama obekti (konstruksiyasi) egasi qarordan rozi bo‘lmagan taqdirda, sudga shikoyat qilinishi mumkinligi;

96-bandiga muvofiq ushbu Nizom talablariga javob bermaydigan tashqi reklama obekti (konstruksiyasi), shu jumladan qalbaki hujjatlardan foydalangan holda joylashtirilgan tashqi reklama pasporti, guvohnoma, ruxsatnoma va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlar bekor qilingan taqdirda tashqi reklama obekti (konstruksiyasi) qiymati qaytarilmasligi belgilangan» – deyiladi rasmiy bayonotda.

Lekin, tadbirkorlar aynan Toshkent shahridagi tuman hokimliklari o‘zlariga yuklatilgan ushbu vazifalarni bajarishmayotganini aytishgan. Ya'ni tadbirkorlarda oddiy konstruksiyali reklama obektlari va ularning pasportlari mavjud. Tadbirkorlar obektlarini «Led ekran»ga almashtirish uchun, uning pasportidagi ruxsatni ham «Led ekran»li obektga almashtirib berishini so‘rab tuman hokimiyatga qilgan murojaatlari besamar ketmoqda.

Shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent shahrida o‘rnatilgan tashqi reklama obektlarini tartibga keltirish jarayonida qatnashayotgan barcha ishtirokchilarni qat'iy ravishda «Reklama to‘g‘risida»gi qonun va «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida» 104-sonli qarori talablariga rioya qilishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda reklama bilbordlariga keng miqyosli «snos» e'lon qilinishi ortidan tadbirkorlarning tashqi reklama obektlari mahalliy hokimiyatlar tomonidan hech qanday hujjatsiz buzib tashlanayotgani haqida maqola e'lon qilgan edik.

Maqolada poytaxtdagi tashqi reklama biznesi egalarining o‘zlariga mulk huquqi bilan tegishli bo‘lgan, bahosi 300 million so‘mgacha turadigan 200 dan ortiq reklama konstruksiyalari noma'lum sabablarga ko‘ra buzib tashlanayotgani yoritilgan.

Shuningdek, ushbu harakatlardan jabr ko‘rgan tadbirkorlar o‘zlariga tegishli tashqi reklama obektlarini nega noqonuniy buzib yuborilmoqda deb hisoblashlarini aytib bergan.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati hokimlik faqat noqonuniy o‘rnatilgan reklama qurilmalarini olib tashlash o‘tgan yildan boshlangani va bu tadbir hozir ham davom etayotgani, agarda tadbirkorlarning qo‘lida hamma kerakli xulosa va hujjatlari bo‘la turib, uning mulki buzib tashlanayotgan bo‘lsa, u albatta huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishi mumkinligini aytgan.

Lekin, vaziyatga izoh bergan Chilonzor tumani hokimligi matbuot xizmati bu ishlar Toshkent shahar hokimi birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning tuman hokimlari va Toshkent shahar IIBBga yuborgan xati asosida tartibda solinayotganini bildirgan.

Tadbirkorlar ayni vaqtda ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishni so‘rab, prezident xalq qabulxonasi, Bosh prokuratura, Ombudsman va Biznes ombudsman, Toshkent shahar hokimliklariga murojaat qilishgan.

Biznes-ombudsman mahalliy hokimiyat organlari ushbu harakatlarining qonuniyligini Biznes-ombudsman devoni tomonidan o‘rganib chiqilayotganini ma'lum qilgan.

Kun.uz voqealar rivojini yoritishda davom etadi.

Mavzuga oid