O‘zbekiston | 18:27 / 26.04.2021
30774
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon va Surxondaryoda o‘t o‘chirish mashinalari odamlar ustiga xlorli suv sepib ketdi

Internetda FVV maxsus avtomashinalari (o‘t o‘chirish mashinalari) ko‘chalarda va bozor hududida odamlar va avtomobillar ustiga yuqori bosimda suyuqlik sepib o‘tayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Bu videolar ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining noroziliklariga sabab bo‘ldi.

Ma'lum bo‘lishicha, bu holatlar Andijon viloyatining Marhamat tumanida va Surxondaryo viloyatining Denov tumanida sodir bo‘lgan.

Andijon viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 25 aprel kuni Marhamat tumani markazidagi ko‘chalarda koronavirusga qarshi dezinfeksiya ishlari o‘tkazilgan. 

«Maxsus komissiya qaroriga muvofiq, odamlar ko‘p to‘planadigan ko‘chalar va undagi binolarga 0,4 foizli ABK aralashmasi va xlor moddasi sepilgan. Mazkur profilaktik tadbir koronavirus infeksiyasiga qarshi chora-tadbir sifatida o‘tkazilgan», deydi Andijon viloyati FVB matbuot xizmati vakili.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ham holat yuzasidan izoh berdi.

«Mazkur holat vazirlik tomonidan to‘liq nazoratga olinib, hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu vaziyat respublikamizning Andijon viloyati Marhamat hamda Surxondaryo viloyati Denov tumanlarida yuzaga kelgani ma'lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan hududlarda koronavirus infeksiyasining o‘chog‘i aniqlangan hamda virus tarqalishining oldini olish maqsadida, dezinfeksiya ishlari shoshilinch, tartibsiz holda amalga oshirilgan», deyiladi xabarda. 

Hodisa yuzasidan o‘rganish yakunlari bo‘yicha tegishli xodimlarga intizomiy ta'sir choralari ko‘rilishi ma'lum qilingan.

2020 yil avgustida ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahridagi ko‘chalar isiriq yordamida dezinfeksiya qilingani aks etgan video tarqalgandi.

Ma'lumot uchun, mutaxassislar dezinfeksiyani koronavirusga qarshi samarali deb hisoblashmaydi. 2020 yil sentyabrida O‘zbekiston hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asoslanib dezinfeksiya tunnellarini taqiqlagandi.

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Roziqova dezinfeksiya tunnellarining inson organizmiga zararli tomonlari haqida gapirib, davomiy ishlatilgan har bir kimyoviy modda inson organizmida allergik holatlarni keltirib chiqarishini qayd etgandi.

Mavzuga oid