O‘zbekiston | 15:06 / 26.04.2021
54690
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi birinchi xususiy aviakompaniyaning ilk samolyoti olib kelindi 

Bugun, 26 aprel kuni O‘zbekistondagi birinchi xususiy aviakompaniyaning ilk samolyoti olib kelindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: KUN.UZ

Camolyot 26 aprel kuni soat 14:20lar atrofida Toshkentga qo‘ndi.

Samolyotni kutib olishga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etayotgan bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovga ko‘ra, aviatsiya sohasida monopoliyaga barham berildi.

«Airbus A320 rusumli samolyot yetib keldi. Keyingi 20 kun davomida ikkinchisi ham yetib keladi va yil yakuniga qadar Airbus A330 rusumli ikkita samolyot yetib kelishi kutilmoqda. Yaqin bir-ikki yil davomida qo‘shimcha yana samolyotlar olinib, aviakompaniya parkida uchta Airbus A320 va uchta Airbus A330 samolyotlari mavjud bo‘ladi. Aviatsiya sohasida monopoliyaga barham berildi. Qanot Sharq O‘zbekistonda Uzbekistan Airways’ga birinchi raqobatbardosh aviakompaniya bo‘ladi», dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Avvalroq, O‘zbekistonning Qanot Sharq Airlines aviakompaniyasi ikkita Airbus A320-214 samolyotini O‘zbekistonda UK32030 va UK32031 raqamlari ostida ro‘yxatdan o‘tkazgani ma'lum bo‘lgandi.

Qanot Sharq Airlines hududiy aeroportlardan Istanbul, Anqara (Turkiya), Dubay (BAA), Jidda, Madina (Saudiya Arabistoni), Moskva, Sankt-Peterburg (Rossiya Federatsiyasi) va Almati (Qozog‘iston) yo‘nalishlarida aviaqatnovlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Kompaniya 1998 yilda ro‘yxatga olingan hamda yuk va yo‘lovchi aviatashuvlariga ixtisoslashgan. 2003 yildan 2012 yilgacha kompaniya «O‘zbekiston havo yo‘llari»dan IL-76 samolyotlarini ijaraga olgan va O‘zbekistondagi birinchi xususiy aviakompaniya o‘laroq o‘z charter reyslarini amalga oshirgan. Kompaniya 150 mingdan ortiq yo‘lovchi tashigan. Barcha IL-76 samolyotlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga o‘tkazilgach, kompaniyaning ekspluatantlik sertifikati to‘xtatilgan.


Mavzuga oid