O‘zbekiston | 18:01 / 27.04.2021
3416
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda qalbaki pullarni muomalaga kiritmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi  

Navoiy viloyatida qalbaki pulga savdo do‘konlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, fuqaro A.I. va uning 2 nafar sherigi Karmana tumanidagi 4 nafar tadbirkorning savdo do‘konlarida oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishgan. Ular tomonidan sotuvchilarga xarid uchun 4 dona 100 ming so‘mlik kupyuradagi qalbaki 400 ming so‘m berilgan. Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda A.I.ning yonida yana 1 dona 100 ming so‘mlik va 8 dona 50 ming so‘mlik kupyuradagi qalbaki pullar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Ekspertiza xulosasida, ushbu qalbaki pullar kompyuter texnikasi yordamida tayyorlanib, rangli printerda chop etilganligi qayd etilgan.

Mazkur holat yuzasidan A.I. va uning sheriklariga Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid