O‘zbekiston | 15:51 / 29.04.2021
36474
2 daqiqa o‘qiladi

Gulistonda tuman hokimi o‘rinbosari va «Chorvanasl» mutaxassisi ushlandi

Guliston tumani hokimining o‘rinbosari va uning sherigi firibgarlik jinoyati ustida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boshqarmalari tomonidan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida, “Chorvanasl” markazi Guliston tumani yetakchi mutaxassisi M.X. Guliston tumani hokimi o‘rinbosari B.S. bilan oldindan til biriktirib, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi fuqaro M.ni pora berishga dalolat qilib, unga tuman hokimi o‘rinbosari orqali kam ta'minlangan oilalar uchun “Yulduz” massivida qurilayotgan ko‘p qavatli arzonlashtirilgan uy-joylardan xonadon oluvchilar ro‘yxatiga kiritib qo‘yib uy olib berish evaziga firibgarlik yo‘li bilan 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shundan so‘ng, M.X.ning ko‘rsatuvlariga asosan tezkor tadbir davom ettirilganda, Guliston tuman hokimi o‘rinbosari B.S. xizmat mavqeyidan foydalanib, yuqoridagi masalada fuqaro M.ga yordam berish evaziga 400 AQSh dollarini M.X.dan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid