«Olmaliq KMK» mis ishlab chiqarish bo‘yicha MDHda uchinchi o‘rinda ekani ma'lum bo‘ldi
Bugun, 29 aprel kuni Milliy matbuot markazida «Olmaliq KMK» AJ axborot xizmati tomonidan «OKMKning eksport salohiyati» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Kombinat tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksporti borasida amalga oshirilayotgan ishlar, kombinat eksport salohiyati to‘g‘risida ma'lumot berildi.
«Olmaliq KMK» AJ Metallurgiya xomashyosi bilan ta'minlash va sotish boshqarmasi boshlig‘i Aziz Zokirov kombinatning asosiy eksport mahsuloti mis katodi va uning hajmi, jahon bozoriga eksporti haqida ma'lumotlarni ochiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kombinat yiliga 148 ming tonna mis ishlab chiqarmoqda, bu MDH davlatlari orasida 3-o‘rinni qayd etadi. Shuningdek, «Yoshlik» koni ishga tushishi bilan yuqoridagi raqamni yaqin yillarda 250 ming tonnaga yetkazish reja qilingan.
«Hozirgi paytda «Olmaliq KMK» AJda 18 turdagi yuqori likvidli mahsulot ishlab chiqarilmoqda va dunyoning 20dan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda.
Kombinatning asosiy mahsuloti mis hisoblanadi. Mis katodlari ishlab chiqarish hajmi yillik 148 ming tonnani tashkil qiladi, bu bilan korxona MDH doirasida qat'iy 3-o‘rinni egallab kelmoqda. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiya 973 ming tonna, Qozog‘iston esa 500 ming tonna mis ishlab chiqaradi.
Statistikaga qaralsa, 2005 yilga qadar mis narxi 1500-3000 dollargacha bo‘lib keldi. 2005 yil 3-choragidan boshlab esa jahon iqtisodiyoti, asosan Xitoyning o‘sishi bilan bog‘liq kotirovkalar jadal o‘sishini kuzatish mumkin.
Kombinat mahsulotlari eksportining asosiy qismi Turkiya hissasiga to‘g‘ri keladi, ya'ni 2020 yilda 501,3 mln dollarni tashkil qilgan. Shuningdek, eksport Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Bolgariya, Ozarboyjon, Qirg‘iziston, Ukraina, Polsha, Tojikiston, Indoneziya, Niderlandiya, Xitoy, Turkmaniston, Afg‘oniston kabi davlatlarni qamrab olgan.
Joriy yil 1-choragida 230,9 mln dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirildi, bu rejadagidan 62,5 foizga bajarilgan degani. Jumladan, mis – 22 497 tonna (179,8 mln dollar), rux – 13 981 tonna (37,1 mln. dollar), qo‘rg‘oshin – 5,4 mln dollarlik va boshqa mahsulotlar – 8,6 mln dollarga eksport qilingan.
Bundan tashqari, kombinat tomonidan nodir va qimmatbaho metallar ham eksport qilinmoqda. Jumladan, molibden, reniy, rux kuporosi, kadmiy, volfram, palladiy kukuni importyorlarga yetkazib berilmoqda.
Qulay kon'yunktura tufayli eksport bo‘yicha ko‘rsatkichlar birinchi chorakda 231 mln dollar yoki 162,5 foizga bajarilgan. Qo‘shilgan qiymatli mahsulot eksporti (mis quvurlar, mis katankasi) 35,5 mln dollarni tashkil qildi yoki 4,4 baravar ortdi.
Ishlab chiqarishni oshirish borasida yillik qazib olish hajmi taxminan 60 mln tonna bo‘lgan yangi «Yoshlik» konini o‘zlashtirish borasida ish olib borilmoqda. 2025-2026 yillar mobaynida mis ishlab chiqarish hajmi yiliga 148 ming tonnadan 250 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.
Kombinat 2021 yil uchun 734,5 million dollarlik eksport prognozini belgilagan, shundan mis – 85 ming tonna (481,3 mln dollar), rux – 55 ming tonna (137,5 mln dollar), qo‘rg‘oshin – 107,9 ming tonna (27,0 mln. dollar) va 88,7 mln dollar boshqa mahsulotlarni tashkil etadi», dedi kombinat vakili Aziz Zokirov.
Mavzuga oid
17:38
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
21:12 / 12.12.2024
MDH davlatlari havo hujumidan mudofaa birlashgan tizimini yaratadi
18:28 / 06.12.2024
Qirg‘izistondagi shaharda barcha jamoat joylari bepul Wi-Fi bilan ta’minlandi
16:39 / 26.11.2024